Samarqandning G’arbiy Yevropa davlatlari bilan tashqi siyosat sohasidagi aloqalari

XIV-XV asrlar o’rtasida Amir Temurning shaxsi zamondoshlarining e’tiborinigina o’ziga jalb etib qolmay, balki jahon siyosati doirasida yuz berayotgan barcha voqealarga ham ta’sir ko’rsatdi. Unda o’z davrining murakkab siyosiy vaziyatini tushunib olish uchun yetarli darajada iste’dod bor edi.

Temurning hayoti va faoliyati asosan ofitsioz xaraktrda bo’lgan Sharq manbalarida batafsil yoritilgan. Temur bilan G’arbiy Yevropa davlatlarining boshliqlari o’rtasida olib borilgan diplomatic yozishmalar ham hozirgi kunimizgacha yetib kelgan. Temur to’g’risida yozgan tarizchilarimiz bu hujjatlarni o’rganmaganlar. Bu yozishmalar Temur o’zining g’arbga “yetti yillik” yurish davri (1399-1404 yillar) deb atalgan va qudratli Usmon imperiyasiga qarshi urush boshlashga qaror qilgan XV asrning boshlariga taalluqlidir.

XV asrning oxiri Bolqon yarim oroli tarixida Turkiyaning harbiy qudrati tez o’sganligi bilan xarakterlanadi. Turklarning Yevropa xalqlari bilan birinchi katta to’qnashuvi 1389 yilda, Serbiyaning Kosovoye maydonida bo’ldi. Turklar bir qancha g’alabalarni qo’lga kiritib, Serbiya va Bolgariyani bosib oldi. Vengriyaga xavf tug’dira boshladi hamda 1396 yilda G’arbiy Yevropa va Bolgariya ritsarlarini mag’lubiyatga uchratdi. Turk sultoni Boyazid Konstantinopolni bosib olishga tayyorgarlik ko’ra boshladi. Vizantiya imperatori Manuil Paleolog Yevropadagi qirol saroylariga shaxsan borib, ulardan yordam so’rashga jazm qildi. Karl Marks “Xronologik yozishmalar”ida shu munosabat bilan bunday yozgan edi: “Manuilni hamma joyda aslzoda gadoy sifatida qabul qildi. Parijda uni quruq tantana va dabdabalar bilan kutib oldi”.

Manuil Konstantinopoldan ketayotgan paytda (1399 yil dekabr) Bolqon yarim oroli va Arxipelag orollari juda ayanchli ahvolda edi. Yevropa davlatlari xavfning oldini olish vositalarini turli yo’llar bilan qidirar, o’zlarini qutqazib qolish uchun har qanday bitimlar tuzishga tayyor edi. Birovlar o’z raqiblariga qarshi kurash olib borish uchun turklar bilan bitim tuzish maqsadida ular oldida xushomadgo’ylik qilar, boshqa birovlar turklar qarshi kurashmoq uchun papa boshchiligida koalitsiya tuzishga umid bog’lar edilar.

Tez orada xalqaro ahvol o’zgardi. Usmon imperiyasining o’zini ham xavf ostida qoldirgan voqealar ro’y berdi. Temur Boyazidning Kichik Osiyodagi eng xavfli raqibi bo’ldi. Bu yerda ikki istilochining: o’sha vaqtda o’z harbiy qudrati jihatidan eng yuksalgan Temur bilan G’arbiy Yevropaga dahshat solib turgan Boyazidning manfaatlari duch keldi.

Boyaziddan yengilib, yer-mulklaridan mahrum bo’lgan Kichik Osiyo mamlakatlarining amirlari Temurdan boshpana topdilar va uni Usmon territoriyasiga bostirib kirib, turklarni bir yoqli qilishga undadilar.

G’arbdagi xristian davlatlarining: Vizantiya regent va Genuya hokimi Galat (Konstantinopol atrofi), fransuz qirol Karl VI, Sultoniya shahrining katolik missionerlari (Shimoliy Eronda) yordam so’rab, Temurga murojaat qilganliklari, Konstantinopol va Peri (Konstantinopol atrofi) aholisining og’ir ahvoli haqida, Sharqdagi katolitsizm sobiq markazining bergan xabari Temurning Boyazidga qarshi kurash boshlashiga turtki bo’ldi. Temurning ana shu da’vatlarga quloq solmay ilojisi yo’q edi.

Temur Turkiya bilan bo’lajak to’qnashuvda o’zining quruqlikdagi operatsiyalarini italyanlar va greklarning dengizdagi harakatlari bilan muvofiqlashtirib olib borishga umid bog’lagan bo’lsa kerak. Shuning uchun ham Temurga Trapezund bilan Konstantinopol yordam berishi zarur edi, bu joylarda hali harbiy kemalar bor edi. Temurning o’sha vaqtda yirik dengiz kuchlariga ega bo’lgan Genuya bilan Venetsiyaga sovg’a va xatlar bilan elchilar yuborishi shu maqsadni nazarda tutgan bo’lishi ehtimol, lekin buning tafsiloti bizga ma’lum emas.

1402 yilning bahorida ispaniyalik va konstantinopollik elchilar Trapezund orqali Amir Temurning oldiga kelgan vaqtda, Vizantiya imperatori Manuil Yefrat daryosi qirg’oqlari bo’yida Temurga to’sqinlik qilmoqchi bo’lib, bir necha bor sust urinishlaridan keyin itoat edi va shaxsan o’zi uning oldiga keldi. Temur Trapezundga yurish boshlab, imperatorni o’z mamlakati va dengiz kuchlari bilan turklarga qarshi harbiy harakatlarda qatnashishga majbur etdi. Biz bularning hammasini Temurning imperator Manuilning Konstantinopoldagi noibi Ionai Paleologga yozgan xatidan bilib olamiz, chunki Manuilning o’zi o’sha vaqtda, yuqorida ko’rsatib o’tilganidek, G’arbiy Yevropa hokimlarining saroylariga borib, Turkiyaga qarshi kurashish uchun ulardan yordam so’rab yurgan edi. Venetsiyalik zodagon tomonidan Konstantinopoldan Venetsiyaga olib borilgan bu xat bizga asl nusxada emas, balki bir oz buzilgan italyancha tarjimada yetib kelgan. Italyan tarixchisi Marino Sanudo (XV-XVI asrlar) bu xatni o’zining “Venetsiya podsholarining hayoti” degan asarida bosib chiqargan.

Tekstiga zarur tuzatish va aniqlik kiritilgandan keyin (biz ularni qavs ichiga olganmiz) va shu noyob hujjatning rus tilidan qilingan o’zbekcha tarjimasi quyidagichadir:

“Kirmanoliya imperatorining bosh muxtor vakiliga

Aleksandr bilan birga yuborgan monax Franchesko yetib keldi va sening xatlaringni menga topshirdi. Biz ularni ko’rdik va o’qib chiqdik. Biz endi senga aytmoqchimiz: ana shu xatlarning orqali tinchlik va osoyishtalikka bo’lgan ishonchimiz ilgarigidan ham mustahkamlandi. Monax Franchesko birinchi marta kelgan (vaqt)dayoq menda yaxshi niyatlar paydo bo’lgan edi. Trapezund imperatori (Manuil III) unga (yo’lda) katta to’sqinlik ko’rsatgan, bu narsa bizni taajjubga soldi va ana shu sababga ko’ra biz olloning panohi ostida u yerga (Trapezundga) yurish uyushtirdik va men unga (Trapezund imperatoriga) suzishga yaxshi tayyorlangan 20 ta kema bo’lishi kerakligini buyurdim. Agar bizning so’zlarimiz adolatli bo’lsa (bizning buyruqlarimiz Trapezundda ijro etish uchun qabul qilingan), u holda bu yerga (bizning lagerimizga) bizning elchilarimiz kelishadi (ular Trapezundda qoldirib ketilgan edi); hozir turgan joydan biz Yildirimga qarshi kurash boshlashimiz kerak. Sening odamlaring bu yerga kelishi bilanoq, biz zarur hisoblangan masalalarni birgalikda muhokama qilamiz. Biz shuning uchun ham monax Francheskoni sening huzuringga yubormadikki, shiddatkor Boyaziddan elchi kelishini kutib turibmiz, chunki Boyaziddan shaxsiy elchining kelishi to’g’risida ishonchli xabarlar oldik va monax Franchesko o’sha (turk) elchi bilan birgadir. Monax Franchesko o’sha elchiga (Manuil noibi nomidan) quyidagilarni aytdi: “Konstantinopol bilan Perining Boyazidga to’lagan soliqlarini endilikda ulug’ senor Temurga berishni xohlayman”. Biz bunga qo’shilamiz. Mana shu sababga ko’ra men (keyinchalik) Boyazidni og’ir ahvolga solib qo’yishni istamagandim. Mana, endi zero Boyazid seni tinch qo’ymayotgan ekan, men uning yo’lini to’saman (unga qarshi chiqaman). Agar Boyazid senga aholi yashaydigan joylarni va qal’alarni qaytarib bersa, yetkazilgan ziyon va zararlarni (to’lasa), u holda men u bilan urushmayman. Shunday qilib, sen menga mulklaringni qaytarib bergan-bermaganligini yozib yuborgin. Bu xatda menga ochiq-ravshan yozib yuborgin, chunki bizning odamlarimizning Trapezundda boshidan kechirgan ko’ngilsiz voqealarni eshitdim va shaxsan o’zim Trapezund yaqiniga keldim (va uni bo’ysunishga majvur etdim), bu haqda sen hech ham shubhalanma. Shunday, sen menga aytmoqchi bo’lganlaringni aniq-ravshan yozib yuborgin, chun Trapezund imperatori va uning odamlari huzurimizga (lagerga) kelishadi, shu boisdan biz qabul qilgan shartnoma (bizning o’zaro shartnomamiz) sening uchun buzilmas va ishonchli bitim bo’lishi kerak.

