Qosimov Mirjalol Qo’shoqovich

Qosimov Mirjalol Qo’shoqovich (1970.17.9, Toshkent) — futbolchi. O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan sportchi (1994), «O’zbekiston iftixori» (2002). Q. o’smirlar o’rtasida jahon (1987, Kanada), yoshlar o’rtasida Yevropa (1988, Chexoslovakiya) chempioni, O’zbekiston kubogi g’olibi (1993, 1997, 2002, 2003), O’zbekiston (1999, 2002, 2003), Rossiya (1995), Osiyo o’yinlari (1994, Xirosima) chempioni. Qosimov Toshkentning «Paxtakor» (1987-1991, 1993, 1997-1998, 2002-2004), Vladikavkazning «Alaniya» (1992, 1994-1996, 2004). Samaraning «Krilya Sovetov» (1999-2000), Dubayning «Al-Shabab» (2001), Muborakning «Mash’al» (2005 yildan) futbol klublarida o’ynagan. Qosimov uchrashuvlar paytida jamoaviy o’yin tashkil etish, to’pni sherigiga qulay tarzda uzatish, jarima va burchak to’plarini mahorat bilan darvozaga kiritish ustasi. Qosimov O’zbekiston jismoniy tarbiya instituti (1996) va Toshkent iqtisodiyot universiteti (1999)ni tugatgan. «Shuhrat» medali (1994), «fidokorona xizmatlari uchun» ordeni (2004) bilan mukofotlangan.