Ritor maktabi

Ritor maktabi — Yunoniston va Rimda keng yoyilgan oliy gumanitar maktab: 3 bosqichli ta’lim tizimining yuqori cho’qqisi. Miloddan avvalgi 3-asrda Yunonistonda va miloddan avvalgi 1-asrda Rimda tarqalgan. Antik davr oxirigacha saqlangan. Boshlang’ich o’rta va grammatik maktabdan so’ng, Ritor maktabida chiroyli so’zlash san’ati, notiqlik mahoratini egallash o’rgatilgan. Ularda notiklik san’atidan tashqari yosh notiqlarning dunyoqarashini shakllantirishga yordam beradigan turli fanlar, xususan, ritorika, huquqshunoslik, tarix, adabiyot, falsafa o’qitilishiga e’tibor qaratilgan. Mark Tulliy Tsitseron va Mark Fabiy Kvintilianlarning «Notiqlik san’ati bo’yicha o’gitlar» kitobi Ritor maktabini boshqarishda foydalaniladigan asosiy qo’llanma hisoblangan. Ular Ritor maktabini rivojlanishning yangi bosqichiga olib chiqdilar va Rimda bu maktablarning davlat tasarrufiga o’tishini ta’minladilar. Rim imperiyasining so’nggi davrlarida, siyosiy tuzumning notiklik san’atiga bog’liqlik darajasi bir qadar susayganligi sababli Ritor maktabining mavqei pasaydi va tortishuvli masalalarni hal etish vositasiga aylanib qoldi.