Qulupnay, yertut

Qulupnay, yertut — ra’noguldoshlar oilasiga mansub ko’p yillik o’tsimon o’simliklar turkumi; rezavor ekin. Yevrosiyo va Amerikada 50 turi ma’lum. Asosan bog’ Qulupnay, turi, shuningdek: o’rmon Qulupnayi, muskat ta’mli Qulupnay, Virginiya Qulupnayi va Chili Qulupnayi. — Q.ning birinchi navlari 18-asrda Niderlandiyada paydo bo’lgan. 2 Amerika turi — Virginiya va Chili Qulupnayi Yevropaga olib kelingan. Qulupnay Yer sharining turli iqlimli mintaqalarida — Qutb doirasidan to subtropiklargacha o’stiriladi. O’zbekistonda ko’proq bog’ Qulupnayi turi ekiladi. Ildizi popuk ildiz. Tupi o’rtacha shoxlangan, bo’yi 10 santimetrgacha. Barglari yuraksimon, gullari qalqonsimon to’pgulga yig’ilgan. 2 jinsli oq yoki oqish-sariq, o’zidan changlanadi. May-iyunda pishadi. Mevasi to’q qizil, ba’zan naviga qarab oq (oqpar), 3-5 grammdan 20-40 grammgacha. Tarkibida 80— 90% suv, 7-11% qand, 0,8—1,6% kislota, 1 — 1,7% Pektin, 0,9—1,2% azotli moddalar, shuningdek, kletchatka, kul, A, V, S vitaminlari va boshqalar bor. Yangiligida yeyiladi, kompot, murabbo qilinadi, sharbat tayyorlanadi. Qulupnay namtalab, yorug’sevar (soya joyda hosil bermaydi), sovuqqa chidamsiz o’simlik. Bir yerda 4— 5 yil o’stiriladi. 3 yilgacha yaxshi hosil beradi. Hosildorligi 80-100 ts/ga. Asosan, iyul—avgustda ildiz otib, barg yozgan gajaklari qator orasi 80 santimetr, tup orasi 25 santimetr yoki 70×70 santimetr sxemada ko’chat qilib ekiladi (kuzda va bahorda ham ekish mumkin, bunda kechroq hosilga kiradi). Yaxshi ko’chat ikki yillik qulupnayzordan olinadi. qulupnayzor bahorda, o’suv davrida mahalliy va mineral o’g’itlar bilan oziqlantiriladi, qator oralari yumshatiladi, sug’oriladi. O’zbekistonda Qulupnayning Zenga-Zengana, Kulver, Dilbar, Muto, Toshkent, Shreder xotirasi, O’zbekiston navlari ekiladi. Asosiy zararkunandalari: qulupnay kanasi, malina va qulupnay uzunburuni. Kasalliklari: qulupnay nema-todasi, kulrang chirish, oq-qo’ng’ir dog’lanish.