Radikulit

Radikulit (lotincha radicula — ildizcha) — orqa miyaning nerv ildizlari va ulardan ketadigan nerv tolalari kasalligi. Periferik nerv sistemasining eng kup tarqalgan xastaligi. Ko’pincha umurtqa pog’onasi kasalligi (osteoxondroz) sabab bo’ladi. Bunda amortizasiya rolini o’ynaydigan umurtqalararo disk elastikligini yo’qotib, mo’rt bo’lib qoladi. Diski o’zgargan umurtqaning birikkan yerida tuz yig’ilib, suyak o’sishi (osteofitlar) kuzatiladi. O’sib chiqqan suyak o’siqchalari umurtqa orasidan o’tadigan nerv ildizchalarini qisishi natijasida og’riq paydo bo’ladi. Radikulit jarohatlar oqibatida, sovqotish (masalan, uzoq vaqt muzday suvda yuvinish, zax joyda o’tirish va boshqalar), organizm ichdan zaharlanganda, yuqumli kasalliklar asorati sifatida ro’y berishi mumkin. Zararlangan nerv ildizchalari va nerv tolalari bo’ylab og’riq paydo bo’lishi va sezuvchanlikning yo’qolishi, ba’zan harakat buzilishi ham Radikulitga xos alomatlardan hisoblanadi. Radikulit, odatda, birdaniga paydo bo’lib, ko’p hollarda surunkali shaklga o’tadi va vaqt-vaqti bilan qo’zib turadi. Nerv tolalarining qaysi qismi zararlanganligiga qarab, Radikulit har xil bo’ladi. Eng ko’p tarqalgan xili beldumg’aza Radikulitidir. Bunda beldumg’aza sohasida hamda quymich nervi bo’ylab har xil og’riq paydo bo’ladi. Og’riq qimirlagan paytda kuchayadi, shuning uchun bemor birdaniga qimirlay olmaydi, yurganida esa tanasini oldinga yoki yonga egib oladi, natijada umurtqa pog’onasining qiyshayishi, orqa muskullarining taranglashishi kuzatiladi. Bemor og’riqni kamaytirish uchun o’rinda oyog’ini bukib, qorniga tortib yotadi. Agar faqat bel nervi ildizchalari zararlansa, og’riq son yuzasida bo’ladi. Quymich nervi chiqadigan dumg’aza bo’limi ildizchalari ko’proq zararlanishi bilan o’tadigan beldumg’aza Radikuliti ishias deb ham yuritiladi. Ishiasda og’riq kuymich nervi bo’ylab (dumba, sonning orqa yuzasi, boldir, oyoq panjasiga) tarqaladi. Oyoq sovqotadi, uvushadi, chumoli yurgandek seziladi. Kasal oyoqning muskullari tonusi pasayadi va «so’lib» qolganga o’xshaydi, keyinchalik atrofida uchraydi. Quymich nervining tortilishi (odam engashganda, oyoq ko’tarilganda va boshqa vaziyatlarda) og’riqning zo’rayishiga olib keladi. Bo’yin-yelka Radikulitida og’riq ensaga, yelkaga, kurakka tarqaladi. Boshni qimirlatganda va atrofga qarab qiyshaytirilganda, qo’l qimirlatilganda, aksirganda, yo’talganda og’riq zo’rayadi. Kasallikning og’ir shakllarida qo’l uvushadi, lovullab achishadi va sanchadi, keyinchalik sezish ham o’zgara borib, sekinasta muskullar kuchsizlanib «ozadi» (atrofiya). Ko’krak Radikuliti kam uchraydi. Bunda og’riq qovurg’alar oralig’ida bo’ladi va qimirlaganda, chuqur nafas olganda zo’rayadi. Radikulit bilan og’rigan bemorni nevropatologvrach davolaydi. Davo Radikulitni keltirib chiqargan sabablarni bartaraf etishga qaratiladi. Radikulitning oldini olishda davo gimnastikasi, fizkultura va har xil sport turlari bilan shug’ullanish (organizmni chiniqtirish) katta ahamiyatga ega.