Quyosh

Quyosh – Yer bog’liqligi – Quyosh faolligining erdagi jarayonlarga ta’siri. Quyosh tarqatayotgan energiya (3,9-1038 erg/sek)ning atigi 5-10-10 qismi yerga yetib keladi va u yerdagi deyarli barcha jarayonlarning energiya manbai hisoblanadi. Quyoshning rentgen, ultrabinafsha to’lqinlarda nurlanishi yer ionosferasini vujudga keltiradi, korpuskulyar (zarra) nurlanishi, ya’ni Quyosh shamoli Yer magnitosferasi dinamikasini belgilaydi. Quyoshning umumiy nurlanishi o’zgarishlari 1% dan oshmaydi. Bu esa Yerning issiqlik muvozanati turg’unligini ta’minlaydi. Lekin yerdagi barcha hodisalarga Quyoshdan doimiy keladigan energiyadan tashqari, Quyosh faolligi bilan bog’liq bo’lgan elektro-magnit va korpuskulyar o’zgarishlar ham ta’sir etadi. Bu o’zgarishlar, asosan, rentgen, ultrabinafsha va radioto’lqinlarda kuzatilib, Quyosh faolligining 11 yillik davri va Quyoshning o’z o’qi atrofida aylanish davri bo’lgan 27 kunlik davriyliklarda seziladi. Quyosh chaqnashlari vaqtida sokin quyosh nurlanishiga nisbatan rentgen to’lqinlarda nurlanishi 100 marta, ultrabinafsha to’lqinlarda 50% dan kuchliroq bo’ladi, radioto’lqinlarda nurlanishi esa turli chayqalishlardan iborat. Quyosh chaqnashlari Quyosh kosmik nurlari manbai bo’lib, unda chiqarib tashlangan zarralar oqimlari quyosh shamolida uzilishlar va zarba to’lqinlarini vujudga keltiradi. Quyosh chaqnashlarining rentgen, ultrabinafsha to’lqinlarda nurlanish va kosmik nurlari yerga 8-30 minuyda yetib keladi va ionosferani qo’shimcha ionlashtiradi, natijada yer atmosferasida radioto’lqinlarining tarqalish sharoiti o’zgaradi. Masalan, shu paytlarda radioto’lqinlarning yutilishi yuz beradi, quyosh chaqnashlari chiqarib tashlangan zarralar oqimi yerga 1-2 kunda yetib kelib, magnit bo’ronlari va qutb yog’dulari hosil qiladi. Quyosh faolligi yer atmosferasining pastki qatlamlari (ob-havo va iqlim) va biosferaga bevosita emas, balki juda murakkab yo’llar orqali ta’sir qiladi, chunki quyosh elektromagnit va korpuskulyar nurlanishida u bilan bog’langan chekinishlar yer atmosferasining yuqori qatlamlarida yutilib, pastki qatlamgacha to’g’ridan-to’g’ri yetib kelmaydi. Keyingi ma’lumotlarga ko’ra, yer atmosferasining yuqori va pastki qatlamlaridagi sharoit bir-biriga bog’liq bo’lib, Quyosh faolligining troposferaga ta’siri to’g’risida tegishli ma’lumotlar olinyapti. Masalan, qutblari atroflarida troposfera holatining Quyosh faolligi bilan bog’liqligi isbotlangan. Quyosh faolligining biosferaga ta’sirini geliobiologiya fani, fizik jarayonlarga ta’sirini esa geliogeofizika fani o’rganadi. Shuningdek, daraxtlardagi yillik halqalarning ortishi, qon (yig’ilishi, leykoiitlar soni va boshqalarlar) xususiyatlari, yurak-qon tomirlari kasalliklari va ularning oqibatlari quyosh aktivligiga bog’liqligi aniqlangan.