Quyi Chirchiq tumani

Quyi Chirchiq tumani – Toshkentning viloyatidagi tuman. 1926 yil 29 sentabrda tashkil etilgan. 1962 yil dekabrda Oqqo’rg’on tumaniga qo’shib yuborilgan. 1973 yil dekabrda qayta tashkil qilingan, 1978 — 91 yillarda G’alaba tumani deb atalgan. Shimolda Chinoz va Yangiyo’l, Sharqda O’rta Chirchiq, Janubda Oqqo’rg’on tumanlari, g’arbdan Sirdaryo orqali Sirdaryo viloyati bilan chegaradosh. Maydoni 0,56 ming km2. Aholisi 96 ming kishi (2005). Tumanda 1 shahar (Do’stobod), 9 qishloq fuqarolari yig’ini (gul, Istiqlol, Ketmontepa, mayontol, Toshloq, Toshovul, Yangihayot, O’zbekiston, Qo’rg’oncha) bor. Markazi — Do’stobod shahri. Tabiati. Tuman hududi Chirchiq va Ohangaron daryolari quyi oqimlari oralig’ida joylashgan. Yer yuzasi, asosan, yassi tekislik, sharqdan g’arbga tomon pasayib boradi. Iqlimi kontinental, qishi nisbatan yumshoq, yozi uzoq davom etadi, issiq va quruq. Yanvarning o’rtacha temperaturasi — G dan -1,5° gacha, iyulniki 26— 27°. Yiliga 250-350 mm yog’in tushadi. Vegetatsiya davri 200 — 212 kun. Sug’orish kanallari o’tkazilgan. Tuprog’i, asosan, bo’z tuproq. Grunt suvlari yer yuzasiga yaqin yerlarda o’tloqi va o’tloqi botqoq tuproqlar, Daryo sohillarida allyuvial tuproqtar tarqalgan. Yerlar qishloq xo’jaligida o’zlashtirilganidan tabiiy o’simliklar kam. Sirdaryo bo’ylarida ba’zan to’qaylar uchraydi. Yulg’un, Turang’il, yovvoyi jiyda va boshqalar o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan tulki, yumronqoziq, qo’shoyoq, ko’rsichqon, toshbaqa, kaltakesak, to’qaylarda chiyabo’ri, yovvoyi quyon, qushlardan o’rdak, qirg’ovul, chumchuq, loyxo’rak va boshqalar uchraydi. Suvlarida suv kalamushi, baqa, suv iloni, baliqlar bor. Aholisi, asosan, o’zbeklar, shuningdek, koreys, rus, tatar, qozoq va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 km2 ga 171 kishi. Shahar aholisi 13,6 ming kishi, qishloq aholisi 82,4 ming kishi. Xo’jaligi. Tumanda 240 ga yaqin xususiy, 180 kichik korxona va boshqalar bor. Shulardan yiriklari: paxta tozalash zavodi, baliqchilik xo’jaligi, «Nissi» qo’shma korxonasi (sholi mahsuloti yetishtirishga ixtisoslashgan), avtokorxona va boshqalar. Qishloq xo’jaligida paxtachilik, g’allachilik yetakchi o’rinda. Pilla ham yetishtiriladi. Tumandagi 11 shirkat xo’jaligidan 8 tasi paxta va g’alla, bittasi sholi yetishtirishga, bittasi bog’dorchilikka ixtisoslashgan. 387 fermer, 160 dehqon xo’jaligi faoliyat ko’rsatadi. Qishloq xo’jalik yerlariga paxta, g’alla, sholi, kanop, sabzavot, kartoshka, ozuqa ekinlari ekiladi. Bog’lar va tokzorlar mavjud. Tumandagi jamoa va shaxsiy xo’jaliklarida 23 ming qoramol (shu jumladan, 11,5 ming sigir), 6,9 ming’qo’y va echki bor, shuningdek, parranda, yilqi ham boqiladi. 2004/05 o’quv yilida tumanda 51 umumiy ta’lim maktabi (22,2 ming o’quvchi), 2 kasb-hunar kolleji (520 o’quvchi) faoliyat ko’rsatdi. 19 kutubxona, 16 klub muassasasi, 5 stadion, sport maydonchalari va boshqa sport inshootlari bor. 2 kasalxona (240 o’rin), tug’ruqxona, 2 poliklinika, 15 feldsher-akusherlik punkti, 16 qishloq-vrachlik punkti va boshqa tibbiy muassasalarda 116 vrach, 688 o’rta va kichik tibbiy xodim aholiga xizmat ko’rsatadi. Tuman hududini sharqdan Toshkent — Angren temir yo’l liniyasi kesib o’tgan. Toshkent — Do’stobod, Toshkent — Oqqo’rgon avtomobil yo’llari ham tuman hududidan o’tgan. Tuman markazida xotira maydoni barpo etilgan. 1927 yildan «Erkin so’z» tuman gazetasi chop etiladi (adadi 1620).