Mana shu Isxoq (xatni topshiruvchi) senga aytadigan barcha gaplar va xatimning mazmuni ochiq-ravshan, xullas, sen 20 ta kemani olib, ular bilan Trapezund tomon suzishing kerak.

Biz olloning yordami bilan yuzimizga dog’ tushirmay va ishonch bilan aniq maqsadga erishish uchun qadam tashladik.

Bu xat 15 mayda yozildi va ishonchli bo’lishi uchun biz unga o’z muhrimizni bosdik”.

Xatda keltirilgan ba’zi ma’lumotlarni Konstantinopol imperatori va Peridagi genuyaliklarning Temurga xizmat qilish va unga “odamlar va kemalar bilan” yordam berish majburiyatini olganliklari to’g’risida Klavixoning kundalik daftarida qayd etilgan yozuvlar ham tasdiqlashi mumkin. Biroq Vizantiyaning bosib olinishini yarim asrga kechiktirgan Anqara jangidan keyin Genuya floti katta haq evaziga yakson qilingan turklarni Osiyodan Yevropaga tashishga rozi bo’lgan bo’lsa kerak. Trapezundlik Manuilning o’zi ham shartnomani bajarmadi va turklarga oshkora yordam berdi, Temurda esa Manuildan o’ch olish uchun kemalar yo’q edi.

Imperator Manuilning Parijda bo’lishi to’g’risida uning zamondoshi va Manuilni Parijda o’z ko’zi bilan ko’rgan Sen-Denida (Parij atrofidagi shaharcha) yashagan monaxning yozganlari ham diqqatga sazovordir. Uning xabar berishicha, Anqara jangidan keyin Tambellan (avtor Temurni shunday deb ataydi) Manuilning Konstantinopoldagi noibiga yozgan xatida Fransiyadan o’z amakisini chaqirtirib olish zarurligi haqida aytgan, buning uchun unga Boyazid bosib olgan barcha joylarni qaytarib berishni va’da qilgan.

Temur Konstantinopolga bormadi va Boyazid vaqtida bo’lganidek, Vizantiya imperatoridan boj olish va uni bilvosita bo’ysundirish bilan kifoyalanib qo’ya qoldi. Bu esa Konstantinopol noibi Ioann Paleolog bilan Temur o’rtasida olib borilgan muzokalardan ko’rinib turibdi. Bu muzokalar haqida biz yagona manba – Temurning xatidan bilamiz. Mazkur hujjatning tarixiy qimmati ham ana shundadir.

Temur Kichik Osiyoda bo’lgan vaqtida sulton Boyazid bilan diplomatic aloqa olib borishdan tashqari Trapezund va Konstantinopoldan dengizda o’ziga madad qidirdi, shu bilan birga, G’arbiy Yevropadagi ancha olis davlatlar: Valua sulolasidan bo’lgan fransuz qiroli Karl VI (1380-1422) va Angliya qiroli Genrix IV Lankasterskiy (1399-1413) bilan diplomatik yozishmalar ham olib bordi.

Yozishmalarga qaraganda, yevropaliklarning ham, Temurning ham bitta umumiy dushmani – qudratli Usmon imperiyasi bor edi.

Fransiya Vizantiya imperiyasining taqdiriga bevosita qiziqar edi. Genuyaliklar – fransuz fuqarolarning yer va mulklarini, ayniqsa ularning G’alatadagi koloniyalarini himoya qilish uchun Fransiya Temurdan madad kutar va u bilan diplomatik munosabatlar o’rnatishga urinar edi. Temur bilan Karl VI o’rtasidagi saqlanib qolgan yozishmalar xarakteriga ko’ra, Karl VI ning taklifiga rad etilmagan va fransuz qirolini Temur jiddiy qo’llab-quvvatlagan, deb aytish mumkin. Ularning bir-birlariga rasmiy elchilar yuborganliklari to’g’risida bizda ma’lumotlar yo’q, biroq Parij Milliy kutubxonasida saqlaayotgan ular o’rtasidagi diplomatik yozishmalar esa Anqara jangidan keying davrga taalluqlidir.

Temur bilan Karl VI o’rtasidagi ana shu yozishmalarni XIX asrning boshlarida yashagan taniqli fransuz sharqshunosi Silvestr de Sasi birinchi bo’lib shug’ullangan edi. Ana shundan 100 yildan ko’proq vaqt mobaynida, garchi G’arbiy Yevropa olimlari fransuz shaqshunosining asariga murojaat etib turgan bo’lsa-da, ushbu masalaga bag’ishlangan maxsus asarlar paydo bo’lmadi.

1928 yil Bombayda Eron sharshunosi Mirzo Muhammadjon Qazviniyning maqolalar to’plami nashr etildi. Ana shular orasida bitta maqola Temurning Karl VI ga yozgan xatiga bag’ishlangan edi. Muallif asosan S. de Sasining tadqiqotiga tayanib, ba’zi bir qo’shimcha sharhlarni beradi. Bu maqolaning eng muhim tomoni shundaki, muallif xatni bosib chiqardi, vaholanki, S. de Sasi esa xatni lotincha tarjimada faksimilesiz e’lon qilgan edi.

Temurning Karl VI ga yozgan fors-tojik tilidagi xatining tarjimasi quyidagicha:

“Ulug’ amir Temur Ko’ragoniyning umrlari uzoq bo’lsin.

Redifrans podshosi mazkur do’stidan yuz minglarcha salomlarni qabul etishini so’raydi va (unga) ko’p yaxshi istaklarini izhor qiladi (ya’ni baxt-saodat haqidagi istaklar).

Salomlarini topshirgach, aqlda yagona ulug’ Amirga shu narsa ma’lum bo’lsinki, bu mamlakatga qirol xatlarini olib kelgan va ulug’ Amirning shon-shuhrati, ulug’vorligi va qudrati to’g’’risida gapirib bergan monax Franchesko orqali ko’pgina narsalarni bilib oldik va juda xursand bo’ldik. U shuningdek, bizga shu narsani aytib berdiki, (amir) ko’p qo’shin bilan safarga chiqqan va olloi taoloning yordami bilan bizning ham, sizlarning ham dushmanlaringiz ustidan g’olib chiqqan va ularni yer bilan yakson qilgan.

Endi sizning huzuringizga Sultoniya yepiskopi monax Ionani yuborildi va u Sizga ro’y bergan voqealarning hammasini gapirib beradi.

Endi biz ulug’ amirdan doimo xat yuborib, o’zining sihat-salomatligi haqida yozib (bizning), ko’nglimizni tinchitib turishini istaymiz.

Bundan tashqari, ana shu (bizning) mamlakatimizga savdogarlaringizni yuborib turishingizni istar edik, biz ularni bu yerda hurmat va ehtirom bilan kutib olamiz. Bizning savdogarlarimiz ham (sizning) o’lkangizga borishlari (kerak) va ularga ham ana shunday hurmat va ehtirom ko’rsatilishiga ishonamiz. Ularga hech kim zo’rlik qilmaydi va ortiqcha haq olmaydi, chunki dunyo savdogarlar tufayligina gullab-yashnamoqda.

