Qurilish qorishmalari

Qurilish qorishmalari – bog’lovchi aralashmalar (tsement, alebastr va boshqalar) ga suv, mayda to’ldirgichlar (shag’al, chaqiq tosh, toshqol va boshqalar) qo’shib tayyorlanadigan qurilish materiallari. Bir xil bog’lovchi ishlatilgan Qurilish qorishmalari oddiy, 2-3 xil bog’lovchi aralashma (tsement, ohak va boshqalar) ishlatilgani murakkab Qurilish qorishmalari deyiladi. To’ldirgichlarning hajmiy og’irligiga qarab, yengil va og’ir turlarga bo’linadi. Yengil Qurilish qorishmalari uchun engil g’ovakli materiallar (turli shlaklar, keramzit, agloporit va boshqalar) ishlatiladi. Og’ir Qurilish qorishmalari uchun tabiiy va tog’minerallarini maydalab olingan to’ldirgichlar ishlatiladi. Og’ir Qurilish qorishmalarining hajmiy og’irligi 1500–2500 kg/sm3 (quruq holda), yengiliniki 1500 kg/m3 dan kam. Qurilish qorishmalari devorbop (g’isht va terilgan tosh, yirik panel, bloklar choklarini to’ldirishga mo’ljallangan), pardozbop (har xil suvoqlar uchun) va maxsus (gidroizolyatsiya, akustika, rentgen nurlaridan himoya qilish uchun mo’ljallangan) xillarga; siqilishga mustahkamligiga qarab, 4 dan 300 gacha 9 markaga bo’linadi. Qurilish qorishmalarining fizik-kimyoviy xossalarini yaxshilash maqsadida ularning tarkibiga 0,1—0,25% har xil qo’shilmalar — kul, ohak, shlak, sovun, polimer smolalar va boshqalar qo’shiladi. Qurilish qorishmalari zavodlarda yoki qurilishning o’zida qorgichlarda tayyorlanadi. Qurilish qorishmalari qurilishga tayyor holda va ishlatishdan oldin suv qo’shiladigan quruq aralashma holida maxsus avtomashinalarda yoki quvurlar orqali nasoslar yordamida keltiriladi.