Qurama tizmasi

Qurama tizmasi, Qurama tog’lari (Qurama qabilasi nomidan) — Tyanshan tog’ sistemasining g’arbidagi tog’ tizmasi, Tojikiston bilan O’zbekiston respublikalari chegarasida. Janubi- g’arbda Tojikiston Respublikasidagi Bo’ston shahridan boshlanib, shimoliy- sharqqa 170 kilometr davom etadi va Kengsoz dovoni yaqinida Chatqol tizmasiga tutashadi. Farg’ona vodiysini shimoli-g’arbdan o’rab turadi. Ohangaron bilan Sirdaryo daryolari havzalari orasidagi suvayirg’ich. O’rtacha balandligi 2500— 3000 metr. Eng baland joyi 3769 metr (Boboiob cho’qqisi). Tizma Kamchiq dovonidan Janubi-G’arb tomonga pasayib boradi. G’arbda — Oltintopgan va Qalqonota tizmalariga bo’linadi. Bu tizmalar oralig’ida Sardobsoy vodiysi joylashgan. Tizmalar silur va devon davrlarining slanes, ohaktosh, granit, dolomit, granodiorit, konglomerat, porfir, qumtosh kabi metamorfik va otqindi tog’jinslaridan tashkil topgan. Yon bag’irlarida mezokaynozoy davrlari lyosslari, lyossimon yotqiziqlari mavjud. Ohaktoshlar va dolomitlarda karst relef shakllari (karrlar, karst voronka va g’orlari) tarqalgan, mezo-kaynozoy tog’jinslarida surilmalar sodir bo’lib turadi. Sardobsoyning yuqori oqimidan Sharqda Qurama tizmasi ko’proq toshko’mir va Perm davrlarining effuziv va intruziv jinslaridan tuzilgan. Tizma foydali qazilmalarga boy. Bu yerda toshko’mir, kumush, flyuorit, qo’rgoshin, mis, oltin, rux va boshqa polimetall rudalar konlari topilgan. Qurama tizmasi yon bag’irlaridan juda ko’p katta-kichik jilg’a va soylar, jumladan, shimoliy-g’arbiy yon bag’ridan Ohangaron daryosining chap irmoqlari oqib tushadi. Qurama tizmasining Janubiy-g’arbiy va quyi qismlarida iqlim kontinental. Shimoliy- Sharqiy va baland qismlarida iqlim mo’tadillashadi, yog’ingarchilik miqdori ortadi. Tizmaning shimoliy-g’arbiy yon bag’ri nisbatan sernam. Har ikkala yon bag’rida ham adir mintaqasida to’q tusli bo’z tuproqlarda efemer va efemeroid o’simliklar, chunonchi bug’doyiq, yuqoriroqda kserofit butalar, undan yuqorida jigarrang tog’tuproqlarda yirik archa o’rmonlari, yovvoyi olma va yong’oq (shimoliy yon bag’rida), betaga o’sadi. 2800-3000 metr va undan baland joylarida tog’yaylovlari uchraydi. Murod Mamatquyuv.