Samarqand shaharning suv bilan ta’minlanishi

1220 yili Chingizxonning Samarqandga qilgan hujumi natijasida qo’rg’oshin bilan qoplangan Jui Arziz novasi vayron bo’lganidan keyin shahar suvsiz qoldi va Afrosiyobni suv bilan ta’minlaydigan qadimiy Sistema tez orada qurib qoldi. Garchi Afrosiyobda hayot tugagan bo’lsa ham, ammo Samarqand yashayberdi. Oradan bir oz vaqt o’tgach, Afrosiyobdan janubroqda joylashgan rabot territoriyasida Samarqand yangidan qurildi. To’g’ri, rabotda shahar hayoti X-XII asrlardayoq juda gavjum edi. Bu yerda Afrosiyob tashqarisidagi Samarqand rivojlanaverdi.

XIV asrning ikkinchi yarmi va XV asrning birinchi yarmida Samarqand O’rta Osiyodagina emas, balki butun Sharqda eng obod va boy shaharlardan biriga aylandi. Yangi turar-joylar va muhtsham saroylar bino qilinishi munosabati bilan sug’orish kanallari barpo etildi va tashlab qo’yilgan eski sug’orish sistemalari tuzatildi.

Samarqand vohasining Ravotxo’jadan janubiy va sharqi-janubiy qismida joylashgan tog’ oldi rayonlarini sug’orish uchun Zarafshon daryosidan ehtimol xuddi shu davrda Abbos va Koraunas kanallari o’tkazilgan bo’lsa kerka. Bu kanallar Temur vaqtida qurilgan Misr qishlog’igacha yetib borgan edi. XVII-XVIII asrlarda Ashtarxoniylar va dastlabki mang’itlar davrida Abbos kanali Jun Nav deb atalardi. Keyinchalik uni Yangiariq deb, Qoraunasni esa Qozanariq deb ataydigan bo’lishdi.

Samarqand va uning atrofidagi qishloqlar, avvalgidek, suvni Darg’om kanalidan ichadi. “Samariya” asarining muallifi Abu Tohirxojaning yozishiga ko’ra, “Darg’om arig’i boshi Ko’hak daryosidan ajralib, Samarqand shahrining ichi va toshi hamda Angor tumanlarini sug’orib, ortiqchasi Ko’hak daryosiga qo’shiladi. Shahar bog’lari va bo’stonlari ushbu ariqdan yashil va tozadir”.

Shahar shoxobchalarini suv bilan ta’minlaydigan asosiy irrigatsiya magistrali Shavdor deb atalardi; u Darg’omdan chiqarilgan edi. Kanal Jumabozor qishlog’idan 4.5 kilometr quyidagi Keskanjar degan joydan boshlanar edi. Shavdor 6-7 kilometr davomida qirg’oqlari baland va asta-sekin pasayib borgan chuqur jar ichidan oqar edi. Shavdordan bosh olgan joydan 20 kilometr quyida Samarqand va uning atrofidagi joylarni sug’oradigan Dashtak va Mozor kanallari ajralib chiqar edi.

Dashtak Shavdor kanaliga qurilgan to’g’on yordamida suv bilan ta’minlanib turardi. Dashtak yuqori qismida Mozor kanali yaqinidan o’tar va undan tuproq damba bilan ajralib, so’ngra Dashtak qishlog’i orqali o’tib, Kavarzor arig’iga kelib quyilardi. Shundan kein Dashtak yana ham mayda shoxobchalarga bo’linib ketar, bu shoxobchalarning ikkitasi esa Rajabamin va Kaptarxona qishloqlariga suv bo’yiga Kavarzor arig’i ustiga o’rnatilgan ikki nova orqali oqib o’tar edi. Dashtak asosan Samarqandga sharqi-janubiy tomondan tutashgan joylarni sug’orar edi.

Mozor kanalidan chap tomonga Mazxin yoki Navbaxchiyon, o’ng tomoniga esa Shaharariq oqardi. Shaharariqdan shaharning Arkariq, Qavolariq va Mulyonariq shoxobchalari ajralib chiqardi. Bu shoxobchalar Samarqandnigina emas, balki unga janub tomondan tutashgan rayonlarni ham sug’orardi.

Samarqand va unga tutashib ketgan joylar Siyobdan chiqarilgan Obirahmat kanalidan ham suv bilan ta’minlanar edi. “Siyahob arig’i boshlab bir talay buloqlardan paydo bo’lib, Konigilgacha oqib keladi, – deb yozadi Abu Tohirxoja. – Unda ikkiga bo’lib, birinchi bo’lagi Ko’hak daryosiga oqib ketadi va ikkinchi bo’lagi ikki shoxobhachaga ajralib, birinchi butog’ikim, Obirahmat ataladi. Samarqand shahrining shimolidan bog’larga; Moturid, Bog’i Baland va Bog’i Maydonga sarf bo’ladi”. XVI asrda Obirahmat va bu kanal sug’organ joylar rasadxona orqasida joylashgan Ulug’bek bog’ining nomi bilan Naqshi Jahon deb atalardi.

