Qutb kuni

Qutb kuni – yerning shimoliy qutb doirasidan shimolroqda va Janubiy qutb doirasidan janubroqda bo’lgan sohalardagi kun. Bir sutkadan ortiq davom etadi. Bahorgi teng kunlik (21 yoki 22 mart), ya’ni Quyoshning og’ishi 5=0° ga teng bo’lganda yerning shimoliy qutb doirasida Quyosh chiqadi, Qutb kuni boshlanadi va u kuzgi teng kunlikkacha (21 yoki 22 sentabr) davom etadi. Janubiy qutb doirasi ichidagi Qutb kunilari, aksincha, kuzgi teng kunlikdan bahorgi teng kunlikkacha davom etadi. Quyoshning og’ishi orta borishi bilan shimoliy qutb atrofidagi Qutb kunili sohalar ko’lami ham ortib boradi. Soha Shimoliy qutbdan qancha uzoqda bo’lsa, Qutb kuni shuncha kech boshlanadi va kunning uzunligi shuncha kam bo’ladi. Qutblarda Qutb kuni yarim yil davom etadi. Shimoliy yarim sharda Quyoshning og’ishi maksimal (5=+23°27′) bo’lganda, ya’ni Quyoshning yozgi turish kunlari (21 yoki 22 iyun) Qutb kuni uzunligi ham maksimal bo’ladi va Quyosh shu kuni botmaydi. Haqiqatda yuqorida aytilgan hodisa birmuncha boshqacharoq kuzatiladi: 1) Quyoshning chiqishi uning ko’rinma gardishi markaziga nisbatan emas, balki gardishning yuqori chegarasi ko’rinishi bilan aniqlanadi; 2) yer atmosferasi refraktsiyasining ta’sirida Quyosh haqiqiy chiqqan vaqtidan oldin chiqadi va haqiqiy botish vaqtidan keyin botadi; 3) Quyoshning og’ishi kun davomida o’zgarib boradi. Bularning hammasi yerning ikkala yarim sharida sutkalarning yorug’ qismlarini uzaytiradi va qorong’i qismlarini qisqartiradi. Abvusalom Latipov.