Qrim-tatar tili

Qrim-tatar tili – turkiy tillarning qipchoq guruhiga mansub til. Asosan, O’zbekiston va Ukrainaning bir qator hududlarida, qisman Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston, Gruziya, Ozarbayjon, Ruminiya va Turkiyada tarqalgan. So’zlashuvchilarning umumiy soni 800 ming kishiga yaqin (1990-yillar oxiri). Qrim-tatar tili tarixan tipologik jihatdan bir tekis rivojlanmagan. Unda 3 ta: shimol (dasht), o’rta va Janubiy lahjalar mavjud bo’lib, ularning birinchisi no’g’ay tiliga, uchinchisi o’g’uz tillariga yaqin turadi. Lahjaviy farqlar fonetika, morfologiya va leksika sohalarida kuzatiladi. Fonetik xususiyatlari sifatida lab va tanglay ohangdoshligining 2-bo’g’inga ta’siri, 2-darajali cho’ziq unlilarning mavjudligi, ba’zan so’z boshidagi va oxiridagi h undoshining tushib qolishi (ava<hava, saba<Sabah, «tong») va b.ni ko’rsatish mumkin. Kishilik olmoshlarining qaratqich kelishigidagi 1-shaxs birlik va ko’plik «mening, bizning» shakllarining «menim, bizim» tarzida qo’llanishi va boshqalar. Qrim-tatar tilining morfologik belgilaridandir. Leksikasida shu tilning o’zigagina xos bo’lgan «Balaban» (katta), «qo’ranta» (oila) kabi so’zlar bilan bir qatorda Arab, fors, grek, italyan tillaridan o’zlashgan so’zlar ham ko’pchilikni tashkil etadi. 20-asrgacha bo’lgan adabiy Qrim-tatar tili Oltin O’rda turkiy adabiy tilidan kelib chiqqan va unda Qrim xonlarining ko’plab farmon va yorliqlari saqlanib qolgan. Eng qadimgi yozma yodgorligi 13-asrga mansub. 19-asrdan adabiy til bir necha marta isloh qilingan va so’zlashuv tiliga yaqinlashtirilgan. Hozirgi adabiy til o’tgan asrning 20-yillarida o’rta lahja asosida shakllangan. 1929 yilgacha Arab grafikasi, keyinchalik lotin grafikasi asosidagi yozuvdan foydalanilgan, 1938 yildan esa rus grafikasiga asoslangan yozuv joriy etilgan. Ad.: Baskakov N.A., Vvedenie v izuchenie tyurkskix Yazikov, 2-izd., M., 1969: Memetov A., Istochniki formirovaniya leksiki kr1mskotatarskogo yazika. T., 1988.