Samarqand Ulug’ Vatan urushi yillarida (1941-1945 yillar). Qizil Armiya uchun rezervlar tayyorlash va aholini harbiy ishga o’rgatish

Fashistlar Germaniyasining Vatanimizga xoinona bostirib kirishi sovet kishilarining tinch mehnat faoliyatini buzdi. Urushning birinchi kunlaridanoq butun mamlakat bo’ylab miting va yig’ilishlar o’tkazilib, ularda qatnashgan mehnatkashlar dushmanni tor-mor keltirmoq uchun o’zlarining bor kuchlarini sarflashga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Sovet kishilarining darho frontga yuborishni, harakatdagi armiya va flot safiga jo’natishni iltimos qilib harbiy komissarliklarga to’xtovsiz arizalar berib turganliklari ularning Vatanimiz mustaqilligini saqlab qolishga mahkam bel bog’laganliklarini ko’rsatib turardi.

Sovet kishilari qatori Samarqand aholisi ham partiya tashkilotlari hamda shahar va oblast harbiy komissarliklariga darhol frontga yuborishlarini so’rab 1316 ta ariza berdilar. 1941 yil 4 avgustga kelib bunday arizalar soni 2988 taga yetdi. Shu arizalardan 613 tasi xotin-qizlardan edi. O’zi arizalarida sovet kishilari o’z sotsialistik Vatanlariga xalqning cheksiz muhabbat va sadoqatini, fashist bosqinchilariga bo’lgan nafratini ham sotsializm mamlakatini himoya qilish yo’lida jangovar shijoatlar ko’rsatishga tayyor ekanliklarini izhor qildilar.

Ko’ngillilarni va harakatdagi armiya safiga chaqirilganlarni kuzatib qo’yish sovet vatanparvarligining zo’r namoyishiga aylandi. Chunonchi, pensioner Hasan bobo Mamadaliyev o’g’lini frontga jo’natar ekan: “Vatan qo’lingga qurol berdi. Shu qurol bilan dushmanning adabini berib qo’yishing lozim. Hamisha birinchilar safida bo’l! Frontda qahramonliklar ko’rsatishingga aminman!”-deb nasihat qildi.

Samarqandda harbiy ta’lim olgan 72-zapas o’qchi polkning 3-batalon 10-rotasidagi o’zbek jangchilari frontga jo’nash oldidan o’z hamshaharlariga-Samarqand oblast mehnatkashlariga “Leninskiy put” gazetasi orqali quyidagi xat bilan murojaat qildilar: “Aziz hamshaharlar, bugun biz sevikli Vatanimizni ko’krak kerib himoya qilish uchun harakatdagi armiya safiga jo’nab ketmoqdamiz. Mamlakat ichkarisida bo’lgan vaqtimizni bekor o’tkazmadik. Zo’r berib tayyorgarlik ko’rdik. Baxtli hayotimizga, ozodligimizga va mustaqilligimizga qasd qilgan fashist gazandalarini yemirib tashlash uchun harbiy ishni qunt bilan o’rgandik. Sevikli Vatanimiz tahqirlanganligi uchun, otalarimiz va onalarimizning, akalarimiz va opalarimizning, xotinlarimiz va bolalarimizning to’kilgan behisob qoni, ko’z yoshlari uchun nafrat olovi qalbimizda yonib turibdi. Siz aziz hamshaharlarimizga aytadigan gapimiz shuki, Qizil Armiyani zarur narsalar bilan ta’minlash va dushmanni tor-mor keltirish uchun sizlar ham mamlakat ichkarisida tinmay mehnat qilingiz. Biz ham sizlarni ishontirib aytamizki, jangda sira bo’sh kelmaymiz, jonajon yerimizni oxirgi tomchi qonimiz qolguncha himoya qilamiz”.

