Rimskiy-Korsakov Nikolay Andreyevich

Rimskiy-Korsakov Nikolay Andreyevich (1844.18.3, Tixvin — 1908.21.6, hozirgi Leningrad viloyati) — rus kompozitori, pedagog, dirijyor, musiqa jamoat arbobi. «Qudratli to’da»ning a’zosi. Peterburg konservatoriyasi professor (1871 yildan). «Qor qiz» (1881), «Sadko» (1896), «Shoh Sulton haqida ertak» (1900), «Oltin xo’rozcha» (1907) kabi operalarda rivoyat, afsona va ertaklarga keng murojaat etib, xalq orzu va niyatlari, hayotbaxsh tabiat go’zalligini madh etgan. Tarixiy mavzularga asoslangan «Pskovlik qiz» (1872), «Shoh qaylig’i» (1898) va boshqa operalari bilan erksevarlik, xalqchillik g’oyalarini olg’a surgan, rus musiqali dramasini yuksak pog’onaga ko’targan. Rimskiy-Korsakov — garmoniya va orkestrlashning mohir ustasi. Sharq mavzularidagi «Antar» (1868) va «Shahrizoda» (1888), «Ispancha kaprichchio» (1887) kabi asarlarida Programmali simfonik musiqa taraqqiyotiga katta hissa qo’shgan. Uning 2 ta «rus xalq qo’shiqlari» to’plami (1877, 1882), «garmoniyadan amaliy darslik» (1886), «orkestrlash asoslari» (1913) va boshqa asarlari rus va jahon kompozitorlik ijodiyotiga samarali ta’sir etdi.