Romantizm
Romantizm (Fransuzcha romantisme) — 18-asrning 1-yarmi — 19-asrda Yevropa, shuningdek, Amerika adabiyoti va san’atida paydo bo’lgan hamda jahon bo’ylab keng tarqalgan oqim. Romantizm ispancha romans so’zidan olingan bo’lib, bu so’z dastlab lirik va qahramonlik mazmunidagi qo’shiqni, keyinchalik esa ritsarlar haqidagi katta epik asarlarni anglatgan. «Romantik» sifatdoshi 17-asrda roman tillarida yozilgan avantyura va qahramonlik ruhi bilan sug’orilgan asarlarga nisbatan qo’llana boshlagan. Ingliz yozuvchilari va adabiyotshunoslari 18-asrda O’rta asrlar va Uyg’onish davrlari adabiyoti haqida bahs borganda shu so’zdan foydalanganlar. Angliyaga Romantizmning kirib kelishi arafasida (18-asrning 2-yarmi) she’riyatning muhim unsuri hisoblangan barcha g’ayrioddiy, sirli, g’aroyib va fantastik narsalar (tuyg’ular, holatlar, sarguzashtlar) romantik so’zi orqali ifodalana boshlagan. 18-asr oxirida Germaniyada, 19-asr boshlarida esa Frantsiyada, shuningdek, Italiya, Polsha, Rossiya kabi mamlakatlarda Romantizm klassisizmdan farqlanuvchi adabiy oqimning nomi sifatida iste’molga kirgan. Romantizm Yevropadagi barcha mamlakatlarni o’z qamroviga olgan g’ayrima’rifatparvarlik harakatining samarasidir. Buyuk frantsuz inqilobining natijalaridan qoniqmaslik bu oqimning paydo bo’lishida ijtimoiy zamin bo’lib xizmat etgan. Burjua jamiyatidagi turmush tarziga, jamiyat a’zolaridagi xudbinlik va axloqsizlik ko’rinishlariga qarshi kayfiyat, sanoat, siyosat va ilm-fan sohalaridagi taraqqiyotning yangi-yangi ziddiyatlarni keltirib chiqarishi romantiklarda mutlaq ideallarga intilish hissini uyg’otdi. Ular hayotni qisman takomillashtirishni emas, balki undagi barcha ziddiyatlarni butunlay bartaraf etishni orzu qildilar. Ideal bilan voqelik o’rtasida katta farqning borligi Romantizmda o’zining yorqin ifodasini topdi va bu hol Romantizmga xos 2 yo’nalishning mohiyatini belgilab berdi. Agar ayrim romantiklar ijodida hayotda akl bovar qilmaydigan, sirli kuchlar hukmronlik qiladi, binobarin, takdirga tan berish kerak, degan fikr ustuvorlik qilgan bulsa (U. Vordsvort, S. T. Kolrij, R. Sauti, F. R. Shatobrian, V. A. Jukovskiy), boshqa birlari (J. N. Bayron, P. B. Shelli, A. Miskevich, M. Yu. Lermontov) ijodida zulm va zo’ravonlik dunyosiga qarshi kurash va undan norozilik kayfiyati yetakchi ahamiyatga ega. Romantizmda ideal bilan voqelik o’rtasidagi ziddiyatni ifodalovchi vositalardan biri kinoya (A. Myusse, G. Geyne va boshqalar). Dastlab kinoya har qanday tarixiy voqelik nisbiydir, degan fikrning e’tirof etilishini anglatgan bo’lsa, keyinchalik romantik ideallarning ro’yobga chiqmasligini anglash hissi bilan to’yingan. Romantizm namoyandalari jamiyatdagi rangsiz hollarga qarshi o’laroq fantastika, xalq rivoyatlari, tabiat manzaralari, o’tgan tarixiy kunlar, olis xalqlar va mamlakatlar turmushi, urf-odatlari hamda xulq-atvorlarini tasvir doirasiga tortdilar; katta ishqiy extiroslar va ruhiy hayot tasviriga alohida e’tibor berdilar. Shu sababdan din, san’at va falsafaning Romantizmdagi o’rni va ahamiyati mislsiz darajada oshdi. Klassisizm estetikasidagi «tabiatga taqlid» tamoyiliga qarshi o’laroq romantiklar san’atkorning ijodiy faolligini o’zlarining ustuvor aqidalari deb bildilar. San’atkor, Romantizm estetikasiga ko’ra, Real olamni uzgartirish huquqiga ega: u o’zining go’zal va haqiqiy, binobarin, Real olamini yaratadi; modomiki, san’at bu olamdagi eng yuksak qadriyatni tashkil etar va bu olamning mohiyatini ifodalar ekan, demak, u reallikdir. San’at asari, Romantizm