Jangchilar hamshahariga bergan so’zlarining ustidan chiqdilar, Samarqandliklar xizmat qilayotgan harbiy qism 1941-1942 yil qishi davomida dushmanning motomexanizatsiyalashgan va tank qismlari bilan 21 marta og’ir mudofaa janggi qilib, uning jonli kuchi va texnikasiga juda katta talafotlar yetkazdilar. Janglarda komandir va jangchilar chinakam qahramonlik ko’rsatishdi. Chunonchi, Oryol oblastining Chuxlovo shahri uchun 3 kun davom etgan jangda ular dushmanning 18 marta qilgan qarshi hujumini qaytardilar. Bu janga dushmanning kuchi ularning kuchidan to’rt baravar ko’p bo’lsa ham fashistlarning 3 tankini, 1500 ga yaqin soldat va ofitserlarini yer tishlatdi. Sovet jangchilarining qattiq turib mardonavor jang qilishi fashistlarni mudofaaga o’tishga majbur etdi.

1941 yil 25 iyuldan boshlab butun respublikada harbiy xizmatga chaqirilishi lozim bo’lgan kishilarni harbiy ishga tayyorlash avj oldirildi. Samarqand oblast, shahar, rayon partiya komitetlari, boshlang’ich partiya tashkilotlari va Samarqand oblast harbiy komissarligi harbiy ishga o’rgatilishi lozim bo’lgan kishilarning ro’yxatini tuzishga, zapas bo’linmalarni to’ldirishga, boshliqlar sostavini tanlab olishga va ular bilan mashg’ulotlar o’tkazishga darhol kirishdilar. 1941 yil 30 iyulda Samarqand oblastining shahar va rayonlarida harbiy ta’lim olgan kishilar soni 10 mingdan oshib ketdi.

Kommunist va komsomollar armiyaga yuborilayotganlarning oldingi safida bo’ldilar. 1944 yilning oxiriga kelib Samarqand shahar partiya tashkilotining o’ziga harakatdagi armiyaga siyosiy rahbar qilib yuborgan kommunistlar 1835 kishiga yetdi. Urush yillari davomida 37 mingdan ortiq Komsomol, ya’ni butun oblast Komsomol tashkiloti sostavining 60 protsenti frontga jo’nab ketdi. Urushning birinchi kunlaridayoq frontga ketganlar orasida Samarqand shahar Bog’ishamol rayon partiya komitetining sekretari Ziyoboyev, Samarqand shahar komsomol komitetining sekretari R.K.Karimov, 8 mart nomidagi fabrika Komsomol komitetining sekretari Saruxanov, ko’n zavodi komsomol komitetining sekretari Izchagin, choy qadoqlash fabrikasi komsomol komitetining sekretari Shcherbinin, pedagagogika instituti komsomol komitetining sekretari Kukushkin hamda boshqa juda ko’p kommunist va komsomollar bor edi. Oblast partiya komiteti apparatidan oblast partiya komitetining ikkinchi sekretari M.G.Chikovaniy, bo’lim mudirlaridan 3 kishi va instruktorlardan 9 kishi frontga jo’natildi.

Davlat mudofaa komiteti naryadi bo’yicha harbiy havo desantlari va avtomatchilar bo’linmalari asosan ko’ngilli kommunist va komsomollardan tuzildi.

Davlat mudofaa komitetining “O’rta Osiyo harbiy okrugi territoriyasida milliy qo’shin birlashmalari tuzish to’g’risida”gi 1941 yil 13 noyabr qarori va O’rta Osiyo harbiy okrugi shtabining buyrugiga asosan respublikada qo’shin birlashmalari tuzila boshladi, shular qatorida alohida milliy o’qchi brigade Samarqand oblastida tuzildi.

1941 yil 19 noyabrda Samarqand oblast partiya komiteti byurosi yoshi 40 dan oshmagan mahalliy millatdan va muayyan miqdorda kommunist hamda komsomollardan iborat qo’shin birlashmalari tuzish to’g’risida qaror qabul qildi. Oblast partiya tashkiloti shu harbiy qismlarga 838 kommunistni, oblast komsomol komiteti 3248 komsomolni yubordi. Oblast mehnatkashlari diviziya va brigade hammasi bo’lib 8773 kishini yubordilar.

