Retikulyar formatsiya

Retikulyar formatsiya (lotincha reticulum — to’r va formatio — tuzilma), to’rsimon tuzilma — bosh miyaning markazida (uzunchoq va o’rta miyada, ko’rish do’mboqlarida) joylashgan maxsus tuzilmalar majmui. Markaziy nerv sistemasining quyi va yuqori joylashgan sohalari, shu jumladan, katta yarim sharlar po’stlog’i qo’zg’aluvchanligi va tonusi darajalarini boshqaradi. Retikulyar formatsiya hosil qiluvchi neyronlar aksonlarining tuzilishi, uzunligi va katta-kichikligiga ko’ra turlichadir. Ularning tolalari chirmashib ketgan. «Retikulyar formatsiya» terminini nemis olimi O.Deyters kiritgan, u Retikulyar formatsiyaning faqat morfologik xususiyatlarini ifodalaydi. Retikulyar formatsiya orqa miya, miyacha, limbik sistema va bosh miya katta yarim sharlari po’stlog’i bilan morfologik va funktsional jihatdan bog’langan. Retikulyar formatsiya sohasida unga kelayotgan afferent va efferent impulsi o’zaro ta’sir ko’rsatadi. Natijada Retikulyar formatsiya neyronlari muayyan qo’zg’algan holatda bo’ladi. Bu esa Markaziy nerv sistemasini tashqi muhitdan kelayotgan impulslarni qabul qilishga tayyorlab turadi. Retikulyar formatsiya Markaziy nerv sistemasining turli sohalariga pastga va yuqoriga yo’naluvchi ta’sir ko’rsatadi. Bu ta’sirlar, o’z biologik mohiyatiga ko’ra, tormozlovchi yoki qo’zg’atuvchi xususiyatga ega. Retikulyar formatsiyaning qo’zg’alishini bosh miya katta yarim sharlari boshqaradi. Retikulyar formatsiyaning pastga yo’naluvchi ta’siri. Retikulyar formatsiyada orqa miya reflektor faoliyatini tormozlovchi va yengillashtiruvchi sohalar bor. Miya ustuni turli sohalarining ta’sirlanishi bilan orqa miya Reflekslarining o’zaro bog’liqligini dastlab I.M. Sechenov topdi (1862). 1944-46 yillarda amerikalik neyrofiziolog X. Megoun o’z xodimlari bilan birga uzunchoq miya Retikulyar formatsiyasi turli qismlarining ta’sirlanishi orqa miyaning harakat reaktsiyasiga yengillashtiruvchi yoki tormozlovchi ta’sir ko’rsatishini aniqladi. Retikulyar formatsiyaning muskul tonusiga ta’sir etish mexanizmlarini shved olimi R. Granit ochib berdi.; U aksonlari introfuzal muskul tolalariga boradigan gammamotoneyronlar faolligiga ham Retikulyar formatsiya ta’sir etishini ko’rsatadi. Bu organizmning fazoda turli holatda bo’lishi va turlicha harakatlanishini boshqarishda muhim rol o’ynaydi. Retikulyar formatsiyaning yuqoriga yo’naluvchi ta’siri. Retikulyar formatsiyaning oraliq miyadan uzunchoq miyagacha bo’lgan turli qismlari miya po’stlog’ining barcha bo’limlariga qo’zg’atuvchi ta’sir etadi, ya’ni bosh miya katta yarim sharlarining barcha sohalarini qo’zg’atish jarayoniga jalb etadi. 1949 yilda italiyalik fiziolog J.Morussi bosh miyaning bioelektrik faolligini tadqiq qilib, miya ustuni Retikulyar formatsiyasi ta’sirlanganda miyada uyqu vaqtida kuzatiladigan yuqori voltli sekin sinxron tebranishlarning tetiklik (uyg’oqlik)ka xos bo’lgan past amplitudali yuqori chastotali faollikka o’tishini aniqladi. Bosh miya elektr faollining bunday o’zgarishi hayvonlarda uyg’onish belgilariga xosdir. Retikulyar formatsiya anatomik jihatdan Markaziy nerv sistemasidagi asosiy o’tkazuvchi yo’llar bilan chambarchas bog’liq. Uning qo’zg’alishi eksteroseptiv va interoseptiv afferent sistemalar yordamida amalga oshadi. Shu sababli ko’pgina olimlar Retikulyar formatsiyani bosh miyaning nospesifik afferent sistemasi deb hisoblaydilar. Biroq Retikulyar formatsiya ishtirokida yuz beradigan reaktsiyalarga kimyoviy preparatlar tanlab ta’sir ko’rsatishining kashf etilishi fiziolog P.K. Anoxinga Retikulyar formatsiyaning miya po’stlog’iga ko’rsatadigan yuqoriga yo’naluvchi ta’siri spesifik ekanligi haqidagi qonunlarni ta’riflashda yordam berdi. Organizmga yuborilgan narkotik moddalar Retikulyar formatsiya neyronlarini tormozlaydi va buning oqibatida ularning miya po’stlog’iga ko’rsatadigan yuqoriga yo’naluvchi (faollashtiruvchi) ta’siri yo’qoladi. Retikulyar formatsiya xususiyatlari, uning boshqa po’stloq osti strukturalari va miya po’stlog’ining barcha sohalari bilan o’zaro munosabati o’rganilishi og’riq, uyqu hamda uyg’oqlik va boshqa neyrofiziologik mexanizmlarni aniqlash imkonini berdi. Retikulyar formatsiya tadqiqotida farmakologik moddalarning qo’llanilishi Markaziy nerv sistemasining qator kasalliklarini davolash mumkinligini ko’rsatadi. Bu esa endilikda tibbiyotning narkoz va boshqa muhim masalalarga yangicha yondashish imkonini beradi.