Biz yana nimalarni hal etishimiz kerak?

Podsholigingiz uzoq yillar baxtiyor bo’lsin. Salom bilan 805 hijriy yilning muqaddas muharram (oyi)ning birinchi kunida yozilgan”.

Bu xatning asl nusxa ekanligi shubha tug’dirmaydi, chunki uning ikki joyiga Temurning uncha katta bo’lmagan muhri bosilgan.

Parijdagi Milliy kutubxonada Temurning Karl VI ga yozgan ikkinchi xati ham saqlanmoqda. Bu xat bizning davrimizgacha lotincha tarjimada yetib kelgan. Hujjatning sarlavhasida yozuv bor, bu yozuv tarjimasi quyidagicha ma’noni bildiradi: “Bu hokim Temurbek xatning nusxasi yoki bayoni bo’lib, bu xatni u Fransiya qiroli hazrati oliylariga yuborgan. Xat fors tilidan lotin tiliga tarjima qilingan”. Xatning forscha asl nusxasi saqlanmagan bo’lsa kerak, har holda S.de Sasining ko’rsatishicha, Fransiya arxivida bu xat topilmagan. Ikkinchi xat ham o’sha kuni, ya’ni 1402 yilning 1 avgustida yozilgan. Bu xatda Temurning Boyazid ustidan qozongan g’alabasi to’g’risida gapiriladi. Demak, bu xat birinchisidan keyinroq, Anqara jangidan so’ng tayyorlagan bo’lsa kerak.

Temurning Karl VI ga yozgan xatining tarjimasi quyidagicha:

“Biz – Temur Ko’ragoniy so’zimiz.

Dunyoning mo’tabar va muzaffar hokimi, buyuk janglarda g’olib chiqqan malik va sulton, fransuzlar va boshqa ko’pgina xalqlarning qiroli, sizga salomlar yo’llayman va tinchlik tilayman.

Biz chin do’stlarga (xos) bo’lganidek, sizning hamishadagidek baxtiyor bo’lishingizni istaymiz; sizning nomingiz shunchalik mashhurki, olis-olis mamlakatlargacha ham yetib borgan va sizning shon-shuhratingiz barcha podsholar orasida kent tarqalganini biz butun Sharqning arxiyepiskopi monax Ioanidan eshitdikki, u ilgari mening huzurimga qandaydir fransuzlar tomonidan yuborilgan edi. Ochig’ini aytganda, monax Franchesko Satru tomonidan yuborilgan ekan; biz sizning hokimiyatingiz kuchi ko’pgina mamlakatlarga yoyilganligini eshitib, juda shod bo’ldik; bu haqda biz yaqinda Turkiyada bo’lganimizda eshitdik; bundan tashqari, savdogarlarning foydalari haqida ko’pgina ajoyib ishlar haqida, sizning saroyingizdagi ulug’vorlik, qudrat va tartib haqida, shuningdek, sizning turk sultoni Boyazidga dushman ekaningizni eshitib (yana ham) quvondik, qonun va dinga qaragamda, Boyazid men bilan birga bo’lishi kerak edi, biroq u men bilan va do’stlarim bilan tuzilgan shartnomaga rioya qilmadi, shuning uchun biz uni mahv etishga qaror qildik va yuqoridagi monaxlar gapini eshitib va sizning vakillaringiz tomonidan berilgan va’dalarga asosan, biz Turkiya chegaralariga o’tib, sizning ham, bizning ham dushmanimizni ham xudoi taoloning yordamida qisqa vaqt ichida Boyazidni ham, butun mamlakatini ham tor-mor qildik; va ulug’ davlatlar va do’stlar orasida bu kabi katta ishlar to’g’risida xabarlashib turish odati mavjud bo’lganligi uchun ham biz hazrati oliylari huzuriga arxiyepiskopi Ioanni yubordik. Uni biz sizning (shu bilan birga) bizning ham (kishimiz) sifatida yubordik, u bizning ahvolimizga to’g’risida, bu yerdagi mamlakatlar haqida va sizning raqibingiz to’g’risida batafsil gapirib beradi va sizga (odamlaringizga) nisbatan bo’lgan bizning muhabbatimiz va hamjihatligimizni gapirib beradi, shuningdek, ana shu kunlarda (sizning odamlaringizga) ko’pgina foyda yetkazishga sabab bo’ldik, siz va sizning (odamlaringizga) barcha hurmat va ehtiromni o’rinlatdik; Siz diniy ishlardan tashqari hamma ishda ishonchli kishi bo’lgan uning og’zidan eshiting.

Biz sizning ahvolingiz yaxshili haqida eshitishni istaymiz, bundan keyin sizning (odamlaringiz) va bizning yerlarimiz, bizning (kishilarimiz) va sizning o’lkangiz kishilari o’tgan avlodlarimiz davridagidek, borib-kelib tursalar, sizning va bizning nomimizni hamma joyda olqishlab tursalar, mamlakatimiz savdogarlari uchun foyda keltirishsa, ko’p xursand bo’lar edik. Shuni ham aytish kerakki, endilikda bizning yurtimizda savdogarlaringizning xavfsizligi ta’minlanadi, aytilishi lozim bo’lga boshqa ishlar va aloqalarning hammasi to’g’risida yuqorida nomi tilga olingan arxiyepiskop gapirib beradi. Chunki bu yerlarda uzoq vaqt bo’lib, ko’pgina narsalardan xabardor.

Sabasta (Sivas) yaqinida muharram oyining birinchi kuni, Muhammad yilining sakkiz yuz beshinchisi yozilgan”.

Ushbu xatning tahlili quyidagi xulosalarni chiqarish imkonini beradi:

  1. Lotin tahriridagina saqlanib qolgan Temurning ikkinchi axti o’zining shakli va mazmuni jihatidan birinchi xatning asl nusxasidan keskin farq qiladi;
  2. Lotincha tarjimada keltirilgan ko’pgina narsalar tojikcha originada (agar shunaqa asl nusxasi bo’lgan taqdirda) aftidan, yo’q bo’lsa kerak, chunonchi: Karl VI ga “sulton” unvonining berilishi; monax Ioann din masalasidan boshqa hamma ishlarda ishonchli odam deb aytilgan gaplar; xatning jo’natilish vaqti va joyining tarixiy haqiqatga zidligi;
  3. Xatning lotincha teksti muharriri, aftidan, monax Ioann bo’lsa kerak. Chunki u ushbu xatda qirolning ko’klarga ko’tarib xushomadgoýlik qilish, arxiyepiskopning obroýini mustahkamlash (chunki xatda u butun Sharqning arxiyepiskopi deb nomlanadi) va o’z zimmasiga yuklatilgan diplomatik vakolatning ahamiyatini yana oshirish uchun xatni shunday tahrir etishga harakat qilgan;
  4. Xatning tojikcha teksti umuman bo’lmasligi ham ehtimoldan holi emas. Xat Temur nomidan arxiyepiskop Ioann tomonidan yozilgan bo’lib, keyinchalik 1403 yilda Fransiyaga olib kelingan bo’lishi ehtimol. Xatlarning asl nusxasi bor-yo’qligi haqida Fransiya arxivlarida ma’lumot yo’q. Xatning sarlavhadagi yozuv avtori bu xat fors tilidan lotin tiliga tarjima qilingan deb qaysi ma’lumotga asoslanib gapirgani bizga ma’lum emas.

“Franklarning qilgan ishlari haqidagi davriy yozuvlar” da arxiyepiskop Ioann elchixonasining 1403 yil mayda Parijga kelganligi haqida keltirilgan ma’lumot diqqatga sazovor. Xronikada aytilishicha, Temur elchisi Parijga kelgach, tantanali vaziyatda o’zining kelish maqsadlarini bayon etgan, chunonchi: 1) Temurning Turkiya ustidan qozongan g’alabasi, sultonni asir tushirishi, Boyazid asir olgan xristianlarni ozod qilishi va Temurning boshqa xristianlarga ozodlik berishi to’g’risida (agar shunday kishilar topilsa) xabar berish, 2) Fransiya saltanatining ulug’ligini ko’rish va Temur davlatinign dabdabasi haqida gapirib berish istagidan iborat edi.

