Qosimjonov Olimjon

Qosimjonov Olimjon (1878 – Toshkent — 1952) — naqqosh usta, Toshkent naqqoshligining yirik vakili. Hunarni usta Sheralixo’ja Hasanovdan o’rgangan; u bilan birga ishlab knyaz’ Romanov saroyi (hozirgi Tashqi ishlar vazirligi qabulxonasi), A.Polovtsev uyi (hozirgi Amaliy san’at muzeyi)ni bezashda qatnashgan. 1920-yillardan ko’pgina jamoat binolari (ayniqsa, 1923 yil 1-Butunittifoq qishloq xo’jalik va hunarmandlik ko’rgazmasi; 1938 yil Butunittifoq qishloq xo’jalik ko’rgazmasining O’zbekiston paviloni va boshqalar)ni bezagan. Toshkent badiiy o’quv ishlab chiqarish kombinatida naqqosh-instruktor bo’lib ko’plab shogirdlar (M. Qosimov, J. Hakimov, T. To’xtaxo’jaev va boshqalar) tayyorlagan. Qosimjonov naqsh mujassamotlarida ranglar uyg’unligidan mahorat bilan foydalanib jozibador bezaklar yaratgan; u bezagan xontaxta, kursi kabi badiiy buyumlar respublika va chet mamlakatlar muzeylarida saqlanadi.