Rahmatullayev Sirojiddin Rixsitillayevich

Rahmatullayev Sirojiddin Rixsitillayevich (1953.1.2, Toshkent viloyati hozirgi Zangiota tumani) — yog’och o’ymakori, O’zbekiston xalq ustasi (2003). Benkov nomidagi respublika rassomlik bilim yurtini tugatgan (1978). 1978 yildan «Usto» birlashmasida usta; ish faoliyatini Ortiq Fayzullayev ijodiy guruhida boshlagan. Rahmatullayev xalq amaliy san’ati an’analarida lagan, lavh, quticha va boshqa badiiy buyumlar yaratdi, respublika va xorijdagi ko’plab ma’muriy, madaniy binolar intererlarini bezadi. Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Turkiston saroyi, O’zbek milliy akademik drama teatri va boshqa binolar uchun mahorat bilan tayyorlagan eshiklari va naqshlari diqqatga sazovor. Rahmatullayev asarlari respublika va xorijiy ko’rgazmalarda yuksak baholangan.