Rishton tumani

Rishton tumani — Farg’ona viloyatidagi tuman. 1926 yil 29 sentabrda tashkil etilgan. 1959 yil 7 martda So’x tumani bilan birlashtirildi. 1990 yil 27 Fevralda So’x tumani ajralib chiqdi. Shimoldan Bag’dod, Janubi sharqdan Oltiariq, g’arbdan O’zbekiston va Uchko’prik tumanlari, Janubdan Qirg’iziston bilan chegaradosh. Maydoni 0,42,1 ming km2. Aholisi 150,2 ming kishi (2003). Tumanda 1 shahar (Rishton), 11 qishloq fuqarolari yig’ini (beshkapa, Buzrukxo’ja Usmonxo’jayev, Bo’ston, Yoyilma, Zoxidon, Mehnatobod, Oqoltin, Oqer, Rishton, tuda, qayrag’och) bor. Markazi — Rishton shahri. Tabiati. Tuman hududi Markaziy Farg’ona cho’lining Janubda, So’x daryosi va Katta Farg’ona kanali bo’yida joylashgan. Hududi, asosan, tekislikdan iborat. Foydali qazilmalardan neft, gaz, soz tuproq, shag’al bor. Iqlimi keskin kontinental. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -6,7°, eng past temperatura -27°, iyulning o’rtacha temperaturasi 23,6°, eng yuqori temperatura 42°. Yiliga 180 mm yog’in yog’adi. Xo’jaliklar va aholi yerlari So’x daryosi va Usmon Yusupov nomli Katta Farg’ona, katta Andijon kanallaridan sug’oriladi. Tuproqlari qo’ng’ir bo’z tuproq va o’tloqi tuproqlardan iborat, ayrim joylarda sho’rtuproq uchraydi. O’simliklardan sho’ra, shuvoq, yantoq, miya, oq bosh, yulg’un, qiyoq va boshqalar o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan bo’ri, tulki, quyon, yumronqoziq; parrandalardan kaklik, bedana, tustovuq, zog’cha, qarg’a, to’rg’ay, sassiqpopishak, qaldirg’och; sudraluvchilardan o’q ilon, chipor ilon, kaltakesak; kemiruvchilardan kalamush va boshqalar uchraydi. Aholisi, asosan, o’zbeklar, shuningdek, tojik, qirg’iz, rus, tatar, koreys va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 km2 ga 357 kishi. Shahar aholisi 30,9 ming kishi, qishloq aholisi 119,3 ming kishi. Xo’jaligi. Tuman markazi va yaqin qishloklarda kulolchilik rivojlangan. Qishloq xo’jalik bog’dorchilik, tokchilikka ixtisoslashgan. Mashhur Rishton kandak o’riklari, Cho’ng’ara devzirasi yetishtiriladi. Turli sohadagi yuzdan ortiq sanoat korxonasi ishlab turibdi. «Farg’onaneftgaz» aktsiyadorlik jamiyati, o’zbek-arab «Paynts-Keramik» qo’shma korxonasi, paxta tozalash, badiiy kulolchilik buyumlari, g’isht zavodlari, ko’plab xususiy shirapazlik, 1200 dan ortiq xususiy kulolchilik kichik tsexlari, yigiruv-to’quv, mebel fabrikalari, MTP, bosmaxona, dehqon va buyum bozorlari faoliyat ko’rsatadi. O’zbekiston xalq ustalari I.Komilov, N.Qodirov, O’zbekiston Badiiy Akademiyasi a’zosi Sh. Yusupovlarning o’ziga xos uslublari bor. Sug’oriladigan yerlar 20658 gektar, shu jumladan, paxta 9500 gektar, don 7400 gektar, sabzavot va poliz 170 gektar, yem-xashak ekinlari 588 gektar maydonga ekiladi. Mevazorlar 5 ming gektarni tashkil qiladi. Rishton tumanida 220 kilometr uzunlikdagi ochiq drenajlar, 245 ta vertikal qudug’i bor. Tuman jamoa va shaxsiy xo’jaliklarida 127,5 ming qoramol, 23,7 ming qo’y va echki, 48,4 ming parranda, 165 ot boqiladi. 418 ta asalari uyasi bor (2003). Rishton tumanida 2 musiqa, 62 umumiy ta’lim, 1 sport maktabi, 3 kasbhunar kolleji, 2 liseyda 41163 o’quvchi ta’lim oladi. Markaziy kutubxona va uning filiallari, madaniyat uyi, madaniyat va istirohat bog’i, 14 klub, muzey, Markaziy stadion, 4 kasalxona, 2 ta poliklinika, 24 qishloq vrachlik punkti, 30 ta dorixona, sanatoriy va boshqa tibbiy muassasalarda 233 vrach, 1843 o’rta tibbiy xodim ishlaydi. Tumanda 5 kilometr temir yo’l (Toshkent — Andijon), 74 kilometr uzunlikda respublika, 109 kilometr uzunlikda viloyat ahamiyatidagi avtomobil yo’llari bor. Ichki avtomobil yo’llari uzunligi 264 kilometr. Tarixiy me’moriy obidalardan «Sohibi-Hidoya», «Yigitpirim», «Hizrbuva», «Xo’ja ilg’or», «Xo’ja Rushnoiy», «Toshkelinchak» va boshqalar saqlangan. 1966 yildan «Rishton haqiqati» tuman gazeta chiqariladi (adadi 8608).