Solnomada yozilishiga ko’ra, kein elchi uning elchixonasi – xristian dini uchun foydali bo’lgan ikki jiddiy masalani taklif qilishini aytgan: birinchidan, ikki mamlakatning savdogarlari uchun erkin savdo munosabatlari olib borilishini ta’minlash va ikkinchidan, agar qirol va gertsoglar rozi bo’lsalar, bu erkin savdoni tegishli bitim yoki shartnoma bilan mustahkamlash mumkin. Ana shu xronikada yozilishicha, katolik cherkovning boshlig’i ko’pgina kishilarga Temur hayotining xususiyatlari to’g’risida gapirib bergan va Temur haqida fransuz tilida yozilgan kichik bir asarni ham tayyorlab qo’yganligini aytgan. Temur haqidagi xotiralar ana shunday paydo bo’ldi. Modomiki, Temur haqidagi bunday memuarlar, zamondoshining, ayniqsa, Temur tomonidan yuborilgan elchining asari bo’lgani uchun ham Parijda unga nisbatan qiziqish juda katta bo’lgan.

Karl VI ning Temurga yozgan lotincha xatining tarjimasi quyidagicha:

“Xudoning marhamati bilan, franklar qiroli Karl muhtaram hazrat va muzaffar podshoh Temurbekka salomlar yo’llaydi va tinchlik tilaydi.

Muhtaram hazrat va muzaffar podshoh, qirollar va muvaqqat hokimlar, hatto, ularning dini va tilidan qat’iy nazar, ular xayrixohlik asosida bir-birlari bilan hurmat hamda do’stlik aloqalarini bog’lamoqchi bo’lsalar, avvalo, buning uchun fuqarolar, din osoyishtaligi va tinchligini ko’zlab qilinadigan har bir harakatga na qonun, na din monelik qiladi. Shuning uchun ham muhtaram hazrat va muzaffar podshoh so’zlarimizga amin bo’lingki, biz butun Sharqning arxiyepiskopi monax Ioann orqali siz janobi oliylarining xatini olib o’qidik. Bu maktubda siz bizlarga sihat-salomatlik tilagansiz va bizning ishlarimiz, shuningdek, davlatning ahvoli to’g’risida xabar berishimizni iltimos qilgansiz. Shuningdek, izning Boyazid ustidan olloning inoyati bilan qozongan g’alabangiz bizni juda xursand qildi, chunki bunga yana shu narsani ilova qilish mumkinki, siz janob oliylariga manzur bo’lsa, bizning savdogarlarimiz va boshqa xristianlar savdo-sotiq qilishlari va ayni vaqtda sizning fuqarolaringiz bilan shartnoma tuzishlari hamda qarshiliksiz o’zaro savdo ishlari olib borishlari, shuningdek, bundan keyin barcha yerlarda va joylarda shonli ota-bobolarimiz davridagidek hozir ham, buning uchun biz, avvalo, siz janob oliylariga tashakkur va minnatdorchilik bildiramiz; sizning odamlaringiz bemalol bizning yerlarimizga kelishlari va savdo-sotiq qilishlariga, shuningdek, bizning odamlarimiz ham savdo-sotiq qilishlariga va ko’pgina boshqa masalalarda bajonu dil rozimiz va shunday bo’lishini istaymiz. Yuqorida nomi zikr etilgan arxiyepiskop bizning davlatimizda bu narsalarning hammasini eshitgan va ko’rish sharafiga muyassar bo’lgan. Agar sizga manzur bo’lsa, u holda arxiyepiskop hamma narsalarni sizga og’zaki gapirib beradi; siz hazrati oliylari bu ishda uning gaplariga, uning sodiqligiga ishonchimiz va keyinchalik undan iltimos qilishimiz tufayli unga ishonishingiz mumkin; u sayohati davomida o’z ko’zi bilan ko’rgan, kechirgan narsalarini gapirib beradi. Nihoyat, biz siz janobi oliylari tomonidan ko’pgina xristianlaringiz uchun sizga chin qalbdan minnatdorchilik izhor qilamiz. Biz sizning ishlaringizni, foydali takliflaringizni qabul qilamiz, imkoni bor joylarda (ularga) barobar va undan ortiqroq iltifot ko’rsatishga va’da beramiz. Parijda yozilgan, hazrati Iso payg’ambar yilning bir ming to’rt yuz uchinchisi, iyun oyining o’n beshinchi kuni”.

Bu hujjat shu jihatdan ham qiziqarliki, u Karl VI ning Temurga yozgan va saqlanib qolgan yagona xatidir. Bundan oldingi xatlar bizga yetib kelmagan bo’lib, ularning mavjudligi haqida bizgacha yetib kelgan yozishmalarda ma’lumot saqlanib qolgan. Mazkur xatning asl nusxa ekanligi shubha tug’dirmaydi, chunki uning nusxasi Parijdagi Milliy kutubxonada saqlanmoqda. Xatning muxarriri o’sha arxiyepiskop Ioann bo’lgan bo’lsa kerak. Chunki unga katta e’tibor berilgan, bundan tashqari xat shakl jihatidan Temurning yozgan xatlarining lotincha tahririga yaqin va uning taqlididir. Karl VI da Anqara yonida turk qo’shinlarining tor-mor qilinganligi uchun Temurga minnatdorchilik bildirishga to’la asos bor edi. Xatda Fransiya bilan Temur davlati o’rtasida savdo aloqalarini rivojlantirishga katta o’rin berilgan. Ikkala tomon ham bundan manfaatdor edi. Maktubdan ko’rinib turibdiki, fransuz qirolining fuqarosi Temur saroyiga erkin ravishda kira olar va undan o’z manfaatlarini ko’zlab keng foydalana olar edi.

Temurning ikki xati 1402 yil 1 avgustda yozilgan, Karl VI ning javobi esa 1403 yilning 15 iyunida yozilgan.

Temurning Anqara jangidan keyin fransuz saroyi bilan qilgan yozishmalaridan ko’rinib turibdiki, bu Sharqqa yuborilayotgan katolik missionerlariga beriladigan tavsiya xatlarigina bo’lmay, balki savdo shartnomasi tuzishga qaratilgan diplomatik yozishma edi. Bu masalada Vatikan vakili Sultoniya arxiyepiskopi Ioannga muhim rol ajratiladi, chunki unga Karl VI ning javob xatini yetkazish topshirilgan edi. Qirolning maktubi Temurga topshirilgan yoki topshirilmaganligi haqida bizga aniq ma’lumotlar yo’q. Madomiki, Temur Samarqandga 1404 yilning kuz faslida qaytib kelgan ekan, Karl VI ning javob maktubi unga qaytayotgan vaqtda topshirilgan bo’lsa kerak. Temurning 1405 yil fevralda vafot etishi va keyinchalik Temuriylar o’rtasida toju taxt uchun boshlangan kurashlar muzokaralarni nihoyasiga yetkazishga imkon bermagan bo’lsa kerak. Temur davlatinin Fransiya bilan aloqalari to’g’risidagi ma’lumotlar ana shunday.

Angliyaning Sharq bilan aloqalari juda kam o’rganilgan. Ingliz ritsari Djon Mandevilning afsonaviy sayohatini e’tiborga olmaganda, inglizlar o’rta asrlarda Sharqni o’rganish ishiga qatshmadilar. Hozir taxmin qilinishicha Djon Mendevil faqat Misr va Suriyadagina bo’lgan, uning Hindiston, Xitoy va boshqa mamlakatlar bo’ylab qirq yillik (1332-1372) sayohatlari bayoni esa boshqa sayohatchilar kitoblaridan olingan. Faqat Temur davridagina Angliya bilan Temur davlati o’rtasida diplomatik munosabatlar o’rnatishga urinib ko’rildi, ammo bu ham natija bermadi.

Temur Kichik Osiyoda bo’lgan vaqtida deyarli butun G’arbiy Osiyo “Tatar istilochisi” (G’arbiy Yevropa yozuvchilari Temurni ana shunday deb atar edilar) hukmronligi ostida edi. Sharqiy Yevropaning xristian davlatlari g’ayri din Temurni yaqin ittifoqchi deb tan olishga tayyor edi. Konstantinopol greklari va Peri genuyaliklari umumiy dushman bo’lgan turklarga qarshi Temur bilan birgalikda harakat qilishga rozi bo’ldilar. G’arb davlatlari ham qo’l qovushtirib o’tirmadi. Angliya ham boshqa davlatlar bilan birga Temur bilan do’stona aloqalarni o’rnatish yo’lini qidira boshladi.

