Rahimov Mirzohid

Rahimov Mirzohid (1946.30.9, Toshkent) — diktor. O’zbekiston xalq artisti (2000). O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan madaniyat xodimi (1992). Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini tugatgan (1971). 1964 yildan O’zbekiston teleradiokompaniyasida rejissyor yordamchisi, rejissyor assistenti, 1967 yildan diktor. Rahimovning diktorlikka nutqi, ovozi, qobiliyati kuchli bo’lib, yoqimli ovozi, ravon nutqi, matnni kuchli ehtiros bilan va ma’nodor qilib o’qishi tomoshabinga kuchli ta’sir etadi. U, asosan, muhim siyosiy hujjatlar, farmonlar, bayramlarda Respublika Prezidentining xalqqa qilgan murojaat va tabriklarini, matbuotda chiqadigan ma’ruzalarini, tantanali xabarlarni mahorat bilan o’qiydi. Shuningdek, «nazm va navo», «yakshanba oqshomi» ko’rsatuvlarini, mumtoz shoirlarning g’azallarini me’yoriga yetkazib olib boradi va o’qiydi. Rahimov telefilm, kinoxronika va «O’zbekfilm»da filmlarga ovoz bergan.