estetikasiga ko’ra, bamisoli tirik organizm, badiiy shakl esa mazmunning po’stlog’i yoki g’ilofi emas, balki shu mazmunning ichichidan o’sib chiquvchi va mazmun bilan uzviy ravishda bog’liq hodisa. Romantiklar estetikadagi mezonlashtirish hollarini, san’atning yaxshi maqsadda bo’lsada, muayyan chegara ustunlari bilan o’ralishini inkor etib, san’atkorning ijodiy erkinligini ehtiros bilan himoya qildilar. Shunga qaramay, ular o’zlarining yangi estetik qonun va qoidalarini ham ishlab chiqdilar. Romantizm davrida yangi badiiy shakllar maydonga keldi. Tarixiy roman, fantastik qissa, liroepik doston janrlari, sahna san’atidagi islohotlar shu davrning ajoyib samaralaridir. Lirika xuddi shu davrda o’zining ikkinchi bahorini kechirdi. She’riy so’zning yangiyangi ma’no qirralari kashf etildi va she’riy so’z his va tuyg’u silsilalarini ifodalash uchun istioraviy vositalar bilan boyidi. She’riyatda musiqiy va tasviriy ibtido o’zaro uyg’unlashdi; san’at, falsafa va dinning omuxta ko’rinishlari paydo bo’lib, san’at turlarining o’zaro yaqinlashish, oddiy hodisalar bilan g’ayrioddiy hodisalarning, komizm bilan tragizmning uyg’unlashish jarayoni avj oldi. Fantastikaga, hajviy mubolag’alarga, shaklning oshkora shartliligiga moyillik Romantizm namoyandalarining badiiy tasvirdagi o’ziga xosligini belgilovchi omillarga aylandi. Germaniya Romantizmning klassik mamlakati bo’lib, Buyuk frantsuz inqilobi shabadalarining bu yerdan esib o’tishi ijtimoiy muammolarning falsafa, etika va, ayniqsa, estetika sohalariga ravon kirib borishiga imkon berdi. Nemis yozuvchilari va nazariyotchilarining Ien maktabi (V. G. Vakkenroder, Novalis, akauka F. A. Shlegellar va boshqalar) tomonidan ishlab chiqilgan romantik estetika va dunyoni romantik his etish asoslari nemis Romantizmining birinchi avlodi vakillari ijodida o’zining dastlabki samaralarini berdi (Tikning «etik kiygan mushuk» komediyasi, Novalisning «tun madhiyalari» lirik turkumi va «Genrix fon Ofterdingen» romani va boshqalar). Nemis romantiklarining ikkinchi avlodi (Geydelberg maktabi) din, milliy utmish va xalq og’zaki ijodiga ko’proq qiziqdi (L. Arniv va Brentano to’plagan «bolaning sehrli shoxi» xalq qo’shiqlari to’plami, aka-uka Ya. va V. Rilshlarning ertaklari). Shu davrda lirik she’riyat ham kamol topdi (Y. Eyxendorf). Folkloristika va adabiyotshunoslikdagi birinchi yo’nalish — mifologik maktabga asos solindi. Jamiyat va insoniyat taraqqiyoti muammolariga e’tibor karatish, tarixiy jarayonning ziddiyatliligi, hatto halokatli oqibatlarga olib borishi mumkinligini his etish ingliz Romantizmga xos xususiyatlardir. Dunyoni aql-idrok yordamida qayta qurish mumkinligiga ishonmagan shoirlar avlodi (U. Vordsvort, S. T. Kolrij, R. Sauti) insonning botiniy hissiyotiga chuqurroq kirishni targ’ib qildilar. Milliy o’tmish va xalq og’zaki ijodiga qiziqish Valter Skottning Yevropa adabiyotlaridagi tarixiy roman janriga asos solishi va o’rta asrlar hayotidan olingan romantik asarlarning maydonga kelishi bilan yakunlandi. «Londonlik romantiklar» guruhi vakili J. Kits she’riyatida dunyoning va inson tabiatining go’zalligi o’z in’ikosini topdi. Kurash va norozilik kayfiyati bilan yo’g’rilgan J. N. Bayron va P. B. Shellining romantik ijodi ingliz Romantizmi o’z taraqqiyotining yuksak bosqichiga kirganini namoyish etdi. Frantsiya da klassisizm an’analari uzoq vaqtgacha o’z kuchini saqlab keldi. Shu tufayli Romantizmning frantsuz adabiyoti va san’atiga kirib kelishi katta qiyinchilik bilan kechdi. Faqat 19-asrning 20-yillaridagina