Qurol-yarog’lar
Qurol-yarog’lar — dushmanning jonli kuchlarini, texnikasini safdan chiqarish va inshootlarini vayron qilish uchun mo’ljallangan qurilma va vositalarning umumiy nomi. Ibtidoiy jamoa davrida ov va mudofaa ehtiyojlari uchun dastlabki qurollar: so’yil (yo’g’on tayoq), cho’qmor tosh, o’tkir uchli yog’och nayza (keyinchalik temir uch qadalgan), sopqon va nayza uloqtirish moslamasi paydo bo’ldi. Mezolit davrida kamon; neolit davrida Toshbolta, to’qmoq, xanjar yasay boshlandi. Temir ishlatish rasm bo’lgach (miloddan avvalgi 1-ming yillik boshi) tig’li qurollar — qilich va nayzalar tayyorlana boshladi. Qadimgi sharq davlatlari qo’shinlarida zalvor tosh va g’o’lalarni irg’ituvchi moslama (katapulta, manjaniq va boshqalar) keng qo’llangan. Porox kashf etilgach, o’tsochar qurollar yasaldi (masalan, ilk o’tsochar qurol — modfani 12-asrda arablar yaratishgan). Keyinchalik (14-, 15-va 16-asrlarda) pilta miltiq, to’pponcha, artilleriya zambaraklari paydo bo’ldi. 19-asr o’rtalaridan o’yiq stvolli artilleriya, karabin miltiqlar, minalar, torpedalar yaratildi. 19-asr oxirlari va 20-asr boshlarida avtomat qurollar (pulemyot va boshqalar) paydo bo’ldi. 20-asr 10-yillarida aviasiya bombalari yaratildi, kimyoviy qurol va olov purkovchi (ognemyot)lar rasm bo’ldi. 20-asr 30-yillari oxiridan reaktiv snaryadlar yaratildi. 1945 yil avgust oyida AQSh qurolli kuchlari Yaponiyaga qarshi yadro quroli qo’lladi. Qurol-yarog’lar keyingi paytlarda sifat jihatidan takomillashtirib borildi. Qurol-yarog’lar vazifasi, tuzilishi, qo’llanish ko’lami va boshqa alomatlari bo’yicha farqlanadi. Vazifasiga ko’ra, individual (yakka tartibdagi) va yalpi qirg’in qurollariga; tuzilishiga ko’ra, oddiy (mexanik) va avtomatik qurollarga; qo’llanish ko’lamiga ko’ra, strategik, operativ-taktik va taktik qurollarga bo’linadi va hokazolar. Hozirgi Qurol-yarog’larning turlari: tig’li va o’tsochar qurollar, raketa quroli, reaktiv qurol, minalar, torpedalar, yadro quroli, kimyoviy qurol, bakteriologik qurol. Tig’li qurollar—pichoq, qilich, xanjar, miltiq shtigi, nayza; o’tochar qurollar — to’pponcha, miltiq, pulemyot, to’p, reaktiv artilleriya (masalan, «Katyusha»). Vayronlik keltirish ko’lamiga ko’ra, yadro, kimyoviy va bakteriologik Qurol-yarog’lar ommaviy (yalpi) qirg’in qurollari hisoblanadi, boshqa Qurol-yarog’larlarning barchasi oddiy qurollar jumlasiga kiradi. Qurol-yarog’larning qo’zg’almas asosga o’rnatilgan muqim (ba’zi raketa komplekslari turi, qirg’oq va Kazemat arterilleriya to’plari va boshqalar); harakatlanuvchi asosga o’rnatilgan muqim (aviatsiya, tank Qurol-yarog’larlari), o’ziyurar (to’plar, raketa komplekslari va boshqalar); shatakka olib yuriladigan (artilleriya to’plari, minometlar), transportga ortiladigan, individual va guruh uchun mo’ljallangan xillari bor. Artilleriya o’qlari, snaryadlar, raketa va torpedalarning jangovar qismlari, aviatsiya va suv osti bombalari, granatalar, minalar, fugaslar, yadro qurollari va boshqa o’q-dorilar deb ataladi. Qurol-yarog’lar ishlatishda aviatsiya, tank, jangovar kemalar, eltuvchi raketalardan foydalaniladi. kelgusida shu maqsadda yerning sun’iy yo’ldoshlaridan foydalanish loyihasi ham mavjud.