Ana shu davrda Angliyaning tashqi siyosati Fransiyaga nisbatan dushmanlik ruhida edi. 1396 yilda ular tuzgan yarash bitim tez orada buzildi, 1404 yilda esa ular o’rtasida harbiy harakatlar yana boshlanib ketdi.

Yuqorida aytib o’tilgan hujjatlar Temur bilan Fransiya o’rtasida diplomatik munosabatlar o’rnatishda butun Sharq katolik arxiyepiskopi Ioannning katta rol o’ynaganligidan dalolat beradi. Boyazid mag’lubiyatga uchramasdan oldinroq Ioann Temurning to’la ishonchini qozona oldi va bir g’ayri dinning halokati yo’lida ikkinchi bir g’ayri din bilan kelishib olish zarur deb hisoblab, u bilan bitim tuzdi.

Vatikan vakili Angliyani Temur tomonidan vujudga keltirilgan katta davlatning g’arbiy viloyatlaridagi vakili Mironshoh bilan yaqinlashishiga aktiv ko’maklashdi.

XV asrning oxirida diplomatik yozishmalardan hozirgacha saqlanib qolgan va lotin tilida bo’lgan ikki hujjat Temurning uchinchi o’g’li – Mironshohning nomi bilan bevosita bog’liqdir. U 1393 yilda Temur zabt etgan “Xulagu podsholigi”ni, ya’ni Bag’dodni o’z ichiga olgan Shimoliy Eron, Tabriz va Sultoniyani o’z ichiga olgan Zakavkazyedan iborat fors mo’g’ullari davlatini boshqarishni qo’liga olgan edi. Temuriylar avlodidan tirik qolgan katta o’g’li sifatida Mironshoh keksayib qolgan otasi davrida G’arbiy Yevropa hokimlarining diqqat-e’tiborini o’ziga jalb etadi va tez orada G’arbdan kelgan xristian savdogarlari va missionerlarning manfaatlarini ochiq-oydin ifoda qiluvchi va Angliya qiroli Genrix IV bilan shartnoma tuzishga tayyor turuvchi “katolik dinining homiysi sifatida” shuhrat qozondi. Buni biz Angliya qiroli Genrix IV ning Mirzo Mironshohga yo’llagan javob maktubidan bilib olamiz.

Maktubning mazmuni qisqacha quyidagilardan iborat: do’stona va yaxshi munosabatlar uchun, katolik xalqiga nisbatan, ayniqsa, ruhoniylarga va frank-katoliklarga xayrixohlik bildirib, ularga iltifot va marhamatlar ko’rsatib hamda xristian savdogarlarining daxlsizligini ta’minlab va shu bilan bir qatorda, savdo-sotiq ishlari manfaatlarini ko’zlab qilgan ishlari tufayli “katolik dinining homiysi, Sharq mamlakatlarining amiriga” (Mironshohni shunday deb atashar edi) minnatdorchilik bildiradi. Qirol Mironshohga bularning hammasini u “turli xatlardan ko’ra, Sharqning arxiyepiskopi Ioanning ma’lumotlaridan ko’proq” bilib olganligini aytadi.

Qirolning maktubidan ko’rinib turibdiki, Angliya bilan do’stona munosabatlarni o’rnatishda Mironshoh tashabbus ko’rsatgan, chunki u “xabar berishlaricha, davlat ishlariga taalluqli bo’lgan ba’zi bir masalalar yuzasidan biz bilan do’stona munosabatlar va tinchlik aloqasini o’rnatish yo’lini qidirdi”. Qirol shartnoma tuzish istagini bildiradi va shu maqsadda Angliya ishlaridan yaxshi xabardor bo’lgan arxiyepiskop Ioanni vakil qilib tayinlaydi, unga to’la ishonch bildiradi.

Maktub fevralda (yili ko’rsatilmagan) Gertford shahridan jo’natilgan. Uning shakli mazmuniga qaraganda, maktubning muharriri Ioanning o’zi bo’lgan bo’lsa kerak, chunki unga xatda katta e’tibor berilgan edi.

Parijdagi Milliy kutubxonada Mironshohning nomidan yozilgan va hozirgacha faqat lotincha tarjimasi yetib kelgan bir hujjat saqlanmoqda. Hujjatning sarlavhasida yozuv bo’lib, u quyidagi ma’noni bildiradi: “Amir Amirza Miranks xatining ushbu ko’chirilgan nusxasi yoki bayoni forschadan lotin tiliga tarjima qilingan”. Xatning forscha asl nusxasi saqlanmagan bo’lsa kerak. Har holda Silvestr de Sasining ko’rsatib o’tishicha, bu xat Fransiya arxividan topilmagan.

Bu hujjatda Mironshohning “Franklar yoki xristianlarning muhtaram qirollari, davlat boshliqlari, obshchinalarining boshliqlari va hokimlariga” yuborilgan maktubi bayon qilib berilgan.

Avtorning ko’rsatib o’tishicha, “ushbu maktub do’stlarning tinchligi va osoyishtaligini ko’zlab zuqarnan oyida” yozilgan. Arxiyepiskop Ioann zimmasiga ushbu maktubni o’z egalariga yetkazib berish vazifasi yuklatilgan. Maktubdan ko’rinib turibdiki, Ioann Genuya va Venetsiyada bo’lib, “u yerdan siz bajardan ishlar to’g’risida” ko’pgina shodiyona xabarlar keltirgan. Keyinchalik aytiladiki, “siz yaxshi kutib olgan monax Franchesko Satru yetib keldi va uning xabarlaridan bizning otamiz va biz signi va sizning fuqarolaringzni sevib qolib, ko’pgina ishlarni amalga oshirishga tayyor edik va oshirdik ham, chunki yuqorida nomlari zikr qilingan (Genuya bilan Venetsiya ko’zda tutilgan bo’lsa kerak) bizning va Sizning dushmanlarimizga qarshi bizning qudratli kuchlarimiz yurish boshladi, biz uni egalladik va tor-mor qildik, bundan keyin ham Siz eshitganingizdek ish tutamiz”.

Avtorning yozishicha, uning otasining topshirig’iga ko’ra, arxiyepiskop Ioann “bizning yengilmas qudratimiz to’g’risida, shuningdek, kundalik ishlarimiz, xarakterimiz haqida hamda bizning yerlarimiz va’da etayotgan foyda haqida” xabar berish uchun yuborilgan edi. Maktubning oxirida savdo munosabatlarini rivojlantirish to’g’risidagi masala tilga olinadi: “Savdogarlarga kelganda, sizning savdogarlaringiz hozirgi vaqtda ular xavf-xatarsiz bo’lganlaridek, xavf-xatarsiz biz tomonlarga kelishi va bizning (odamlarimiz) ham xavf-xatarsiz bo’lishini istaymiz. Garchi bizning o’rtamizda diniy tafovur bo’lsa ham, sizning (kishilaringiz) xavf-xatarsiz bo’lardi, chunki bu dunyoda mehr-muhabbat bor. Biz ko’plarning va, ayniqsa, savdogarlarning naf ko’rishi to’g’risida g’amxo’rlik qilishimiz kerak”. Maktub quyidagi so’zlar bilan tugallanadi: “Sebasta (Sivas) yaqinida Muhammad yilining sakkiz yuz beshinchida, yuqorida ko’rsatilgan oyda yozilgan”.

Ushbu hujjatni tahlil qilib, quyidagi xulosalarni chiqarish mumkin:

  1. Modomiki, Mironshohning maktubi xristian hokimlar va franklarning obshchinalariga qaratilgan ekan, maktubning forscha asl nusxasi arxiyepiskop Ioanning arxivida saqlangan bo’lishi mumkin, chunki maktubni lotin tiliga tarjima qilib, turli knyazlar va respublikalarga yuborish unga topshirilgan edi; maktubning lotincha tarjimasi muharriri,shubhasiz, Ioanning o’zi bo’lishi kerak, u o’z bilganicha maktubga o’zgartish va qo’shimcha kiritishi mumkin edi;
  2. Maktub yuborilgan vaqt to’g’risidagi masala hal qilinmasdan qolmoqd. Tekstda “ushbu maktub zuqanan oyida yozilganligi” (musulmonlarning oxirgisidan oldingi – Zulqa’da oyining buzib aytilgani ko’rsatilgan) aytilgan, maktubning oxirida esa biz quyidagi so’zlarni o’qiymiz: “Sebasta yaqinida Muhammad yilining sakkiz yuz beshinchisida yuqorida ko’rsatilgan oyda” (zulqa’da oyida), ya’ni 1403 yilning 22 mayi bilan 21 iyuni o’rtasida yozilgan, chunki tarjimon maktubning oxirida “mense ut Supra”, ya’ni yuqorida aytilgan oyni qo’ygan.

