Qo’ychilik

Qo’ychilik — chorvachilikning qo’ylarni urchitish bilan shug’ullanadigan tarmog’i. Oziq-ovqat mahsulotlari (go’sht, yog’, sut) va yengil sanoatga qimmatli xom ashyo (jun, teri, mo’yna) yetkazib beradi. Qo’y juni xalq xo’jaligi uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Qo’y junidan gazmol, trikotaj buyumlar, gilam va hokazolar terisidan po’stin, mo’ynasidan turli kiyim-kechaklar tikiladi, go’shti oqsil va yoga boy to’yimli mahsulot, sutidan pishloq, brinza va boshqalar tayyorlanadi. Qo’ychilik olinadigan mahsulotga qarab go’sht-yog’, go’sht-jun va go’sht-jun-sut, ular o’z navbatida, mayin junli, yarim mayin junli, dag’al junli, yarim dag’al junli, mo’ynali, po’stin-bop yo’nalishlarga bo’linadi. O’rta Osiyo va Qozog’istonda qorako’lchilik va go’sht-yog’ yo’nalishidagi Qo’ychilik rivojlangan. Qo’y xonakilashtirilgandan boshlab odamlar undan olinadigan xom ashyo va go’sht mahsulotlaridan foydalana boshladilar. Inson faoliyati natijasida qad. kammahsul dag’al junli qo’ylar yaxshilangan va mahsuldorligi oshirilgan. Miloddan bir necha ming yil oldin kichik Osiyoda birinchi mayin junli qo’ylar, O’rta Osiyoda esa Qorako’l qo’y zotlari paydo bo’ldi. Qo’ychilik chorvachilikdagi mustaqil tarmoq sifatida, asosan, cho’l va dasht, tog’li hududlarda qo’ychi boylarning xususiy xo’jaliklarida olib borilgan. 20-asrning 20-yillaridan boshlab O’zbekistonda Qo’ychilikka alohida tarmoq sifatida e’tibor berila boshlandi. Yirik davlat va jamoa Qo’ychilik xo’jaliklari, keyinchalik ixtisoslashgan naslchilik yo’nalishidagi xo’jaliklar (naslchilik zavodlari) tashkil etildi. 30-yillardan jamoa va davlat xo’jaliklari (kolxozlar va sovxozlar)da Qo’ychilik fermalari tashkil etildi. Sobiq Ittifoqning boshqa hududlaridan mayin junli qo’y (merinoslar) keltirildi. Mayin junli Qo’ychilikni rivojlantirish, kammahsul qo’ylarni mahsuldor qo’y zotlari bilan chatishtirish, qo’ylarni sun’iy urug’lantirishning yangi usullarini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish ishlari olib borildi, qo’ylarni boqish va asrash sharoitlari yaxshilandi. Veterinariya xizmati ko’rsatish tizimi tashkil etildi. Natijada podalarning zot tarkibi yaxshilandi, qo’y tuyog’i soni ko’paydi, qo’ylarning mahsuldorligi oshdi, Qo’ychilikda mayin junli va o’rtacha mayin junli qo’ylar salmog’i ortdi, bosh soni ko’paydi. Respublikada 1923 yilda barcha zotdagi qo’ylar bosh soni 3,1 million bo’lsa, 80-yillar boshiga kelib, ularning soni 8,9 million boshga, shu jumladan, Qorako’l qo’ylari 5,3 million boshga yetdi. O’zbekistonda qo’ylar, asosan, yaylovda boqiladi (ob-havo sharoiti noqulay hollarda qo’shimcha oziqlantiriladi). Go’shtga topshiriladigan Qorako’l qo’ylarni yaxshi semirtirish uchun kuzda ularning suruvlari tuziladi. Bo’rdoqiga boqiladigan qo’ylarga shulxa, kunjara yoki tert beriladi. 70-80 kunda qo’ylar yaxshi semiradi va go’shtga topshiriladi. 90-yillar boshidan Qo’ychilikda chuqur iqtisodiy islohotlar amalga oshirildi. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993 yil 15 martdagi «Respublika chorvachiligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish chora-tadbirlari to’g’risida»gi qaroriga muvofiq barcha jamoa xo’jaligi Qo’ychilik fermalari xususiylashtirildi va fermer xo’jaliklari barpo etildi. Qo’ychilikka ixtisoslashgan davlat xo’jaliklari (zavodlari) jamoa (shirkat) xo’jaliklariga aylantirildi. 1998 yil iyunda qorako’lchilikda ishlab chiqarish va savdo masalalari bilan shug’ullanadigan va respublikada barcha qorako’lchilik shirkat xo’jaliklarini va hududiy viloyat birlashmalarini o’z ichiga olgan «O’zbek qorako’li» kompaniyasi tashkil etildi. Respublika Qo’ychilikda dag’al jun va go’sht-yog’ beruvchi hisori va jaydari qo’y zotlari asosiy o’rinni egallaydi. Hisori qo’ylar, asosan, tog’va tog’oldi mintaqalarida (Surxondaryo, Qashqadaryo va Jizzax viloyatlari) boqiladi. Xonadon xo’jaliklarida boqiladigan jami qo’ylarning deyarli yarmini jaydari qo’ylar tashkil qiladi. Bu zotlar Qoraqalpog’iston Respublikasi, Buxoro va Navoiy viloyatlarida ko’p tarqalgan. Yarim dag’al jun olinadigan saraja, Olay va Tojikiston qo’y zotlari, asosan, Farg’ona va Toshkent viloyatlaridagi tog’, tog’oldi yaylovlariga yaxshi moslashgan. Qo’ychilikka oid ilmiy tadqiqot ishlari chorvachilik instituti, qorako’lchilik va cho’l ekologiyasi institutit olib boriladi. Qo’ychilik jahondagi ko’pgina mamlakatlarda rivojlangan. Dunyo bo’yicha 1068669 ming bosh qo’y boqildi, 497,6 million bosh qo’y so’yildi va 7,4 million tonna qo’y go’shti ishlab chiqarildi (1999). Jahon mamlakatlarida urchitilayotgan qo’ylarning deyarli yarmi Avstraliya, Yangi Zelandiya, Hindiston, Turkiya, Janubiy Afrika Respublikasiga to’g’ri keladi. Qo’ylarning bosh soni bo’yicha (million bosh) Xitoy birinchi o’rinda turadi (127,1), Avstraliya (119,6), Hindiston (57,6), Yangi Zelandiya (46,1), Sudan (42,5), Pokiston (31,3), Turkiya (30,2), Afg’oniston (14,3)da ham Qo’ychilik mamlakat qishloq xo’jaligida muhim o’rinni egallaydi. Fayoz Jaqsimov.