Rapsodiya nima?

Bu kalima ming yillik tarixga sohibdir. Qadimgi Yunonistonda bayram bazmlari va aytishuvlarda afsonaviy Gomerdan o’rnak olgan elkezar baxshilar — rapsodlar uzun, ayni chog’da judayam maroqli dostonlarni yoddan qiroat qilishardi. Yunoncha «rapsod» atamasi «qo’shiq to’qiydigan kishi» degan ma’noni anglatadi. Ulug’ Gomer ilk rapsod, shunga muvofiq dostonlarining boblari — raspodiyalar bo’lib, ularni shoirning o’zi, uning ortidan esa boshqa qo’shiqchilar Kafara yoki lira chalgan holda ijro etishardi. Oradan mingyilliklar kechdi va bastakorlar yunonlar ixtirosidan uni xalqning epik qo’shig’i sifatida talqin qilib foydalanishga ahd bog’lashdi. Ilk zamonaviy musiqali rapsodiyalar XIX asr boshlarida vujudga keldi. Ular bu nom bilan tinglovchilarga go’yo: siz hozir so’zlar ko’magisiz birgina tovushlar bilan qiziqarli voqeani so’zlab beruvchi chinakam dostonni tinglayajaksiz, deyishayotgandek bo’lishardi. Chunonchi yangicha rapsodiyalar kuylash uchun emas, balki alohida musiqa asboblari va orkestr uchun bastalangan. «Rapsodiya» nomi zamonaviy yevropacha professional musiqada turli-tuman xalq kuylari yangraydigan bir sho’badan iborat yirik asarni bildiradi. Ushbu musiqa janri bilan tanish bo’lgan har bir kishi uni eng avvalo Frans Listning nomi bilan bog’laydi. Uning mashhur «Vengriya rapsodiyalari» — ulug’ bastakor vatani haqidagi, Vengriya tarixi va xalqi to’grisidagi ko’tarinki ruhdagi musiqali qissa. Listning «Vengriya rapsodiyalari» erkin shaklda bastalangan va xalq mavzularidagi fantaziyalar sanaladi. Faqatgina buyuk Venger rapsodiyalar to’qimagan. Barmsning «rapsodiyalar»i, Dvorjakning «slavyan rapsodiyalari», Ravelning «Ispaniya rapsodiyalari» ancha-muncha dong chiqargan. Buyuk rus kompozitori Raxmanininov esa orkestrli fortepiano uchun rapsodiyasini xalq mavzularida emas, balki skripkanavoz bastakor Nikkolo Paganini asarlaridan birining motivi asosida yaratgan. U aynan shunday ataladi ham: «Paganini mavzuida rapsodiya».