Agar S. de Sasining fikriga qo’shiladigan bo’lsak, u holda Mironshohning G’arbiy Yevropaga yo’llagan maktubi Anqara jangigacha (1402 yil 28 iyulgacha) jo’natilgan. Agar shunday bo’lsa, maktubning quyidagi so’zlarini qanday tushunmoq kerak, degan savol tug’iladi: “yuqorida nomlari zikr qilingan (Genuya bilan Venetsiya) bizning va sizning dushmanlarimizga qarshi bizning qudratli kuchlarimiz yurish boshladi, biz uni egalladik va tor-mor qildik”. Bizning fikrimizcha, bu yerda turklarning Anqara yonida tor-mor etilishi ko’zda tutilgan bo’lsa kerak. Mironshoh maktubi sanasini aniqlab olishdagi qiyinchilikning sababi shundaki, biz Temur bilan Mironshoh o’rtasida janjal qachon chiqqanligini va o’g’li “Xulagu taxtidan” qachon chetlashtirilganligini aniq bilmaymiz. Temur hayot vaqtidayoq yozilgan “Zafarnoma”ning dastlabki tahririda ota bilan o’g’il o’rtasidagi janjal tilga olinmaydi, Sharafiddin Alining asaridangina shu narsa bizga ma’lumki, 1399 yilda g’arbga qilingan yurish asosan Mironshohning harakatlari tufayli bo’lgan.

Angliya qiroli Genrix IV ning Temurga yozgan javob maktubini ham qarab chiqaylik. Bu maktub hozir Britaniya muzeyida saqlanmoqda. Temurning Genrix IV ga yozgan maktubi Angliya arxivlaridan topilmadi.

Ana shu noyob hujjatning mazmuni quyidagicha:

“Xudoning inoyati bilan Angliya va Fransiyaning qiroli, shuningdek, Irlandiya hokimi Genrix ulug’ va qudratli podshoh Temurbekka so’zimiz, bizning do’stimiz, xudoning aziz bandasiga eng katta salomlar bo’lsin va xudo tinchlik ato qilsin.

Ulug’ podshoh, do’stimiz, xudoning aziz bandasi, Iso payg’ambarning Sharqdagi vakili arxiyepiskop orqali yuborgan xatingiz (ya’ni unda yozilgan narsalar) bilan tanishibgina qolmay, siz ishonch bildirgan o’sha arxiyepiskopning o’zidan og’zaki suhbat vaqtida gaplarni eshitib, sizga bo’lgan do’stligimizni yana bir bor his qildik. Biz bildirgan do’stligingizga loyiq ish qilganimizcha yo’q hali; sizning eson-omonligingizni mazkur arxiyepiskopdan eshitib quvondik, shu bilan birga, ayni vaqtda Fransiyaga sizning shavkatli o’g’lingiz topshirig’i bilan boshqa masalalar bo’yicha, ya’ni sulh va hamjihatlik yuzasidan bildirilgan istaklar bizni xursand qildi, shundan so’ng sizning oldingizga boruvchi ruhoniy (dominikanlar ordeniga mansub bo’lgan) Franchesko Shader tomonidan siz zoti oliylariga o’zaro aloqalarimiz doirasini kengaytirish, davlatlarimiz savdogarlarining bir-birlari bilan ilgari, avlodlarimiz davrida bo’lganidek, uchrashib turishlarini ta’minlash niyatidamiz. Bu gaplarni ulug’ podshoh, sizga bo’lgan do’stligimizning ramzi sifatida aytmoqdamiz… (qolib ketgan). Minnatdorchilik bilan chin qalbdan so’raymizki, bundan so’ng bizning savdogarlarizmining mamlakatingizda bemalol yurishlariga imkon tug’ilsa.

Yuqorida zikr etilgan xat mazmunidan sizning yaqinda Turkiya chegaralariga kirib, xudoning madadi bilan qisqa muddat ichida bizning va sizning eski dushmanimiz Boyazid va uning davlatini tor-mor qilganingizni bildik. Bu esa dillarimizni quvontirdi va katta shodlik keltirdi. Uning (xohishi bilan) podsholar hukm yurgizadi, g’oliblar yuksaklikka ko’tariladi, podsholar hokimiyati ulug’lanadi. G’alabani g’oyibda yuborgan parvardigorning nomini hamisha esa tutaylik.

Darvoqe, ulug’ podshoh, Sizga bo’lgan muhabbatimiz va hurmatimiz haqqi yuqoridagi biz tomondan xursandchilik bilan kutib olingan arxiyepiskopga xayrixohlik bildiribgina qolmay, balki do’stona munosabatda bo’ldik. Shuning uchun ham sizdan chin qalbdan iltimos qilamizki, siz zoti oliylari oldingizga borsa, u kishini qabul qilursiz, u bizning podsholigimizdagi ahvol va olib borilayotgan ishlarni aytib beradi, biz unga o’z mulohazalarimizni batafsil gapirib berganmiz, u bizning nomimizdan sizga yetkazgan xabarga ishoning. Ulug’ podshoh, xudoning aziz bandasi…”

Temur maktubning mazmuni bizga ma’lum bo’lmaganligi sababli Angliya qirolining javob maktubida tilga olingan masalalarning hammasi ham bizga aniq emas.

Maktubning boshida Temurning qirolga nisbatan garchi uning xizmatlari yetarli bo’lmasa-da, haqiqiy do’stona munosabati (buni u arxiyepiskop Ioanidan bilib olgan) Angliyada yuksak baholandi, deb ko’rsatilgan.

Maktubdan ko’rinib turganidek, arxiyepiskop Ioann Temurning o’g’li (Mironshoh)ning topshirig’iga asosan “sulh va birlashish” munosabati bila Fransiyaga safar qilgan; ammo bu safarning tafsilotlari bizga ma’lum emas. Bunda 1386 yilda Fransiya bilan Angliya o’rtasida tuzilgan yarash bitimi ko’zda tutilgan bo’lsa kerak.

So’ngra aytiladiki monax Franchesko Shader qirolning topshirig’iga asosan, Temurni “yerlarimizni kengaytirish to’g’risida” va boshqa “ishlarimiz” haqida xabardor qilgan. Ko’rinib turibdiki, bu yerda gap Angliyaning yuz yillik urush vaqtida Shimoliy Fransiyaning ba’zi territoriyalarini bosib olganligi haqida bormoqda.

Maktubda “bizdan oldingi zamondoshlarimiz qilganidek”, Angliyaning Temur bilan Genrix fuqarolari o’rtasida erkin savdo munosabatlarini davom ettirish istagi borligi qayd qilib o’tiladi, Temurning umumiy dushman – Boyazid ustidan qozongan g’alabasi munosabati bilan “katta xursandchilik” izhor qilinadi.

Nihoyat, maktubda ko’rsatib o’tilishicha, xat avtori arxiyepiskop Ioannga to’la ishonch bilan qarashni iltimos qiladi. Temurga qirolning maktubini topshiribgina qolmay, balki bu yerdagi barcha kishilar va ishlar to’g’risida o’z og’zi bilan gapirib berish ham unga topshirilgan, chunki “unga o’z mulohazalarimizni batafsil gapirib berganmiz”.

Genrix IV ning Temurga yuborgan maktubining saqlanib qolgan lotincha teksti mazkur hujjat yozilgan joy va vaqt to’g’risida ma’lumot bermaydi. Maktubda Temurning Turk sultoni Boyazidni tor-mor qilganligi to’g’risida eslatib o’tiladi. Bu voqea 1402 yil iyul oyining oxirida Anqara yaqinida bo’lib o’tgan edi. Demak, maktub ana shu sanadan keyin yozilgan. Arxiyepiskop Ioanning Temur xati bilan Angliyaha qilgan safari uning zimmasiga Parijda yuklatilgan missiyadan keyin va Karl VI ning 1403 yil 15 iyunda Temurga javob xatini olgandan so’ng bo’lgan bo’lishi mumkin. Binobarin, Genrix IV ning Temurga yozgan maktubi unga 1403 yilning o’rtalarida yuborilgan bo’lishi mumkin.

