Rubens

Rubens (Ryubens; Rubens) Piter Pauel (1577.28.6, Zigen, Germaniya — 1640.30.5, Antverpen) — flamand rassomi, barokko davri flamand rangtasviri maktabining asoschisi. 1600-08 yillarda Italiyada yashab Mikelanjelo, Rafael, Tisian asarlarini o’rgangan. Antverpenga qaytgach, Rubens Flandriya hukmdori saroyida bosh rassom bo’lgan. Rubens hayotni uning ijtimoiy ko’rinishlarida aks ettiradi; asarlarida bezak ko’lami cheklanmagan, kompozitsiyalar murakkab ritmga bo’ysundirilgan, shakllar jo’shqin harakatda, keskin rakurslarda tasvirlanadi, nursoya keskinligi keng qo’llaniladi. Monumental diniy kompozitsiyalar («xochni o’rnatish», taxminan 1610-11; «xochdan olish», taxminan 1611 — 14; Antverpendagi Onzelivevrauekerk soborida), portretlar ( «Izabella Brant bilan avtoportret», 1609; «Mariya Medichi», taxminan 1622-25; «po’stin», taxminan 1638-40 va boshqalar), afsonaviy lavhalar («Persey va Andromeda», «dahshatli sud», 1612— 40 va boshqalar), manzaralar («kamalakli manzara», 1632-35; «Quyosh botishidagi manzara», 1635-40 va boshqalar) yaratgan. 1617 yildan Rubens ustaxonasida uning eskizlari asosida bir qator turkum monumental bezak asarlar tayyorlangan («Mariya Medichi tarixi», 1622-25, Luvr va boshqalar), ularni yaratishda Rubensning shogirdlari — yirik rassomlar (A. Van Deyk, Ya. Yordane, F. Sneyders va boshqalar) ishtirok etgan. Rubensning nozik kuzatishlari, murakkab bezak dog’lari, chiziqlari va boshqalar bilan ajralib turuvchi eskiz va rasmlari uning virtuoz mahoratini namoyon etadi. Rubens ijodi flamand va umumyevropa rangtasviri rivojida muhim rol o’ynagan.