Oblast territoriyasiga joylashgan milliy birlashmalarning qismlari aholi, partiya, sovet va jamoatchilik tashkilotlarida har tomonlama yordam olib turdilar.

Siyodiy bo’limlarni xodimlar bilan ta’minlash uchun diviziya va brigade oblast partiya xodimlaridan 40 kishi, chunonchi, Oqdaryo rayon partiya komitetining sekretari Q.Nurqobilov, Bulung’ur rayon partiya komitetining sekretari M.Tillayev, oblast partiya komiteti harbiy bo’limining instruktori N.Shoymardonov, Narpay rayon partiya komiteti agitatsiya va propaganda bo’limining mudiri O.Solihov va boshqalar yuborildi.

Oblast partiya komiteti qarori bilan oblast harbiy komissarligi huzurida harbiy qismlarga siyosiy xodimlar tayyorlash kurslarida 130 kishi o’qitildi. Bundan tashqari, 100 dan ortiq kishi Toshkentdagi 15 kunlik kurslarga yuborildi.

Milliy qismlar uchun o’zbek tilida gazetalar, adabiyotlar, harbiy o’quv qo’llanmalari chiqarilib turdi. Chunonchi, “Tanklar bilan kurashish to’g’risida to’p komandiri va navodchikka qo’llanma”, “Ognomyotlar va ular bilan kurash” hamda boshqa shu kabi 16 nomdagi harbiy o’quv qo’llanmalari o’zbek tiliga tarjima qilinib, ko’p nusxada nashr etildi.

1942 yil avgustida desant qismlariga ixtiyoriy ravishda ko’ngillilarni qabul qilish boshlandi. 1000 dan ortiq kishidan ariza tushdi, harbiy komissiya shulardan 17 tasini tanlab oldi. Keyinroq komsomollardan qo’poruvchi otryadlar tuzildi.

1943 yilda Samarqand oblastida 24-zapas o’qchi brigade tuzildi. Kattaqo’rg’on rayoniga joylashtirilgan bu brigade Qizil Armiyaga rezervlarni ommaviy tayyorlash bo’yicha mashq qildiruvchi markaz bo’lib qoldi. Yil oxirigacha bu brigade yuzga yaqin rota hamda maxsus komandalarni frontga yubordi. Shu yilning iyulida Samarqandda kommunist va komsomollardan avtomatchilarning 17-alohida “Samarqand bataloni” tuzildi. Bu batalonni frontga jo’natish oldidan unga oblast ijroiya komiteti va oblast partiya komitetining Qizil bayrog’i topshirildi ham murojaat o’qib eshittirildi. Murojaatda bunday deyilgan edi: “Avtomatchilarning 17-alohida Samarqand bataloni Samarqand oblasti mehnatkashlarining yuksak ishonchini oqlaydi, manfur nemis okkupatsiyachilarini muqaddas sovet yeridan tamomila haydab chiqarguncha ularni shavkatli Qizil Armiya safida turib shafqatsizlik bilan tor-mor keltira beradi, deb O’zbkiston Kommunistik (bolsheviklar) partiyasining oblast komiteti ishonch bildiradi”. Avtomatchi jangchilar bu yo’l-yo’riqni muqaddas bilib, frontlarda botirlarcha jang qildilar.

Davlat mudofaa komitetining “SSSR grajdanlarini umumiy majburiy harbiy ishga o’rgatish to’g’risida”gi qarori 1941 yil 19 sentabrda e’lon qilinib, O’rta Osiyo harbiy okrugining harbiy soveti Respublika mehnatkashlarini harbiy ishga o’rgatishning asosiy vazifalarini belgilovchi ko’rsatmalar berganidan keyin O’zbekistonda mehnatkashlarni yoppasiga harbiy ishga o’rgatish boshlanib ketdi.

1941 yil 25 sentabrdan boshlab butun respublikada harbiy o’quv punktlarini tashkil etishga va ularni komandirlar sostavi bilan to’ldirishga kirishildi.

