Qo’y

Qo’y — quvushshoxlilar oilasi qo’ylar turkumiga mansub juft tuyoqli, kavsh qaytaruvchi uy hayvoni. Qo’y bundan 8 ming yil avval xonakilashtirilgan. Uning ajdodi yovvoyi qo’ylar (muflonlar, arxar, arkallar) hisoblanadi. Mavjud kalta dumli qo’y zotlari muflonlardan, uzun dumli qo’y zotlari va yog’li dumli Qorako’l qo’ylari arxarlardan, dumbali (hisori, jaydari va shu kabilar) qo’ylar arkallardan kelib chiqqan. Qo’y asrlar mobaynida inson hayotida muhim oziq-ovqat mahsuloti (go’shti, yog’i), kiyim-kechak (teri, juni) va boshqalar sifatida katta rol o’ynagan. Tanasining balandligi 55-100 santimetr, uzunligi 60-100 santimetr. Ko’pgina zotlarda qo’chqorlari yaxshi rivojlangan burama shoxli, sovliqlari shoxsiz yoki kalta shoxli. Tumshug’i to’g’ri, uchi ingichkaroq lablari yupqa, serharakat, kurak tishlari o’tkir, oyoqlari baquvvat. Voyaga yetgan Qo’ylarda 32 tish bo’ladi. Tusi oq, qora, malla va ko’k. Mayin junli, yarim mayin junli va dag’al junli, kalta dumli (10-12 umurtqali), uzun dumli (20-22 umurtqali), dumli va dumbali Qo’ylarga bo’linadi. Qo’ylar 14-15 yil yashaydi. Xo’jalikda 6 — 8 yil foydalaniladi. 5-7 oyligida jinsiy yetiladi. 15-18 oyligida qochirishga qo’yiladi. Bo’g’ozlik davri 145-155 kun. Ko’pgina Q.lardan bittadan, ayrimlaridan 2 tadan, romanov zotli qo’ylardan 5 va undan ortiq qo’zi olinadi. Qo’zilar 2-6 kilogramm tug’iladi. 2-4 yoshida o’sishdan to’xtaydi. Mayin junli Qo’yning jun qoplami diametri o’rtacha 18-25 mkm bo’lgan bir xildagi tivit tolalaridan, dag’al junli Qo’ylarning jun qoplami diametri 100-200 mkm bo’lgan aralash dag’al tolalardan iborat. Mayin junli q.ning jun tolasi uzunligi 6-10 santimetrdan uzunroq, yarim mayin junli Qo’ylarda 10-20 santimetr va dag’al junli Qo’ylarda 10-15 santimetr. Mayin junli Qo’ydan yiliga o’rtacha 5-6, yarim mayin junli Qo’ydan 3-6 va dag’al junli Qo’ylardan 1-4 kilogramm jun olinadi. Mayin junli va yarim mayin junli Qo’ylarning juni yiliga bir marta, dag’al junli Qo’ylarniki 2 marta — bahorda va kuzda qirqiladi. Qo’chqorlarining og’irligi 60-180, sovliqlariniki 35-110 kilogramm. So’yim chiqimi 45-60%. Qo’ylar tabiiy va mahalliy sharoitlarni hamda Qo’y zotlarining o’ziga xos biologik xususiyatlarini hisobga olgan holda yaylovda (10-11 oy), yaylovda-qo’lda, qo’lda-yaylovda va qo’lda boqiladi. O’rta Osiyo xalqlari qadimdan Qo’ylarni go’shti, yog’i, terisi va suti uchun boqadi. Uzoq asrlar mobaynida O’zbekistonda xalq selektsiyasida hisori qo’y zoti, Qorako’l qo’y zoti va olimlar va chorvadorlar hamkorligida olib borilgan selektsiya — naslchilik ishlari natijasida bu zotning bir qancha zavod tiplari yaratildi. Dunyodagi barcha mamlakatlarda 250 dan ortiq turli yo’nalishga mansub qo’y zotlari urchitilib ko’paytirilmoqda. Ulardan — askaniya qo’y zoti, degeres qo’yi, merinoslar, prekos, RAM-bule, romanov qo’y zoti, saraji qo’y zoti, Tojikiston qo’y zoti, edilboy qo’y zoti kabi zotlar go’sht, jun yo’nalishidagi eng sermahsul zotlar hisoblanadi. O’zbekistonda, asosan, Qorako’l qo’y zoti, dumbali hisori qo’y zoti va dumbali jaydari qo’ylar boqiladi. Qo’ylar yaylovda boqilganda kuniga 8— 10 kilogramm o’t iste’mol qiladi. Dag’al ozuqalar (pichan, silos) va boshqalarni yaxshi hazm qiladi. Yozda cho’l sharoitida ikki marta, qishda kunora sug’oriladi. Abdusattor Amirov.