Romantizm frantsuz adabiyotidan o’zining qonuniy o’rnini egalladi. Ma’rifatparvarlik davri merosi va o’tmishdagi adabiy an’analar bilan uzviy aloqa, davrning dolzarb ijtimoiy-siyosiy muammolariga qiziqish frantsuz Romantizmining ajralmas xususiyatlaridir. Frantsiyada Romantizmning shakllanishi, birinchi navbatda liropsixologik roman va qissa janrlarining yaratilishi bilan bog’liq (F. R. Shatobrianning «atala» va «Rene», J. Stalning «Deolfina» va «korina yoki Italiya», E. P. Senankurning»Oberman» asarlari va boshqalar). Frantsuz Romantizmi davrida she’riyat, ayniqsa, gullabyashnadi (A. Lamartin, V. Gyugo, A. Vini, A. Myusse, Sh. O. SentByov va boshqalar). Eski san’at tarafdorlari bilan qizg’in kurash natijasida Romatik drama janri qam tantana qilib, teatr sahnalaridan munosib o’rin egalladi (A. Dyuma, V. Gyugo, A. Vini, A. Myusse). Roman janrining psixologik (A. Myusse), tarixiy (A. Vini, ilk O.de Balzak, P. Merime) va ijtimoiy (V. Gyugo, Jorj Sand, E. Syu) turlari maydonga keldi. Romantizm adabiy tanqid sohasida ham o’z nishonalarini berib, Sent-Byov asoschisi bo’lgan biografik metodning tug’ilishiga zamin hozirladi. Rossiyada Romantizmning tug’ilishi 1812 yil Vatan urushidan keyingi milliy ko’tarilish davri bilan bog’liq. Rus adabiyotida Romantizm kurtaklari romantik doston janri (masalan, A. S. Pushkin «Janubiy» dostonlari)ning yuzaga kelishi bilan aniqlik kasb etdi. Bayronning Sharq dostonlari ta’sirida yozilgan rus romantik dostonlarida yangi tasvir tamoyillari ko’zga tashlandiki, bular bosh qahramon taqdiri tasvir etilganligi, doston matnidagi uslublarning rang-barangligi, ijodkorning tarixiy haqiqatdan chekinib, o’z badiiy versiyasini yaratganligidir. Doston rus Romantizmi. taraqqiyotida shu qadar muhim rol o’ynadiki, hatto romantik Nasr va dramaturgiya asarlari ulardagi yetakchi kolliziyalarning rivojlantirilishi hisobiga maydonga keldi. V. A. Jukovskiy, K. N. Batyushkov, A. S. Pushkin, M. Yu. Lermontov va boshqalarning romantik asarlari). Romantizm shu davrda Yevropaning boshqa mamlakatlari (Italiya, Ispaniya, Avstriya, Daniya, Shvesiya, Vengriya, Ruminiya, Polsha)ga kirib bordi. Milliy mustaqillik g’oyasining yetakchilik kelishi ma’rifatparvarlik an’analaridan yuz o’girmagan AQShda ham Romantizmning rivoj topishiga imkoniyat yaratdi. Romantizm, shuningdek, Osiyo mamlakatlari (Hindiston, Xitoy, Yaponiya) da ham o’ziga xos ifodasini topdi. O’rta Osiyo mamlakatlarida Romantizm, Yevropa mamlakatlari adabiyoti va san’atidagi singari, izchil oqim sifatida shakllanmadi. O’zbek adabiyoti va san’ati 18-asrga qadar va undan keyingi davrlarda uziga xos taraqqiyot yo’lini bosib o’tgani uchun o’zbek Romantizmi to’g’risida so’z yuritish o’rinsizdir. Ammo 20-asrning 10-20-yillarida jadid adabiyotida taraqqiyparvarlik g’oyalarining targ’ib etilishi (masalan, Cho’lponning «Duxtir Muhammadyor», Abdulla Qodiriyning «o’tgan kunlar» asarlarida), ayniqsa, 30-yillarda o’zbek adabiyoti va san’atiga rus madaniyati an’analarining kirib kelishi natijasida milliy adabiyot va san’atda romantik tasvir uslubi shakllana boshladi. Chulpon («Go’zal»), Oybek («Uzbekistan»), G’afur G’ulom («bog'»), shuningdek, Hamid olim- jon, uyg’un va boshqa shoirlarning ko’plab she’rlarida yor, Vatan, ona, muallim obrazlari romantik tasvir bo’yoqlari yordamida yaratildi. Xuddi shunday jarayon kino («qasam», «Tohir va Zuhra», «Alisher Navoiy» filmlari) va teatr («Tor-mor», «Uyg’onish», «Buyuk kanal», «Sharqtongi» spektakllari) va boshqa san’at turlarida ham kechdi. O’zbek adabiyoti va