Reperforator
Reperforator (re… va lotincha perforare — burg’ilash, teshiklar ochish) — telegraf apparatidan kelayotgan elektr signallarini qabul qilishda qog’oz lentaga o’sha signallarga mos ravishda avtomatik tarzda teshiklar ochib turadigan telegraf qurilmasi. Reperforator lentada uni tortib turish uchun mo’ljallangan teshiklarni ham ochib turadi. Teshiklar ochish bilan birga lentaga Telegramma kodi belgilarini ham bosib turadigan Reperforator ham bor. U telegrammaning manzilini o’qishni osonlashtiradi. Reperforator telegrammalarni qayta qabul qilish-uzatish bilan shug’ullanuvchi telegraf stansiyalarida ishlatiladi.