Rangli musiqa mavjudmi?

Siz, qanday fikrdasiz, deylik, fortepianodan «qizil akkord»ni undirish yoki nayda «sabzarang ohang»ni chalish mumkinmi? Javobi oddiygina emas, garchi dunyoda hali qandaydir bo’yoqqa bo’yalmish tovushlar uchratilmagan bo’lsa-da. Vaholanki, ingliz kompozitori va dirijyori Artur Bliss o’z zamonasida «rangli simfoniya»ni bastalagan, uning sho’balarini «pushtirang», «qizil», «zangori» va «sabzarang» deya atagan edi. Demak, u har holda rangli musiqa yaratgan va uning rangini ko’rmoq mumkin ekan-da? Biz, tag’in to’g’ridan-to’g’ri javobdan tiyilamiz. «Ko’rish»ga kelsak, — bu, ehtimol, his etish esa… Ayni muammo Vagner, Rimskiy-Korsakov, Skryabin singari buyuk kompozitorlarning diqqat-e’tiborini band etib keldi. Musiqa ularga ko’pincha u yoki bu tusga chulg’angan holatda namoyon bo’lgan. Masalan, Rimsiy-Korsakov nazdida bir ohangdoshlik — mi-bemol major dengiz to’lqinlari rangidek, boshqasi — re-bemol — oltin ranglidek bo’lib tuyulgan. O’zining so’nggi asarlaridan biri — «Prometey» simfonik dostonida — daho Skryabin musiqaning ranglar bilan qovushuvi haqidagi orzusini ro’yobga chiqarishga urinib ko’rgan. Ikkinchi bir nomi «Otash dostoni» bu musiqa asari gulxan kabi ulg’ayib boradi: pastgina olisha boshlashdan tortib gurullab yonishga qadar. O’z niyatini amalga oshirishda dirijyorga yordam bergan Skryabin dostonning birinchi sahifasida «g’ira-shira», oxirgisida esa «ko’zni qamashtiruvchi porloqlik bilan» qabilidagi qayd-tavsiyalarni yozib qo’ygandi. Afsuski, u musiqa bilan rangni birlashtirishning uddasidan chiqa olmadi: o’sha kezlarda kompozitor orzu qilgani singari zalni goh bir, goho boshqa rang bilan chulg’ashga imkon beradigan bahuvvat apparaturalar hali mavjud emasdi. Rost, oradan ellik yil o’tib, hozirgi kunda muhandislar va mug’aynniylar bu niyatni ro’yobga chiqarishga urinib ko’rishdi. Hosil bo’lgan natijani yuz foizli muvaffaqiyat deb atash qiyin. Gap faqat texnikadagina emasdi-da. Chunki, mabodo Skryabinning o’ziga u yoki bu sadolar muayyan rangga chulg’angan holatda namoyon bo’lgan esa-da, aynan shu narsa «Prometey»ning shundog’am latif va ajoyib musiqasini idrok etishda aksariyat tinglovchilarga xalal bergan, ya’ni ularga aql o’rgatgan bo’lar edi. Jahonning bir talay mamlakatlarida amalga oshirilayotgan musiqa va rangni birlashtirish yo’lidagi ko’p sonyi tajribalar nimaga olib kelishini oldindan aytish qiyin. Qaydam, bunday urinishlarga hojat yo’qdir aslida? Ehtimol, haqiqiy musiqa muxlisiga sehrli skripka chalinishi bilan yoki betakror sadolar jaranglay boshlashi bilan uning qalbida tug’iladigan rangin hissiyotlarning o’zi ham kifoya qilar?