Samarqand oblast partiya tashkiloti hamma kommunist, komsomol va mehnatkashlarni harbiy o’qishga tortish vazifasini qo’ydi. Boshlang’ich partiya tashkilotlari harbiy o’qishga tortilishi lozim bo’lgan kishilarning hammasini hisobga olib, ular orasida katta tushuntirish ishlari olib bordilar, harbiy organlarning harbiy o’quv punktlarini jihozlashlariga va o’quv qo’llanmalarini tayyorlashlariga yordamlashdilar. Partiya tashkilotlari harbiy o’qishning qanday borayotganligi masalasini byuro majlis va yig’ilishlarida mutassil muhokama qilib turdilar.

Kommunist va komsomollar bu sohada ham oldingi safda bordilar. Oblastdagi tashkilot, muassasa, sanoat korxonalarida, kolxoz va sovxozlarda har kuni, hatto dam olish kunlarida ham 2,5 soatdan harbiy mashg’ulot o’tkazib turdi. O’rta maktablarning yuqori sinflarida o’quvchilarga harbiy jismoniy tarbiya va sanitariya ta’limi berish uchun ajratilgan soatlar miqdori ko’paytirildi.

Rayon partiya komitetlari harbiy ta’limning borishi to’g’risida har besh kunda oblast va shahar partiya komitetlariga operativ ma’lumotlar yuborib turdilar.

Partiya tashkilotlari ilgari armiya safida xizmat qilgan yoki maxsus tayyorgarlikdan o’tgan zapasdagi komandirlar, maktablarning harbiy rahbarlari va oddiy jangchilardan harbiy ta’lim komandirlarini tanlab olib, ularni harbiy komissarliklar bilan birga harbiy ta’lim bo’linmalariga safarbar qildilar. Rayon partiya komitetlari harbiy ta’lim mashqlarini o’tayotganlar o’rtasida siyosiy-ommaviy ish olib borish uchun har bir bo’limga bir suhbatchi, har bir vzvodga bir agitator, har bir rotaga bir siyosiy rahbar, har bir batalonga bir harbiy komissarlardan iborat siyosiy sostavni tanlab olib, byuroda tasdiqladilar. Mashg’ulot boshlanishi oldidan har kuni 15-20 minut suhbat va siyosiy axborot o’tkazilib turildi.

Harbiy ta’limni o’tkazishda o’rta komanda sostavidan 92 kishi, oddiy sostavdan 810 kishi qatnashdi. Harbiy ta’lim olgan kishilardn qisqa vaqt ichida bir qancha batalon va boshqa harbiy qismlar tuzildi.

Oxunboboyev nomidagi Samarqand ko’n zavodida harbiy ta’lim ishlari, ayniqsa, yaxshi tashkil etildi. Bu zavod ishchi va xizmatchilarining hammasi harbiy ta’lim mashg’ulotlarida qatnashdi. Mashg’ulotlar programmaga muvofiq qat’iy jadval asosida olib borildi. Zavod o’t o’chirish komandasi boshlig’ining yordamchisi, kommunist Ivanov, zapasdagi kichik leytenant Berdnikov, smena texnologi Mustafinlar bo’linmalarining eng yaxshi komandirlari ekanliklarini ko’rsatdilar.

“Hujum” fabrikasi, “Udarnik” arteli, 4-vino zavodi va boshqa korxona xodimlarining hammasi harbiy tayyorgarik mashqlarini o’tadilar.

Samarqand shahrining Bog’ishamol rayonida ba’zi mashq rotalari bir necha korxonaning ishchi va xizmatchilaridan tuzildi. Chunonchi, Chkalov nomidagi bosmaxona va yog’ochsozlik zavodi kollektivlaridan bir rota tuzildi, makaron, tamaki fabrikalari, mebelsozlik ustaxonasi, “Gornyak” arteli kollektivlari xodimlaridan ikkinchi rota tuzildi. Kattaroq korxonalarda (tikuvchilik va pillakashlik fabrikalari) alohida-alohida rotalar tuzildi.

