Qumdaryo, Qalqamasoy
Qumdaryo, Qalqamasoy — Qashqadaryo viloyatining shimolidagi daryo. Uzunligi 103 kilometr, havzasining maydoni 866 km2. Zarafshon tizmasi g’arbiy tarmoqlarining Janubiy yon bag’irlarida, 1880 metr balandlikdan boshlanadi. Chambil qishlog’idan quyida (boshlanishidan 26 kilometrda) suvi sug’orishga sarflanadi va Dautosh qishlog’idan quyiroqda (boshlanishidan 35 kilometrda) suluk qishlog’igacha (boshlanishidan 60 kilometrda) qurib qoladi. Undan pastroqda, 43 kilometr masofa davomida quruq o’zan sifatida kuzatiladi. Asosiy irmoqlari: G’ovkanasoy, Quruqsoy, Langar (barchasi o’ng qirgoqdan). Qor, qisman yomg’ir suvlaridan to’yinadi. To’linsuv davri yanvar — mayda bo’lib o’tadi. O’rtacha ko’p yillik suv sarfi Chambil qishlog’i yonida 2,05 m3/sekund. O’rtacha yillik suv sarfi 6,08 m3/sekunddan (ko’p suvli yilda) 0,750 m3/sekundgacha (kam suvli yilda) o’zgaradi. Eng ko’p suv sarfi 105 m3/sekundgacha mart — aprelda, eng kam suv sarfi 0,42 m3/sekunddan o’zanni qurib qolishigacha iyul— dekabrda kuzatiladi.