Qurilish materiallari

Qurilish materiallari – binolar (inshootlar) qurish va ta’mirlashda ishlatiladigan tabiiy va sun’iy ashyolar hamda buyumlar. Umumiy ishlarga mo’ljallangan (masalan, tsement, beton, yog’och materiallar) va maxsus (masalan, akustika materiallari, issiklik izolyatsiya materiallari, o’tga chidamli materiallar) xillari bor. Texnologik va ekspluatatsiya alomatlariga ko’ra quyidagi asosiy guruhlarga bo’linadi. Tabiiy tosh materiallar — mexanik ishlov beriladigan tog’ jinslari (qoplama plitalar, chaqiq tosh, shag’al va boshqalar). Keramik materiallar va buyumlar — tuproqli xom ashyolardan qoliplash, pishirish yo’li bilan tayyorlanadi. Anorganik bog’lovchi moddalar — suv bilan aralashganda plastic bo’tqaga, keyin toshsimon holatga aylanadigan kukunsimon materiallar (tsement, gips, ohak va boshqalar). Beton va qorishmalar — bog’lovchi moddalar, suv va to’ldirgichlar aralashmasidan olinadigan, ma’lum fizik-mexanik va kimyoviy xossalarga ega bo’lgan tabiiy tosh materiallar. Yirik o’lchamli yig’ma konstruktsiyalar va buyumlar tayyorlashda yengil betonlar ishlatiladi. Konstruktiv elementlarning egilish va cho’zilishga mustahkamligini oshirish uchun beton po’lat armaturalar bilan birgalikda tayyorlanadi. Metallardan qurilishda, asosan, po’lat prokatlar ishlatiladi. Po’latdan armaturalar, bino karkaslari (sinchlari), quvurlar, trubo-provodlar, yopma materiallar va boshqalar tayyorlanadi. Shu bilan birga alyuminiy qotishmalaridan ham foydalaniladi. Issiqlik izolyatsiya materiallari (mineral paxta, penobeton, asbest, penoshisha, fibrolit va boshqalar) bino, inshoot, sanoat jihozlarining o’raladigan konstruktsiyalari uchun, quvurlarning issiqlik izolyatsiyasi uchun ishlatiladi. Organik bog’lovchi moddalar va gidroizolyatsiya materiallari — bitumlar, ruberoid, tol, asfalt-beton va boshqalar. Polimeryalar sintetik polimerlar asosida tayyorlanadigan materiallarning katta guruhi kiradi. Ular pollarga to’shashda (linoleum, relin va boshqalar), konstruktsion va pardozlash materiallari (shisha-plastlar, bezak plyonkalar), issiqlik va tovush izolyasiya materiallari (penoplasshlar, shishaplastlar) sifatida ishlatiladi. Lok va bo’yoqlar — bo’yaladigan konstruktsiya sirtida bezak va himoya qoplamasi hosil qiladi. Ular organik va anorganik bog’lovchi moddalar asosida tayyorlanadi. Bulardan tashqari Qurilish materiallariga shisha (oyna) va plastmassalar ham kiradi. O’zbekistonda Qurilish materiallaridan sog’tuproq, Tsement, alebastr, ganch, qum, shag’al, marmar va yog’och mavjud. Qurilish materiallari uchun O’zbekiston Respublikasi standartlarida jami 120 tadan ko’p standart qabul qilingan (2005 yilgacha). Ad.: Stroitelnne Materialm [Pod obshey Red. V.G.Mikulskogo], M., 2000; Qosimov E., Qurilish ashyolari, T., 2004.