Shu narsani qayd qilib o’tish kerakki, bu joyning topografik sharoitlari tufayli Samarqandni suv bilan ta’minlab turgan irrigatsiya sistemasi ko’p asrlar mobaynida deyarli o’zgarmadi. Samarqand tarixining turli davrlariga talluqli bo’lgan ma’lumotlar shundan dalolat beradi. Masalan, 1221 yilda, ya’ni Chingizxon Samarqandni bosib olganidan keyin Samarqandda bo’lgan xitoylik sayyoh Chanchunning so’zlariga qaraganda, o’sha vaqtda shahar shoxobchadan suv ichgan. Temur va Temuriylar hukmronlik qilgan davrda ham Samarqandni sug’orish sistemasi ana shunday bo’lgan.

Suv janub tomondan shaharga ikki joydan: o’sha vaqtda Qarizgoh deb atalgan Xo’ja Ahror darvozasi yonidan va So’zangaron darvozasi yonidan oqib kirgan. Qarizgoh shoxobchasi keyinchalik Xo’jaariq deb ataladigan bo’ldi, chunki u Xo’ja Ahror darvozasi yonidan oqardi, shuningdek, u Samarqand arki nomi bilan Arkariq deb ham atalar edi. So’zangaron shoxobchasi butun shahar orqali oqib o’tib, Shaharariq, ya’ni shahar kanali deb atalardi. Shubhasiz, shahar ichidan oqadigan ana shu ikki shoxobcha yana ham mayda sug’orish irmoqlariga bo’linib ketardi. Ular o’z navbatida ko’ptina hovuzlarni suv bilan to’ldirdi. Shahar kanallari ba’zi joylarda suv o’tkazadigan usti yopiq galereyalar – pishiq g’ishtdan ishlangan obi mo’rilar orqali oqib o’tardi. Ana shunday galereyalardan biri Arkariq o’zani shaharga kiraveradigan joyda qurilgan bo’lib, qal’aning shimoli-sharqiy qismida Giftar mahallasi tomon o’tardi.

Chashmasiyob, Novadon va Obsimashhad deb atalgan buloq suvlaridan hosil bo’lgan chuqur jarlar ham Samarqandni suv bilan ta’minlashda katta rol o’ynardi. Bu soylar suv yig’adigan kollektor va zovurlar sifatida foydalanilardi. Shaharning barcha shoxobchalaridan oqib keladigan suv soylardan Siyobga borib quyilardi.

Samarqandda suv ta’minoti mahalliy hokim tayinlaydigan alohida suv ma’muriyati tomonidan tartibga solib turilardi. Samarqandda suv ma’muriyati shaharning bosh mirobi – Shavdor kanali suvini taqsimlovchi – mirobi shahr va yigirmata juybon – shahar sug’orish shoxobchalarini nazorat qilib turuvchilardan iborat edi. Ular zimmasiga shaharga suv o’tkazish va Shavdor bilan Angor tumanlarini sug’oradigan shoxobchalarni nazorat qilib turish vazifasi yuklangan edi. Ayrim shoxobchalar bo’yicha suv belgilangan navbatga muvofiq Shavdor irrigatsiya sistemasi mirobining nazorati ostida taqsim qilinar edi. Vegetatsiya davrida shahar suvni har kuni kunning birinchi yarmida olar edi. O’sha vaqtda Juyichuqur va Kavarzor kanallaridan tashqari, Shavdor kanali bo’yidagi barcha shoxobchalar boshidan to Dashtak va Mozor kanallarining suvi quyiladigan joylargacha hammasi yopib qo’yilardi. Shahar mirobi va juybonlar – nazoratchilar Shavdor va Angor ariqlari atrofidagi joylarni kuzatib turganliklari uchun o’z mehnatlariga ikki tangadan mirob puli olishar edi.

