Qozon sobori

Qozon sobori – Sankt- Peterburgdagi me’moriy yodgorlik (1801 — 11); klassisizm uslubida qurilgan (me’mori A.N.Voronixin). Yarim aylana shaklidagi bino Neva Prospektiga qaragan. Markazida 6 ustunli peshtoq, ulkan gumbazli, 2 yon tomonlari hajmdor ustunlar qatori bilan o’ralgan bino salobatli maydon hosil qilgan. Sobor Neva prospektidagi ansambllar tarkibiga kiradi. Bosh tarzi oldidagi kichik maydon cho’yan panjara bilan o’ralgan. Intereri ulug’vor ustunli zal — saroy yechimiga ega; bosh nefning uzunligi 69 metr, umumiy balandligi 62 metr. Haykaltaroshlik bezaklari I.P.Martos, I.P.Prokofev, F.F.Shchedrin va boshqalar tomonidan bajarilgan; devoriy rasmlar va ikonalarni yaratishda V.L.Borovikovskiy, A.E.Egorov va boshqalar qatnashgan. Binoga 1812 yil Vatan urushida qo’lga kiritilgan harbiy o’ljalar (Yevropaning 17 shahar va 8 qal’si kalitlari, 105 ta bayroq va boshqalar) joylashtirilgan. 1813 yilda soborga M.I. Kutuzov dafn etilgan. 1837 yil sobor oldiga M.I. Kutuzov va M.B. Barklay de Tolli haykallari o’rnatilgan (bronza, granit; haykaltarosh B.I.Orlovskiy, me’mor V.P.Stasov).