Qumloq sustkashi
Qumloq sustkashi — qora qo’ng’izlar oilasiga mansub hasharot. Old yelkaning yon qirralari o’tkir, barmoqlari oddiy tirnoqli. Rivojlanish tsikli bir-ikki yil davom etadi. Qo’ng’izlari 4 yilgacha yashaydi. Qo’ng’iz va lichinka holida qishlaydi. Qo’ng’izlari bahorda har xil o’simliklar, jumladan, g’o’za, makkajo’xori, qand lavlagi nihollari va boshqa chopiktalab ekinlar poyasi, bargi hamda urug’pallalarini kemirib, zarar yetkazadi. Bularning yashashi va oziqlanishi uchun o’zlashtirilmagan yerlar, yaxshi ishlov berilmagan ekinlar juda qulay. Har yili tuproqqa 500 tacha tuxum qo’yadi. Lichinkasi boshqa qora qo’ng’izlarniki kabi soxta simqurtlar bo’lib, rivojlanishi ikki oy davom etadi. Tuproqda g’umbakka aylanadi. G’umbaklik davri 2-3 hafta. Qumloq sustkashi — qurukliksevar hasharot. Shuning uchun qurg’oqchilik yillari juda ko’payib, katta zarar keltiradi. Sernam tuproq ular rivojiga yomon ta’sir etadi. Kurash choralari: tuproqni yumshatish, o’z vaqtida sug’orish; xlorofos yoki boshqa insektisidlar bilan zaharlangan xo’raklar sepish.