Qrim konferentsiyasi

Qrim konferentsiyasi (1945), Yalta konferentsiyasi — 2-jahon urushi davrida 3 ittifoqchi davlat boshliqlari: I.V.Stalin (SSSR), F.D.Ruzvelt (AQSh) va u.Cherchill (Buyuk Britaniya), tashqi ishlar vazirlari, shtab boshliqlari va boshqa maslahatchilar ishtirokida (1945 yil 4-11 Fevral) bo’lib o’tgan konferentsiya. Unda ittifoqchi davlatlarning harbiy rejalari aniqlab va kelishib olingan, urushdan keyin mustahkam tinchlikni va xalqaro xavfsizlik tizimini barpo etishga qaratilgan ittifoqchilar siyosatining asosiy printsiplari belgilangan. Qrim konferentsiyasi qatnashchilari german militarizmi va natsizmni tugatish to’g’risidagi maqsadlarini bildirganlar; 3 davlat (shuningdek, rozi bo’lsa, Frantsiya)ning Germaniyada okkupasiya zonasini va ittifoqdosh davlatlarning umumgerman nazorat organini tuzish, urush jinoyatchilarini Odil jazoga tortish, nasistlar partiyasini taqiqlash, Germaniyadan tovon undirib olish, BMTni tuzish va boshqalar haqida qaror qabul qilingan. SSSR muayyan shartlar asosida, Yevropada urush tugagandan 2-3 oy keyin Yaponiyaga qarshi urushga kirishga rozilik bergan.