Qovun daraxti, papayya
Qovun daraxti, papayya — Papayyadoshlarga mansub doim yashil mevali daraxt. Afrika va Janubiy-Sharqiy Osiyoda ko’p tarqalgan. Balandligi 4-7 metr. Barglari yirik, panjasimon qirqilgan, 5-7 bo’lakli, uzun bandli. Shox-shabbasiz, tanasining uchida g’uj-g’uj o’rnashgan barglari soyabonga o’xshab osilib turadi. Gullari sarg’ish-oq, ikki jinsli. Mevasi sariq tusda, og’irligi 3-6 kilogramm, uzunligi 30 santimetr, qovunga o’xshaydi (nomi shundan). Qovun daraxti tez o’sadi, lekin uzoq yashamaydi, sovuqqa chidamsiz. Tropiklarda o’stiriladi. Mevasi iste’mol qilinadi. Undan Papain fermenti olinadi. Urug’idan ko’paytiriladi.