Ritorika

Ritorika (Yunoncha rhetorike — notiqlik) — notiqlik san’ati; keng ma’noda umuman badiiy Nasr haqidagi fan. Miloddan avvalgi 5-4-asrlarda Yunonistonda yuzaga kelib, miloddan avvalgi 3-2-asrlarda tizimli fan shaklini olgan. Miloddan avvalgi 1-asrda Rimda tarqalgan. 5 qismdan iborat bo’lgan: materialni topish, joylashtirish, so’z bilan ifodalash (3 uslub: yuqori, o’rta, pastki hamda uslub ko’tarinkiligining 3 vositasi: so’z tanlash, so’zlarni biriktirish va uslubiy figuralar haqidagi ta’limot), yodlash, talaffuz. Qadimgi davrda (Tsitseron, Kvintilian ijodida) ishlab chiqilgan, o’rta asrlarda va yangi davrda (Rossiyada Lomonosov ijodida) rivojlantirilib, 19-asrda adabiyot nazariyasiga qo’shilib ketgan. Keyinchalik «Ritorika» termini dabdabali, quruq safsatani anglatgan.