Rag’a

Rag’a — tokning yuqumli zamburug’li kasalligi. Tokning yosh novdalari, barglari, sho’ra va uzumlarini zararlaydi. Novda, barglarda har xil kattalikda kulrang g’uborlar paydo bo’ladi, keyinchalik g’uborlar jigarrang tus oladi, so’ngra bir-biri bilan qo’shilib, qorayadi. Kasallik erta muddatda avj olganda kasal uzumlar so’liydi, kech muddatda avj olganda esa yoriladi, g’ujumlar kattalashmay qotib qoladi, chiriydi, badbo’y hid chiqaradi. Kasallik tok yaxshi parvarish qilinmaganda, mayda madanglar va bachki novdalar ko’payib ketganda, xomtok o’z vaqtida o’tkazilmaganda, o’suv davrida tokzor tez-tez va bostirib sug’orilganda avj oladi. Yog’ingarchilik ko’p bo’lgan yillari ayniqsa keng tarqaladi. Kurash choralari: tokni kesish davrida madanglar va kurtaklar sonini har tup tokning kuchiga qarab qoldirish; zang va novdalarni simbag’az yoki ishkomga tarashda quyosh nurining yaxshi tushishi va yaxshi shamollaydigan bo’lishiga e’tibor berish. Kuzda tokni ko’mishdan oldin yoki erta ko’klamda kurtaklar yozilguncha 5% li ohakoltingugurt kaynatmasi yoki 2% li nitrafen eritmasi purkaladi. O’suv davrida oltingugurt va ohak kukuni yoki o’tin kuli aralashmasi changitiladi. Kasallik avj olganda 5% li ohakoltingugurt qaynatmasi yoki 0,01— 0,05% li kaliy permanganat eritmasi, 1% li Bordo suyukligi purkaladi va boshqalar. Sulton Alimuhmedov.