Ruan

Ruan — Frantsiyaning shimoliy qismidagi shahar. Dengiz bo’yi Sena departamentining ma’muriy markazi va Normandiya tarixiy viloyatining bosh shahri. Aholisi 108,7 ming kishi (1999). Transport yo’llari tuguni. Sena daryosi bo’yidagi dengiz porti. Mamlakatning yirik sanoat markazi. To’qimachilik, oziq-ovqat, metallurgiya, mashinasozlik (jumladan, kemasozlik), kimyo va neftni qayta ishlash sanoati korxonalari, universitet, muzeylar bor. Ruan — qadimgi shahar. Shaharni miloddan avvalgi 1-asrda rimliklar, 5-asrda Franklar bosib olgan. Ruanda 1431 yilda Janna D’Ark jazoga hukm qilingan va qatl etilgan. Me’moriy yodgorliklardan Notrdam sobori (13— 16-asrlar), cherkovlar, Adliya saroyi (1508-09) va boshqalar saqlangan.