san’atida romantik tasvir uslubining shakllanishi sovet mafkurasining talabi va rag’bati bilan yuz berdi hamda sovet voqeligini tasdiqlash ishiga xizmat qildi. Romantizm adabiyot va san’at taraqqiyotidagi muhim oqimlardan biri sifatida 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida Yevropa, Amerika va Osiyoning aksar mamlakatlarida o’z o’rnini realizmga bo’shatib berdi. O’zbek adabiyoti va san’atida o’tgan asrning 20-yillarida ko’rina boshlagan realizm adabiy metod sifatida 40-60-yillarga kelib uzil-kesil shakllandi. Romantizm, boshqa ayrim milliy adabiyot va san’atlar qatori, o’zbek adabiyoti va san’ati asarlarida hozir ham romantik pafos sifatida yashab kelmoqda. Tasviriy san’atda yaratilgan badiiy obrazlar va hayotiy lavhalar hayot haqiqatiga yaqin bo’lib, ijodkorning turmush to’g’risidagi orzu va qarashlarini aks ettiradi. 19-asrning 20-30-yillarida o’zining eng gullagan davrini boshidan kechirgan Romantizm rassomlik va qisman haykaltaroshlik hamda me’morlik (psevdogotika)da namoyon bo’ldi. Bu yo’nalishdagi asarlarga qaynoq ehtiros va hayajon xos bo’lib, unda rang, shakl ifodaliligi, real va xayoliy qiyofalar uyg’unligi muhim o’rin egallaydi; yorqin ranglar, nursoya o’yini va keskinligi asarlarga o’ziga xoslik bag’ishlaydi, obrazlar ko’tarinki ruhda, tantanavor kayfiyatda tasvirlanadi. Romantizm o’z taraqqiyotida rasmiy akademizm, klassisizm tamoyillariga qarshi kurashdi (frantsuz E. Delakrua, T. Jeriko, nemis F. O. Runge, K. D. Fridrix, ingliz J. Konstebl, U. Terner, rus O. Kiprenskiy, A. O. Orlovskiy va boshqalar). Romantizm me’morlikda, asosan, bog’park san’ati va mayda haykaltaroshliqsa ko’zga tashlandi. Romantizm turli mamlakatlarda turlicha namoyon bo’ldi: Frantsiyada ehtiros va shijoat, Germaniya, Avstriyada nolish ohanglari, yo’qolgan ideallarni qo’msash tuyg’ulari, diniy zoxidlik yetakchiligi bilan ajralib turadi, Amerikada romantik fantastika, zohidlik kayfiyatidagi asarlar maydonga keldi. O’zbekiston tasviriy san’atida Romantizm tamoyillari 20-asrda mungli lirik kayfiyatli usta Mo’min (A. Nikolaev), ehtirosga to’la O. Tatevosyan, A. Volkov, keyinroq V. Melnikov, V. Burmakin, J. Umarbekov, A. Aliqulov asarlarida namoyon bo’ldi. Musiqada Romantizm ijodiy oqim sifatida 19-asr boshlarida yuzaga kelgan (F. Shubert, E. Gofman, K. Veber, N. Paganini, V. Bellini va boshqalar). 19-asrning 30— 50-yillari (F. Shopen, F. Mendelson, R. Shuman, F. List, G. Berlioz va boshqalar)da yanada rivojlandi. Romantik kompozitorlar odam histuyg’ularini, tabiat manzaralarini ifodaladilar, afsonaviy-fantastik, qahramonona-romantik opera, ballada, qo’shiq, romans, cholgu miniatyura, raqs kuylari, programmali musiqa janrlarini rivojlantirdilar. 19-asrning 2-yarmida yirik musiqa janrlari (R. Vagner operalari, F. List simfonik poemalari, I. Brams, G. Maler kontsert va simfoniyalari)da Romantizm g’oyalari chuqurlashdi. Ba’zi mamlakatlarda musiqiy Romantizm mustaqil uslub sifatida emas, balki ayrim kompozitorlar ijodida namoyon bo’ldi (Rossiyada — A. Alyabev, N. Rimskiy-Korsakov, P. Chaykovskiy va boshqalar; Chexiyada — B. Smetana va A. Dvorjak; Norvegiyada — E. Grig, Finlyandiyada — Ya. Sibelius). O’zbekistonda yaratilgan musiqali drama va operalar («Layli va Majnun», «Farhod va Shirin», «Toxir va Zuhra» kabi afsonaviyromantik asarlar)da, M. Tojiev simfoniyalarida, M. Burhonov, D. Zokirov, S. Yudakov, Ik. Akbarov, Sayfi Jalil, T. Sodiqov va boshqa romanslari, kamercholg’u asarlarida Romantizm xususiyatlari kuchlidir. Naim Karimov, Nemat Abdullayev.