Samarqand shahrining aholisidan urushning birinchi yili davomida 10 ming, 1942 yil sentabr oyidan to yil oxirigacha 27 ming kishi harbiy ma’lumotga ega bo’ldi.

Ulug’ Vatan urushi yillarida yoshlarning siyosiy rahbar va tashkiloti – komsomol tashkilotlraining roli yanada ko’tarildi, ularning harbiy xo’jalik vazifalarini hal qilish uchun ham, ularning harbiy xo’jalik vazifalarini hal qilish uchun ham, shuningdek, Qizil Armiyaga rezervlar tayyorlab berish uchun ham zimmalaridagi mas’uliyat benihoya oshib ketdi.

Samarqandning komsomol tashkilotlari aholini harbiy ishga o’rgatishda, yoshlarni frontning mashaqqatli sharoitiga tayyorlashda partiya organlariga katta yordam berdilar. Komsomol tashkiloti umumiy harbiy ta’limni tashkil etishni o’z otalig’iga olib, bo’linmalar tuzishda ham, jangchilarga siyosiy tarbiya berishda ham aktiv qatnashdi. 1941 yil 11 oktabrda oblast komsomol komiteti byurosi maxsus qaror qabul qilib, shahar va rayon komsomol komitetlari zimmasiga harbiy ta’lim bo’linmalarining siyosiy rahbarlariga o’rinbosar qilib yuborish vazifasini yukladi. Komsomol rahbar xodimlari, oblast, shahar va rayon komsomol komitetlarining a’zolaridan o’nlab kishilar umumiy harbiy ta’lim bo’linmalaridagi yoshlar orasida siyosiy ish olib borish uchun yuborildi.

1941 yilning oktabrida Samarqand oblast komsomol komiteti byurosi “Umumiy harbiy ta’limning harbiy okrug punktlari uchun o’quv qurollari yasab berish to’g’risida” degan masalani ko’rib chiqdi hamda sanoan korxona va tashkilotlarning komsomol va yoshlarini ish vaqtidan tashqari vaqtlarda o’quv quroli yasashga, shuningdek, jangovar ustav va plakatlar yig’ishga safarbar qilish zarurligini ko’rsatib o’tdi.

Rayon komsomol komitetlari bergan topshiriqqa muvofiq, komsomollar korxonalarda ishdan tashqari vaqtlarida maketlar yasash uchun maxsus brigadalar tuzdilar, mashq miltiqlari, granata-minomyot va boshqa qurollar ishlab chiqarish uchun sotsialistik musobaqani avj oldirib yubordilar. Har kuni musobaqa yakunlari “Molniya”, “Jangovar varaqalar”da e’lon qilinib turildi. 1941 yilning oxiriga qadar oblast komsomollari kuchi bilan harbiy o’quv punktlari uchun miltiqlarning 2959 ta maketi, 1278 ta granata toshi, nayza janggi uchun 128 ta chuchelo, 1943 yilning oxiriga qadar esa miltiqlarning 6000 ta maketi, 7500 ta granata toshi, 350 ta boshqa o’quv quroli tayyorlab berildi. Samarqand va Kattaqo’rg’on korxonalarining komsomollari harbiy mashqda ishlatish uchun 8 ta 37 millimetrli minomyot yasab berdilar.

Urush yillari davomida Samarqand komsomollari harbiy o’quv punktlari uchun hammasi bo’lib 22 mingga yaqin o’quv quroli yasab berdilar.

Mudofaa xalq komissarligi NKO buyrug’iga binoan, pulemyotchi, minomyotchi, tank qiruvchi, avtomatchi, snayper v aloqachilar tayyorlash uchun 1942 yil fevralida umumiy harbiy ta’lim sistemasida maxsus komsomol-yoshlar bo’linmalari tuzildi.