Angliya qiroli Genrix IV ning Temurga yo’llagan maktubining shakli va qisman mazmuniga ko’ra, fransuz qiroli Karl VI ning Temurga yuborilgan lotincha maktubiga o’xshaydi. Ikkala xat ham yuqorida nomi bir nech bor tilga olingan arxiyepiskop Ioann tomonidan tuzilgan bo’lishi mumkin, chunki unga ana shu maktublarni Temurga topshirish vazifasi yuklangan edi. Angliya qirolining ana shu xatini Temurning olgan-olmaganligi haqida bizda hech qanday ma’lumot yo’q. Modomiki, Fransiya va Angliya qirollarining javob maktublari 1403 yilning o’rtalarida yozilgan ekan, bu maktublar Temurning 1404 yil kuz faslida Samarqandga qaytib kelganiga qadar unga topshirilishi mumkin edi. Temur davlatining Angliya bilan aloqalari haqidagi ma’lumotlar ana shulardan iborat.

Temur Misr sultoni ustidan qozongan g’alabasidan keyin, va, ayniqsa, 1402 yilda Anqara yaqinidagi bo’lgan jangda qudratli Usmon imperiyasini tor-mor qilgandan so’ng G’arbiy Yevropada yanada keng shuhrat qozondi. Uning shuhrati hamma joyda zo’r qiziqish va hayajon tug’dirdi; natijada yevropaliklarda olis Sharq bilan tanishishga bo’lgan azaliy intilish yanada kuchaydi. Temur zamondoshlari bo’lgan yevropalik hokimlardan, ayniqsa, Kastiliya qiroli Genrix III Sharq bilan juda ham qiziqdi. U Temurning Turk sultoni Boyazidga qarshi olib borgan kurashini diqqat bilan kuzatib bordi va 1402 yili Kichik Osiyoga elchilar yuborib, u joylarda yashayotgan kishilarning “urf-odatlari, dini, qonunlari, olisdagi ana shu xalqlarning kuch-qudrati to’g’risida va ularning intilishlari hamda keladigan naf qanday bo’lishi va mumkinligi haqida” ma’lumotlar to’plashni topshirdi.

Genrix III ning elchilari boshqa mamlakatlarning elchilari bilan birga Boyazidni Anqaragacha kuzatib bordilar. Qirolning topshirig’iga binoan, ular Boyazid, Temur haqida aniq ma’lumotlarni to’plashlari va ular o’rtasida olib boriladigan jang vaqtida hozir bo’lishlari kerak edi.

G’alaba munosabati bilan o’tkazilgan tantanalar vaqtida Temur o’ziga nisbatan itoatkorlik ifodasini bildirib, uning huzuriga yuborilgan ko’pgina elchilar qatori ispaniyalik elchilarni ham samimiy qabul qildi. Temur Ispaniya elchilarini vataniga jo’nata turib, ularga katta sovg’a in’om qildi va o’zining Muhammad al-Qozi ismli (Klavixo asarida shunday deb yozilgan) elchisini ham ularga qo’shib jo’natdi. Qirol huzurida bo’lgan qabul marosimi vaqtida elchi “podshoh Temurbekning unga yuborgan maktubini topshirdi”.

Temurning do’stona munosabati “ikki davlat o’rtasida paydo bo’lgan do’stlikni mustahkamlash maqsadia “Genrix III ni javob tariqasida elchilar yuborishga da’vat etdi. Elchilar sostavida aqoid magistri Alfons Paes de Santa Mariya, Ryun Gonzales de Klavixo va qirolning soqchisi Gomes de Salazar ham bor edi. Gomes yo’lda vafot etdi. Saroyda muhim mansabni egallab turgan Klavixo elchilarga boshchilik qildi.

Genrix III olis mamlakatga elchilarni jo’natar ekan, o’zining doimiy maqsadini ham sedan chiqarmadi: elchilar hamma yerda kuzatib yurishlari va boradigan hamma joylar hamda xalqlar to’g’risidagi ma’lumotlarni to’plashlari, qaytib kelganlaridan keyin bularning hammasi haqida batafsil hisobot berishlari kerak edi. Klovixoning “hech narsa unutilmasligi va bularni to’la va aniqroq eslash hamda gapirib berish uchun” bu yerga kelgan birinchi kundanoq kundalik daftar tuta boshlaganligiga, ehtimol, ana shu topshiriq sabab bo’lgandir. U diqqatga sazovor bo’lgan barcha narsalarni uch yil mobaynida kunma-kun yozib bordi.

1403 yil 21 mayda Ispaniyadan jo’nab ketgan elchilar dengiz orqali Konstantinopolga o’tib, u yerdan Trapezundga kelishdi. Trapezunddan so’ng quruqlik yo’ldan yurib Eron orqali Balhdan shimolroqda Amu daryodan o’tib, Termiz va Kesh (Shahrisabz) da bo’lishdi va keyin Samarqandga yetib kelishdi.

1404 yil 8 sentabrda Ispaniya elchixonasi a’zolari Bog’i Dilkushoda Temur huzuriga tashrif buyurishdi.

Ular boqqa kirib saroyga yaqinlashgach, Temurni ko’rishdi. Klavixoning so’zlariga qaraganda, u “yerga qo’yilgan taxt ustida o’tirardi, uning oldidagi fontanlardan suv otilib turar, ularda esa qizil olmalar bor edi. Podsho shoyi ko’rpachada, tirsagi bilan lo’la bolishga yonboshlab o’tirardi U ustiga silliq, gulsiz shoyi libos kiygan, boshida esa oq qalpoq bo’lib, uning tepasiga yoqut, marvarid va qimmatbaho toshlar qadalgan edi”.

Klavixoning ispaniyalik elchilarning qabul qilinishi haqidagi hikoyasi Temur saroyida elchilarni qabul qilish marosimi haqida ba’zi bir tasavvurlarni beradi. Ma’lumki, bu hikoya hozirgacha sovet sharqshunoslik adabiyotida tahlil etilmagan.

Ispaniya elchilarini qabul qilish, avvalo, ular olib kelgan sovg’alarini topshirishdan boshlanadi. Sovg’alarni olgan kishilar ularni saroyga olib kirib ketishdi, elchilarni esa qo’llaridan yetaklab u yerdan nariga olib bordi. So’ngra ularni bir oz olg’a yurgizdi vas al kutib turg’izdi, keyin odam yuborib, ularning yura berishlarini aytishdi. Elchilar kuzatuvchilar bilan birga borishdi; ularning yonida Temurning Kastiliya qiroli oldiga yuborgan kastiliyacha kiyingan elchisi ham bor edi. Shundan so’ng elchilarni Temur singlisining o’g’li oldiga olib borishdi. U supada o’tirar edi, elchilar unga ta’zim qilishdi; keyin ularni Temurning supada o’tirgan yosh nabiralari oldiga olib kelishdi; elchilar ularga ham ta’zim qilishdi. Nabiralar qirol yorlig’ini elchilarning qo’lidan qabul qilib olib, uni Temurga olib borib berishlari kerak edi. Temurning uch nabirasi yorliqni qabul qilib olib, uni Temurga olib borib berishdi. Elchilar yurishni davom ettirdilar. Ular podshoni ko’rishlari hamono o’ng tizzalarini bukib va qo’llarini ko’ksilariga qo’yib, unga ta’zim qilishdi; so’ngra ular yaqinroq kelishib, yana ta’zim qilishdi, sal oldinga borib, ta’zim qilib turishdi. Temur ularga turishni va yaqinroq kelishni buyurdi. Elchilarni qo’llaridan ushlab, kuzatib kelayotgan kishilar Temurning oldiga yaqin kelishga jur’at etmay, ularni qo’yib yubordilar. Podsho oldida turgan yaqin amirlardan uch harbiy boshliq elchilar yoniga kelib, ularning qo’llaridan ushlashdi-da, Temurning oldiga olib borib cho’kka tushirishdi. “Podsho, – deb yozadi Klavixo, – elchilarni yaxshiroq ko’rish uchun yaqinroq kelishga undadi, chunki u ancha keksayib qolgan va yaxshi ko’rmas edi, hatto qovoqlarini ham ko’tara olmasdi, podsho o’pish uchun qo’lini bermadi, chunki ularda bunday odat yo’q edi”.

