RATIFIKATSIYA

RATIFIKATSIYA (lot. ratus – hal qilingan, tasdiqlangan va facere – qilmoq) — 1) xalqaro shartnomaning davlat hokimiyati oliy organi tomonidan tasdiqlanishi. Odatda, eng muhim xalqaro shartnomalargina Ratifikatsiya qilinadi. Ko’pchilik davlatlarning konstitutsiyalari xalqaro shartnomalarni Ratifikatsiya qilish huquqini davlat boshlig’i vakolatiga yoxud bevosita oliy qonun chiqaruvchi organ vakolatiga kiritadi; O’zbekistonda xalqaro shartnomalarni Ratifikatsiya qilish to’g’risida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati birgalikda qaror qabul qiladi; 2) ba‘zi mamlakatlarda konstitutsiyaga kiritilgan tuzatishlar tasdiqlanishining maxsus tartibi. Masalan, AQSh kongressi konstitutsiyani qabul qilgandan keyin unga qilinadigan tuzatishlar kamida 3/4 shtatlardagi qonun chiqaruvchi majlislar yoki maxsus konventlar tomonidan tasdiqlanishi kerak. Avstraliyada konstitutsiyadagi o’zgartishlar loyihasi parlamentda ma‘qullangandan keyin u mamlakatda va aksariyat shtatlarda saylovchilarning ko’pchilik ovozi bilan referendumda tasdiqlanishi talab qilinadi.