Samarqand komsoml tashkiloti bu bo’limlarni tuzish ishini partiya tashkiloti rahbarligida avj oldirib yubordi. Bu bo’linmalarga asosan 110 soatlik o’quv programmasini yaxshi o’zlashtirgan komsomol va yoshlar yoshlar tanlab olindi. O’quv mashqlari jang sharoitiga yaqinlashtirilgan sharoitda va jangovar qurolni qo’llash yo’li bilan olib borildi.

1943 yilning aprel O’zLKSM Markaziy Komiteti byurosi “Toshkent va Samarqand oblastlari komsomol tashkilotlarining umumiy ta’lim sistemasida tankchilar tayyorlashdagi ishtiroki to’g’risida” qaror qabul qildi. Shu qarorga ko’ra, Samarqand oblast komsomol komiteti 18 va undan katta yoshdagi jismoniy sog’lom, 110 soatlik programma bo’yicha harbiy tayyorgarlikdan o’tgan komsomol va yoshlardan mexanik-haydovchi va tank komandirlari tayyorlab berishi lozim edi.

Shahar komsomol komiteti komsomollar orasidan kerakli kishilarni bir hafta ichida tanlab oldi va may oyidayoq 2-Xarkov tank bilim yurti qo’mondonligi yordamida 150 soatlik progrmma bo’yicha tankchilar tayyorlash mashg’ulotlari boshlandi. Bu mashg’ulotlar ishlab chiqarishdan ajralmagan holda o’tkazildi va buning uchun haftada kamida 6 soat vaqt ajratildi. 1943 yilning 15 noyabriga qadar 100 kishi mexanik-haydovchi va 50 kishi tank bashnyasi komandiri qilib tayyorlandi.

1942 yilning yozi va kuzida Kavkazda hamda Stalingrad bo’sag’alarida shiddatli janglar boshlanib ketdi. Frontdagi keskinlashgan vaziyat mudofaa ishlarini yanada avj oldirishni talab qildi. 1942 yilning sentabrida oblast partiya aktivi boshqa masalar bilan bir qatorda, Qizil Armiya uchun rezerv tayyorlashni kuchaytirish masalasini ham muhokama qildi. Aktiv yig’ilishi “oblastning barcha partiya tashkilotlaridan, har bir kommunistdan Qizil Armiya uchun yangi odam rezervi tayyorlashni o’z qo’liga olishni, sanoat va temir yo’l ob’yektlarini havo va kimyoviy hujumdan mudofaa qilishni jiddiy ravishda mustahkamlashni, mehnatkashlarning keng tabaqalarini mudofaa ishiga aktiv qatnashishni ta’minlashni” talab qildi.

Samarqand shahar, rayon partiya komitetlari va boshlang’ich partiya tashkilotlari bu qarorni bajara borib, 1942 yilning va oktabr oylarida ikkinchi navbatdagi umumiy harbiy ta’limni tamomlab chiqqan kishilardan kichik komandirlar tayyorlashni avj oldirib yubordilar. Har bir rayon 60 kishini kichik komandir qilib tayyorlab berishi kerak edi. Bu topshiriq oshirib bajarildi.

Partiya tashkilotlari va harbiy komissarliklar umumiy harbiy ta’lim jangchilarining jangovar va siyosiy tayyorgarligi qanday borayotganligini diqqat va e’tibor bilan kuzatib turdi, ilg’orlar tajribasini umumlashtirib, barcha harbiy mashq punktlariga yoydilar, kamchiliklarni ochib tashlab, ularni yo’qotish choralarini ko’rdilar. Jangchilar tayyorlash frontdagi vaziyatga yaqinlashtirilgan sharoitda olib borildi.

Davlat mudofaa komitetining “SSSR grajdanlariga umumiy majburiy harbiy ta’lim berish to’g’risida”gi 1941 yil 18 sentabr qarori qanday bajarilayotganligini 1943 yil 27 avgustda Oblast partiya komiteti byurosi ko’rib chiqib, partiya tashkilotlari oblast mehnatkashlariga harbiy ta’lim berishni tashkil etish borasida juda katta ish qilganliklarini qayd etdi. Urush yillari davomida butun oblastda hammasi bo’lib yetti marta umumiy harbiy ta’lim mashqlri o’tkazildi, mehnatkashlardan 200 mingga yaqin kishi harbiy tayyorgarlikdan o’tdi.