Samarqand vohasining chap qirg’oq qismini, shu jumladan, Samarqandni ham sug’orishda Ravotxo’jada Darg’om, Yangi va Qozon kanallari boshi qurilgan to’g’on avvalgidek katta ahamiyatga ega edi. Samarqandlik hokimlar hamda Shavdor va Angor tumanlarining aholisi to’g’onni batartib saqlash to’g’risida alohida g’amxo’rlik qilishardi. Tarixiy manbalardan shu narsa ma’lumki, Samarqand yoki Buxoro hokimlari Darg’om to’g’onini tiklashda ba’zan o’zlari ham ishtirok etib, bu ishga boshchilik qilishardi. Masalan, “Abdullanoma” muallifi Hofiz Tanishning (XVI asr) yozishiga ko’ra, Ravotxo’jadagi to’g’onni tuzatish uchun 1556 yilda Samarqand hokimi Navro’z Ahmadxonning o’zi bu yerga kelgan. 1753 yili Buxoro hokimi Rahimbiy Darg’om to’g’onini tuzattirgan. Samarqand hokimlari, ayniqsa feodal isyonlari va ajnabiy bosqinchilarning hujumlari, vaqtida Ravotxo’ja Mavzaini va Darg’om kanalining bosh inshootini o’z qo’llarida saqlab turishga katta e’tibor berar edilar. Chunki bu joylar, yuqorida qayd qilib o’tilganidek, Samarqandga kiraverishda muhim strategik ahamiyatga edi. Shuning uchun ham Samarqand hokimlari bu yerda ko’pgina harbiy kuchlarni saqlab turishardi. Bobir davrida Ravotxo’ja qal’asida darg’a – Shavdor tuamnligining harbiy boshlig yashar edi.

Shuni aytish kerakki, Samarqandning sug’orish sistemasiga, ayniqsa, Darg’omning suv bog’lab oladigan asosiy inshootiga har yili ko’pgina ishchi kuchi, binokorlik materiallari sar qilinar edi. O’rta asrlarda barcha xo’jalik ishlari, shu jumladan, kanallarga suv chiqarish va ularni shoxoblarga taqsimlash ishida suvdan foydalanuvchilarning deyarli hammasi ishtirok etar edilar. Samarqand vohasidagi yirik irrigatsiya sistemalaridan biri bo’lgan Darg’om kanali suv bog’lab beradigan Vardsar to’g’onidan tashqari ko’pgina dambalar (band), suv ayirg’ichlar (kunda) va suv tashlag’ichlar (nishtoq) o’rnatilgan 122 shoxobchadan iborat edi. Zarafshon daryosi o’zanida, Ravotxo’jada joylashgan Darg’omning bosh to’g’oni yog’ochlar, shox-shabbalar, xashak, tosh vac him bosilgan hamda uzunligi 5-7 kilometr keladigan to’siqdan iborat edi. Biroq bu to’g’on bahorgi va yozgi suv toshqinlari vaqtida tez-tez buzilib turardi. Zarafshon toshqinlari bu to’g’onni butunlay yuvib ketgan vaqtlar ham bo’lgan. Ba’zan toshqin Darg’om to’g’onni bir yilda bir necha marta buzib ketar va har safar uni tuzatishlar yoki yangidan tiklashardi. Ana shunday davrlarda ekinlar oylab sug’orilmay qolardi. Shuning uchun ham samarqandliklar Darg’omni dardu g’am deb atashardi.

Bu inshootni tuzatish ishlarini bajarish uchun Darg’om irrigatsiya sistemasidan foydalanuvchilar har yili bahorda har qo’sh yerdan ikki kishi hisobida (jami 856 mardikor) 15 kun ishlash uchun jaratilib, ular zarur miqdorda transport va qurilish materiallarini o’zlari bilan olib borar edilar. Masalan, arxiv hujjatlarinign ma’lumotlariga qaraganda, 1914 yilda Darg’om to’g’onini tuzatish uchun 1436 kishi 12896 ishchi kuni ishlashgan, 53837 bog’ shox-shabba va 13837 bog’ xashak sarflangan.

Samarqand Rossiyaga qo’shib olinganidan keyin Darg’om to’g’onining ahamiyati yanada oshdi. Zarafshon vodiysining Samarqand bilan Buxoro qismlari o’rtasida suv taqsimlashni tartibga solish uchun 1913-1917 yillarda Ravotxo’ja suv ayirg’ich to’g’oni barpo etildi. Bu esa O’rta Osiyoda injenerlik tipidagi birinchi inshoot edi. Inshootning uzunligi 178.8 metr bo’lib, yo’g’onligi 2 metr keladigan beton ustunlar bilan ajratilgan beshta darvozali edi. To’g’onning o’ng tomonida suv oqimini to’g’rilab turadigan uzunligi 1785 metr keladigan damba qurildi. Bu damba shag’al-tosh bilan ishlab chiqildi. To’g’on suvni tartibga solib turadigan inshootlari bilan birga har sekundda 60 kubometr suv o’tkazishga mo’ljallangan edi. Bu inshootni qurish uchun 700 ming so’mdan ziyod pul sarflandi. 1921 yilda ro’y bergan suv toshqini natijasida bu inshoot vayron bo’ldi. Ko’p asrlar mobaynida xalq ustalarining boy irrigatsiya tajribasi asosida yaratilgan Samarqandning o’rta asr sug’orish sistemasi, shu jumladan, Darg’om sistemasi ham Sovet hokimiyati yillarida tamomila qaytadan qurildi. Buning natijasida Darg’om irrigatsiya sistemasigina emas, balki butun Zarafshon daryosi vodiysining ham suv bilan ta’minlanishi yaxshilandi.

Fikr bildirish