Reminissentsiya nima?
Asar muallifi o’z o’quvchilari bilan olib boradigan o’ziga xos o’yin reminissentsiya deb ataladi. Ko’pincha qandaydir kitobni o’qiyotganingizda o’qigan narsangiz xuddi muzeyda ko’p marta tomosha qilingan mashhur kartinaning chop etilgan nusxasi ko’zingizga issiq ko’ringani singari allaqachonlardan biri tanishdek tuyulaveradi. Bunday adabiy usul esa reminissentsiya deb ataladi. U muallif tomonidan begona timsollarni ongli ravishda yoki yashirin tarzda jonlantirishda, alohida yoki esda qoladigan tasvirlarni takrorlashda mujassamlashgan. Yozuvchi begona matndan o’z asari uchun qurilish materiali sifatida foydalanadi. Shunday savol berilishi tabiiy — bu nima uchun qilinadi? Aksariyat hollarda reminissentsiya yordamida muallifning tasvirlanayotganga kinoyaomuz munosabati ifodalanadi. Masalan, I. Ilf va E. Petrovning «o’n ikki stul» romanida Ostap Benderning nutqiga N. V. Gogolning asarlaridan yashirin iqtiboslar aynan shu maqsadda kiritilgan. Ba’zan muallif tasvirlanayotganning real emasligini va hatto g’ayritabiiyligini yorqinroq tasdiqlash uchun reminissentsiyaga murojaat qiladi. Masalan, M. Bulgakovning «Usta va Margarita» romanidan mashhur satrlarni eslang-chi: «bahaybat siyohdon turgan ulkan yozuv stolining ortida bo’m-bo’sh kostyum o’ltirar va siyohga botirilmagan qup-quruq pero bilan qog’ozda nimalarnidir qoralar edi. Kostyum galstuk taqqan, kostyumning cho’ntagidan o’ziyozar peroning uchi chiqib turardi, xuddi manjetdan qo’llarning barmoqlari ko’rinib turmagani singari ichyoqa ustida bo’yin ham, kalla ham yo’q edi». Ko’z o’ngimizda M. E. Saltikov Gtsedrinning «Bir shahar tarixi» qissasidan olingan yashirin iqtibos. O’z navbatida M. Bulgakovning romani V. Katayevning «Muqaddas quduq» degan esdaliklarida reminissentsiya qurish uchun poydevorga aylandi. Tushlarida namoyon bo’ladigan timsollarni yaratar ekan, yozuvchi so’zlovchi mushuk timsolidan foydalangan, u esa xuddi siz bilganingizdek, M. Bulgakov romaninig asotiriy qahramonlaridan biri sanaladi. Ko’pincha reminissentsiya personajni alo matli qilish uchun ishlatiladi. Binobarin, o’z qahramoniga Bezo’xov familiyasini bergan L. Tolstoy go’yo kitobxonga uning prototipi — graf Bezborodkoni eslatgan bo’ladi. Ba’zida reminissentsiya, agar shunday ta’birlash mumkin bo’lsa, yuzada qalqib turadi, hatto iqtibos yoki timsol olingan muallif ko’rsatiladi. Muayyan muallif g’oyasining umumlashmasi sifatida amal qiluvchi epigraflarni ham shunga o’xshash reminissentsiyalar bilan bir safda ko’rib chiqish kerak.