Qizil Armiyaning beshta harbiy akademiyasi: S.M.Kirov nomidagi Harbiy meditsiya akademiyasi, Harbiy ximiya akademiyasi, Harbiy-dengiz akademiyasi, Harbiy-veterinariya akademiyasi, F.E.Dzerjinskiy nomidagi Artilleriya akademiyasi urush yillarida Samarqandga ko’chirib keltirilgan edi. Bundan tashqari, bir qancha o’rta harbiy o’quv yurtlari, chunonchi Voronej aloqa bilim yurti, 2-Xarkov tank bilim yurti va aviatsiya maktablari ham Samarqandga ko’chirib keltirildi. O’quv yurtlarining hammasi yuqori malakali harbiy mutaxassislar tayyorlash bilan shug’ullandi.

Oblast partiya komitetining qaroriga binoan, 1942 yilning noyabrida F.E.Dzejinskiy nomidagi Artilleriya akademiyasi huzurida partiya aktivlarini harbiy ishga o’rgatish mashg’ulotlari tashkil etildi. Mashg’ulot haftasiga to’rt marta-ish kunlarida kechqurun 8 dan kechasi 12 gacha va yakshanba kunlari ertalab soat 9 dan kunduz soat 5 gacha o’tkazilib turdi. Mashg’ulotlar programmasi 4 oyga mo’ljallangan edi.

1941 yilning iyulida xalq lashkarlari otryadlarining tashkil etilishi sovet vatanparligining yorqin ifodasi edi. Samarqandda shunday birinchi otryad 2-vino zavodida tuzildi. Partiya komitetlari tajribali kommunistlarni tanlab olib, ularga shu otryadlarga rahbarlik qilishni, shuningdek, otryadlarda siyosiy-ommaviy ish olib borishda harbiy komissarliklarga yordam berib turishni topshirdilar.

Xalq lashkarlari otryadlariga jon-dildan yoziluvchilar juda ko’payib ketdi. Qo’liga qurol olib Vatanni mudofaa qilishga qodir bo’lgan kishilarning hammasi shu otryadlarga jangchi bo’lib kirdi. Samarqand choy qadoqlash fabrikasidagi ma’muriy xo’jalik bo’limining xizmatchisi Salikov 60 yoshga to’lganligi sababli unga, siz xalq lashkari otryadiga kirmay qo’yaqoling, deb maslahat berilganida u qat’iyan radd qilib: “Men hali unchalik qari emasman. Miltiqni ishlatishda yoshlardan qolishmayman. Frontda xizmat qilganman, Sovet yurtimiz dahshatli xavf ostida turgan bir paytda men gitlerchi yirtqichlarni yer bilan yakson qilishd butun xalq bilan birga qatnashaman” – deydi.

Samarqandning Siyob rayonida xalq lashkarlari otryadlariga yozish boshlangan dastlabki kundayoq, bu otryadlar sostaviga 3976 kishi jangchi bo’lib kirdi. Ko’n va 4-vino zavodlaridagi, “Udarnik” artelidagi, “Utilpromkombinat”dagi otryadlar mashg’ulotlarni uyushqoqlik bilan boshladilar. Ular harbiy ustavni o’rgandilar, safda yurishni, otishni mashq qildilar, taktika mashg’ulotlrida qatnashdilar.

1941 yilning 20 iyuliga qadar shaharda xalq lashkarlari otryadlarida 19579 kishidan iborat 73 ta otryad tuzildi. Keyinchalik bu otryadlar umumiy harbiy ta’lim bo’linmalariga qo’shib yuborildi.

