Qutbiddin Oyboq

Qutbiddin Oyboq – Dehli sultonligining asoschisi va 1-hukmdori (1206-10). O’rtaosiyolik turkiylardan, o’tmishda G’ulom bo’lgan. G’ur hokimi Shahobiddin G’uriy (Muhammadshoh) saroyida yuqori mansablarni egallagan. 1192 yil Qutbiddin Oyboq Shahobiddin G’uriyning Hindistonga qilgan yurishida qatnashgan va shimoliy Hindistondagi bir qancha knyazliklar (hokimliklar) tor-mor qilingach, G’ur hukmdorining Hindistondagi mulklari noibi etib tayinlangan. Shahobiddin vafotidan so’ng o’zini mustaqil hukmdor — sulton deb e’lon qilgan (1206). Davlat poytaxtlari — Lohur, so’ngra Dehli bo’lgan. Shahobiddinning Hindiston va Afg’oniston hududidagi boshqa g’ulomlari, shuningdek, hind rojalari bilan urushlar olib borgan. Uning davrida Dehli va Ajmirda bunyod etilgan masjidlar hind-musulmon me’morligining buyuk yodgorliklari hisoblanadi.