Quljuqtov

Quljuqtov — Navoiy viloyatidagi tog’. Qizilqumdagi qoldiq tog’lardan biri, Janubiy Qizilqumning chekka qismida. Quljuqtov nisbatan past tog’ bo’lib, eng baland joyi 785 metr. Geologik jihatdan Quljuqtov paleozoy davrining ordovik vulkanogen terrigen va qisman, karbonat jinslaridan hamda silur, devon, quyi karbon davrlarining karbonatli, o’rta va yuqori karbonning vulkanogen-terrigen yotqiziqlaridan tashkil topgan. Yuza qismi paleozoy davrining granit, alevrolit kabi jinslari bilan qoplangan. Iqlimi keskin kontinental. Quljuqtov quruq va issiq iqlim sharoitida ekzogen jarayonlarga ko’proq duch kelgan, natijada yemirilib pasayib qolgan. Uning shimoliy yon bag’ri qiya va ko’plab quruq o’zanlar bilan kesilgan. Bahorda bu o’zandan qisqa muddat suv oqadi. Iyulda eng yuqori temperatura 48°, yanvarda eng past temperatura -28,5°. Yillik o’rtacha temperatura 15,2°. Yillik yog’in 104 mm. Foydali qazilmalardan oltin, grafit, volfram va boshqalar bor. Tog’ etaklarida qumloq tuproq va mustahkamlangan qum uyumlari mavjud. Shuvoq, boyalich, soy etaklarida esa yulg’un uchraydi. Hayvonlardan qo’shoyoq, tulki, chiyabo’ri, kaltakesak, toshbaqa, charx ilon, ko’zoynakli ilon, tog’etaklarida yumronqoziq yashaydi. Quljuqtov va uning etagidagi yerlardan chorvachilik uchun yaylov sifatida foydalaniladi.