Urushning dastlabki kunlaridanoq partiya tashkilotlari aholini havo va kimyoviy hujumdn mudofaga tayyorlashga alohida e’tibor berdilar. Samarqand shahar partiya komiteti byurosi Osoaviaxim, Qizil Yarim Oy jamiyati rayon sovetlari raislarining zimmasiga uyushmagan aholidan o’z-o’zini himoya qilish gruppalarini tuzishni 10 kun ichida tamomlash vazifasini yukladi. Barcha xo’jalik tashkilotlarining boshliqlariga, muassasalarning rahbarlariga, boshlang’ich partiya tashkilotlarining sekretarlariga korxona, muassasa va o’quv yurtlarida havo hujumidan mudofaa qilishning o’z-o’zini himoya qilish gruppalarini va sanitariya postlarini uch kun ichida tashkil etish vazifasini yuklandi.

1941 yilning avgustida samarqandliklar orasida havo hujumidan mudofaani o’rganayotganlar soni 50 mingdan oshib ketdi. Hamma koxona, tashkilot va uy boshqarmalari huzurida ob’yektlarning komandalari hamda havo va kimyoviy huumdan o’z-o’zini himoya qilish gruppalari tuzildi.

Mudofaa – ommaviy ishlarning ahvoli partiya komitetlarining byuro majlis va plenumlarida, partiya aktivlarining va boshlang’ich partiya tashkilotlarining yig’ilishlarida sistematik ravishda muhokama qilib turildi. “Hujum” fabrikasida havo va kimyoviy hujumdan mudofaaga tayyorgarlik masalasi partiya yig’ilishida ko’rib chiqilganidan keyin, mahlliy havo hujumidan mudofaa birlashgan komandasi tuzildi. Tartib va mehnatni muhofaza qilish otryadlari, aloqa va qo’riqchi otryadlar, kimyoviy hujumdan mudofaa otryadi, havo hujumidan mudofaa otryadi, avariya – qayta tiklash otryadi, meditsina-sanitariya otryadi shu birlashgan komanda sostaviga kiritildi. Bunday komandalar shahar va oblastning boshqa korxona va muassasalarida ham tuzildi. Butun 1940 yil davomida oblastda Osoviaxim yo’li bilan 21505 kishi havo va kimyoviy hujumdan mudofaa qoida va yo’llari o’rgatilgan bo’lsa, 1941 yilning oxiriga qadar bunday qoida va yo’llar 516504 kishiga, 1942 yilning fevraliga qadar 558961 kishiga o’rgatildi. Urush yillarida hammasi bo’lib 707703 kishi havo va kimyoviy hujumdan mudofaa programmasi bo’yicha o’tkazilgan mashg’ulotlarda qatnashib ta’lim oldi.

Xullas, Samarqand partiya tashkilotlari va harbiy organlari Qizil Armiyaga jangovar rezervlar tayyorlashda va aholini harbiy ishga o’rgatishga katta hissa qo’shdilar.

Kommunistik partiya Vatanga cheksiz muhabat ruhida tarbiyalar voyaga yetkazgan samarqandlik jangchilar Ulug’ Vatan urushi frontlarida va dushmanning orqa tomonida qahramonlik mo’jizalarini ko’rsatdilar. Nemis-fashist bosqinchilari bilan olib borilgan janglarda mardlik va shijoat ko’rsatgan samarqandliklardan 49573 kishi orden va medallar bilan mukofotlandi, shulardan 52 kishiga Sovet Ittifoqi Qahrahmoni degan yuksak unvon berildi. Shu yuksak unvonga sazovor bo’lganlardan 17 kishi kommunist, 25 kishi komsomol va 10 kishi partiyasizdir. Aleksandr Matrosovning o’lmas shijoatini takrorlagan samarqandlik Qudrat Suyunovning, partisan otryadining komandiri, shu otryad olib borayotgan jangda halok bo’lgan Dusya Bogaterovaning, afsonaviy Brest qal’asi himoyachilaridan M.Hamroyev, Ye.Liss, L.Mixaylov va boshqa qahramonlarning nomlari sira unutilmaydi. Bular o’z Vatani va jonajon shahrining shuhratini oshirgan ajoyib qahramonlardir.