Qovun

Qovun— qovoqdoshlar oilasi bodring turkumiga mansub bir yillik o’t o’simliklar turi; poliz ekini. Ayrim hollarda mustaqil turkumga ajratiladi. Yovvoyi holda Janubiy-G’arbiy Osiyo va Afrikada uchraydi. Madaniy navlarining vatani — kichik va O’rta Osiyo (2 ming yildan beri ekiladi). Qovun Janubiy Yevropada, Osiyoning ko’pgina rayonlarida, shimoliy Amerika (AQSh) va boshqalarda yetishtiriladi. Markaziy Osiyoda Qovun ekiladigan maydoni jihatidan poliz ekinlari orasida 1-o’rinda turadi. Qovunning madaniy kenja turlari: O’rta Osiyo Qovuni, kichik Osiyo Qovuni, Yevropa Qovuni; yarim madaniy kenja turlari: ilonsimon Qovun, Xitoy Qovuni; yovvoyi hamda itqovunlar bor. Ildizi o’qildiz. uzunligi 1 metrgacha boradi. Palagi ingichka, yotib o’sadi. Juda ko’plab yon shoxlar chiqaradi. Barglari uzun bandli, palakda ketma-ket joylashgan. Gultoji sariq, odatda, besh tojbargli, otaliklari beshta, changdonlari ikki uyali, bir uyli, ayrim jinsli. Qovun mevasining shakli turlicha (yumaloq, ovalsimon, cho’zinchoq va boshqalar). Po’sti qalin (1,5—2 santimetr), o’rtacha (1 — 1,5 santimetr), yupqa (0,5— 1,4 santimetr), qattiq; eti juda yumshoq, yumshoq, kuvrak, sersuv, sershira, qumoq, ba’zilariniki tolali, rangi oq, qizil, sarg’ish, yashilroq. Urug’i oq, och sariq va sariq. 1000 dona urug’i vazni 30-45 gramm. Naviga qarab Qovun vaznida eti 63-84, po’sti 10-30. urug’i va urug’ tutarlari 3,1—7,7% ni tashkil etadi. Mevasi tarkibida 8-20% quruq modda, 18% qand (saxaroza), 0,1—0,7% kletchatka, 0,2—35,2 mg% S, RR vitaminlari, folat kislota, kaliy, natriy, kaltsiy, magniy, temir, fosfor, oltingugurt va boshqa mikroelementlar bor. Qovun issiqsevar, yorug’sevar o’simlik, qurg’oqchilikka va tuproq sho’rlanishiga chidamli. Jahonda eng yaxshi Qovunlar O’zbekistonda yetishtiriladi. Xalq selektsiyasida uning 150 dan ortiq navi yaratilgan. O’zbekiston sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik institutida ilmiy selektsiya asosida chiqarilgan va yaxshilangan 50 dan ortiq nav rayonlashtirilgan. O’zbekistonda ekiladigan qovun navlari to’rt botanik turga mansub: Handalak, amiri, kassaba va zard. Handalak turiga deyarli barcha ertapishar Qovun navlari — Ko’kcha, Handalak, sariq Handalak, Zamcha va boshqalar kiradi. Amiri turiga barcha yozda pishadigan Qovun navlari — Davlatboy, Toshloqi, Dahbedi, kassaba turiga Bo’rikalla, Gurvak, zard turiga qishki Qovun navlari (umrboqiy, Ko’ybosh, gulobi) va boshqalar kiradi. Urug’i tuproq harorati 14— 15° ga yetganda una boshlaydi (13° dan past haroratda urug’chiriydi). Ekilgandan keyin 5-7 kunda maysa unib chiqadi. Qovunning ertapishar, o’rtapishar, kechpishar navlari bor. Ertapishar navlari 55-65, o’rtapisharlari 67-70, kechpishar navlari 80— 90 kunda yetiladi. Qovun yangiligida yeyiladi, qoqi solinadi. Shinni, murabbolar qilinadi. Tibbiyotda bod, belangi, sil, kamqonlik, ziqnafas, Jigar va buyrak kasalliklarini davolashda tavsiya etiladi. Sepkil, dog’va boshdagi qazg’oqni yo’qotishda foyda qiladi. Xalq tabobatida podagra (niqriz) ga davo, peshob haydovchi, qabziyatdan xoli qiluvchi, asabni tinchlantiruvchi omil sifatida qo’llaniladi. Qovun O’zbekistonda 3 muddatda: ertapishar navlari 10-30 apr.da, o’rtapishar navlari 20 aprel — 15 mayda, kechpishar navlari 10— 30 mayda, pushta kengligi 2,8 — 3 metr, tuplar oralig’i 70×90 santimetr qilib, dorilab 2-3 kun ivitilgan urug’lar 3-4 tadan 3-6 santimetr chuqurlikka (ayrim xo’jaliklarda xanjuvar qilinib) ekiladi. Chopiq paytida yagana qilib bittadan o’simlik qoldiriladi. O’suv davrida qator oralari 2-3 marta yumshatiladi (chopiq qilinadi). Tuproq sharoitiga qarab 5-6 marta sug’oriladi. Hosildorligi 250-300 ts/ga. O’zbekistonda Qovunning 36 dan ortiq navi rayonlashtirilib, davlat reestriga kiritilgan (2004). Eng ko’p ekiladigan navlari: Oqurug’, Asati, Bo’rikalla, Ko’ktinna, Ko’kcha, Cho’gari, Qizilurug’, mahalliy sariq Handalak, Obi novvot, Shakarpalak va boshqalar. Erta hosil olish uchun issiqxonalarda yoki ochiq dalada plyonka ostida ko’chatidan ekib etishtiriladi. Zararkunandalari: poliz biti, o’rgimchakkana, qovun pashshasi, ko’k qurt tunlami va boshqalar. Kasalliklari: oqpalak, qovun bakteriozi, makrosporioz va b. Ad.: O’zbekiston qovunlari, T., 1962; Ermoxin V.N., Karimov A.K., O’zbekiston qovunlari, T., 1969; Ostonaqulov T.E., Sabzavot ekinlari biologiyasi va o’stirish texnologiyasi, T., 1997; Bo’riev X.Ch.. Ashurmatov O.A., Poliz ekinlari biologiyasi va etishtirish texnologiyasi. T.. 2001; Hakimov R.A., Hakimov A.S.. Toshmuhamedov A., Sabzavot va poliz ekinlari urug’chiligi, T., 2003. Abdulaziz Abbosov.