So’ngra Temur ularga: “Mening o’g’lim, qirol qanday yashayapti? Uning ishlari qalay? Sog’lig’i yaxshimi?” – deb savol berdi. Elchilar unga javob qaytarishdi va o’z elchiligining maqsadini tushuntirishdi. Temur ularni eshitdi va “…ular gapirib bo’lgach, – deb yozadi Klavixo, – Temurbek pastda o’tirgan amirlarga, aytishlaricha, ulardan biri Tataristonning sobiq podshosi To’xtamishning o’g’li edi, ikkinchisi samarqandlik shahzodalardan edi va podshoh avlodiga yaqin bo’lgan yirik amaldorlarga murojaat qilib, bunday dedi: “Mening o’g’lim, Ispaniya qiroli, faranglar orasidagi qirollar ichida birinchi bo’lib menga yuborgan ana shu elchilarga qarang! Ular dunyoning narigi chekkasida yashashadi. Ular haqiqatda ham buyuk xalq; men o’g’lim qirolga duo qilaman. U sizlarni sovg’asiz maktub bilan yuborganida ham bo’lar edi; chunki men uning sihat-salomatligi va ahvolini bilib ham behad xursand bo’lardim, bundan tashqari u menga sovg’a-salomlar ham yuboribdi”.

Qirolning Temurga yo’llagan va bolalarga berilgan xatini Temur nabiralaridan biri (Mironshohning o’g’li) olib, ular oldida baland ushlab turdi. Aqoid magistri Alfons Paes tarjimon orqali Temurga murojaat qildi va bu maktubni undan boshqa hech kim o’qiy olmasligini tushuntirdi. Temur bu maktubni eshitishni istagan zamono magistr uni o’qib berishini aytdi. Temur xatni nabirasi qo’lidan olib ochdida, hozir eshitishni xohlayotganini bildirdi. Magistr xatni o’qimoqchi bo’ldi, Temur xatni dam olish vaqtida alohida xonada eshitajagini aytdi.

Mirzalar elchilarni o’rinlaridan turg’izib, yetaklab olib borib supaga, podshoning o’ng tomoniga o’tqazishdi. Elchining qo’lidan yetaklab borgan mirzalar ularni Xitoy hokimi podsho Chaisxonning vakilidan pastroqqa o’tqazishdi, u o’lpon talab qilib kelgan edi, chunki Temur Xitoyga har yili shunday o’’lpon to’lar edi. Elchilar Xitoy podshosining elchisidan pastroqda o’tirganini ko’rib qolgan Temur ularni to’rga, xitoy elchisini esa pastroqqa o’tqazishni buyurdi. “Ularni o’tqazib bo’lgach, – deb ko’rsatadi Klavixo, – podshoning miros (mirza)laridan biri Xitoy elchisining yoniga kelib, unga podsho o’g’lidan – Ispaniya qirolidan kelgan elchilar undan yuqoriroqda o’tirishini, bosqinchining va ashaddiy dushmanning elchisi esa ulardan pastroqda o’tirishini buyurdi deb aytdi; agar xudo xohlasa, Xitoy podshosidan ana shunaqa elchilar kelmasligi uchun uni tez orada tor-mor qilishga shaylanayotganligini aytdi. Ana shundan buyon podsho tomonidan o’tkazilgan barcha tantanalar va ziyofatlarda ispaniyalik elchilarni ana shu tartibda o’tqazadigan bo’lishdi. Buni atayin qilayotganini tarjimon orqali elchilarga tushuntirishdi”.

Ziyofat tamom bo’lishi bilan Temurning oldiga ispan qiroli va Vavilon sultonidan yuborilgan sovg’alarni olib kelib qo’yishdi. So’ngra elchilarni hurmat-ehtirom bilan qo’llaridan ushlab o’rinlaridan turg’izishdan va ularga qarab yuradigan harbiy kishilar bilan olib chiqib ketishdi.

Klavixo 1404 yilning sentabr oyini Samarqand bog’larida o’tkazdi, oktabr oyida esa Temurning dargohiga kelishga taklif etildi va u yerda oktabr oyi mobaynida o’tkazilgan tantanalarda qatnashdi.

Elchilar Temur o’zlarining jo’nab ketishlari uchun javob berishi mumkin deb o’ylab, 1 noyabrda uning oldiga kelishdi. Temur uzr so’rab, elchilarni qabul qilmadi. Erasi kuni elchilar yana Temurning oldiga borishdi, ammo “podsho chodirdan chiqmadi, chunki u betob edi”. Elchilarning “Temur ularga ruxsat berish uchun chaqirib qolmasmikan” degan maqsadni ko’zlab bu yerga, Temur turgan joyga o’zboshimcha kelishlari ham natija bermadi.

Klavixo kundalik daftarida bunday yozadi: “Elchilar ana shunday hayot kechirayotgan bir vaqtda ularning ketidan podsho na odam yubordi, na ular o’zlariuning oldiga borishga jur’at etishdi. Ularning oldiga bir chig’atoy kelib, podsho miroslari ularga ertaga ertalab ketishga hozirlik ko’ra boshlarini yetkazib bildirib, podshoning ruxsat bermaganligi, o’z qiroliga javob maktubi olmaganligini aytib, ular bunday qila olmasliklarini tushuntirdi. Ammo u javob berib aytdiki, bu haqda ortiqcha hech narsa deb bo’lmaydi, chunki miroslar ana shunday qarorga kelishgan: ular ketishga yo’l hozirligini ko’rishlari va boshqa elchilar ham xuddi shunday qilishini aytdi. Elchilar shu ondayoq podsho saroyiga qarab yo’l oldi va miroslarning oldiga kelib, ularga tushuntira boshladi, chunki podsho elchilar bilan gaplashmoqchi ekanligini va ularning ketishlariga rozilik berajagini o’tgan payshanba aytganligini miroslar bilar edi. Endi esa bir kishi oldimizga kelib, ertaga ertalab ketishga hozirlik ko’rishimizni miroslar nomidan aytganida, biz juda hayratda qoldi. Miroslar: podshoni hozir ko’rish mumkin emas va elchilar ketishlari kerakl ularning ketishiga rozilik berilgan deyishdi”. Elchilar “podshodan qirolga, ularning podshohi nomiga biror javob xati bo’lmasdan turib” ketishlari mumkin emasligini isbot qila boshlashdi, ammo ularga jo’nab ketishlari kerakligi va ularni kuzatib boruvchi odam ham allaqachon tayinlanganligini aytishdi.

Klavixo keyinchalik: Temur kasal bo’lib, tildan qolganligi va o’lim to’shagida yotganligi uchun miroslar shunday qilishgan edi, “buni esa ularga bilgan kishilar aytgan edi”, – deb ta’kidlaydi. Klavixo va uning yo’ldoshlarining taxmin qilishicha, ular Temurning o’limi to’g’risida bilmasliklari va ular yurib o’tadigan joylarda bu voqea haqida gapirib qo’ymasliklari uchun ularning jo’nashini tezlashtirgan bo’lsa kerak.

Haqiqatda esa Temur o’sha vaqtda ko’pdan buyon o’ylab yurgan juda katta rejasini amalga oshirishga – Xitoy ustiga yurish boshlashga tayyorgarlik ko’rayotgan edi. Elchilar jo’nab ketgandan keyin olti kun o’tgach, 27 noyabr payshanba kuni u Samarqanddan qarama-qarshi tomonga qarab yurish boshladi.

Boshqa elchilar kabi 1404 yil 21 noyabr juma kuni Samarqanddan jo’nab ketgan ispan elchilari Ispaniyaga 1406 yilning 24 martida qaytib keldi va qirolning huzurida bo’ldi. Klavixoning kundaliklari birinchi marta 1582 yili Savelyeda “Ulug’Temurlangning hayoti va faoliyati” degan nom bilan nashr etildi. 1782 yilda bu nashr Madridda shu nom bilan yana bosib chiqarildi. Srezenskiy kitobiga 1582 yilgi nashr asos qilib olingan. 1928 yilda Londonda Klavixo kundaliklarining inglizcha tarjimasi bosilib chiqdi. Tarjimani 1881 yilda Sreznevskiy nashr etgan ispancha tekstga asosan G-le Strenjem tayyorlagan. F. Lopez Estrada 1943 yilda Klavixoning kundaligini XV asrda qo’lyozmasi asosida Madridda yangidan nashr etdi. Noshi Klavixo kundaligining “Elchilarning Temurlang huzuriga kelishi” degan juda eski tekstni filologik jihatdan puxta tadqiq qilib, unda elchilar to’g’risidagi batafsil tarixiy spravka bergan.