Shavkat Rahmon (1950-1996)

Shavkat Rahmon (asl ism-sharifi Rahmonov Shavkat) 1950 yilning 12 sentyabrida O‘sh viloyatining Qorasuv tumaniga qarashli Pomir mahallasida xizmatchi oilasida tug‘ilgan. 1966 yilda o‘rta maktabni tugatgach, qurilishlarda, viloyat bosmaxonasi va gazetasida ishlaydi. 1973 yilda Moskvadagi M. Gorkiy nomidagi Adabiyot institutini bitirgach, Toshkentga kelib, G‘afur G‘ulom nomli adabiyot va san’at nashriyotida muharrir va bo‘lim boshlig‘i (1975-82; 1985-90), O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida mas’ul xodim bo‘lib ishlaydi (1982-84).

Shoirning dastlabki she’rlari O‘sh viloyat gazetalarida chiqa boshlaydi. Birinchi she’riy to‘plami «Rangin lahzalar» (1978) nomi bilan bosiladi. Shundan keyin shoirning «Yurak qirralari» (1981), «Ochiq kunlar» (1983), «Gullayotgan tosh» (1984), «Uyg‘oq tog‘lar» (1986), «Hulvo» (1988) kabi bir qator she’riy to‘plamlari bosilib chiqadi. Shoirning o‘z qo‘li bilan tayyorlagan «Saylanma» to‘plami vafotidan so‘ng 1997 yili nashr etilgan.

Shavkat Rahmon so‘zning badiiy imkoniyatlarini kengaytirish, fikr va tuyg‘uning botiniy harakatini ifodalash usul va vositalarini topish maqsadida kutilmagan majoziy obrazlardan, qiyoslardan samarali foydalangan, barmoq vaznining an’anaviy o‘lchovlarini buzib, ritm va ohangga erkin munosabatda bo‘lgan, she’riyat bilan tasviriy san’at, she’riyat bilan falsafa o‘rtasidagi aloqani yanada mustahkamlagan. Uning asarlarida tarixga, kechmishga sayohat, hozirgi kunlarga tanqidiy baho yetakchilik qiladi. Shavkat Rahmon she’riyati 80-yillarda o‘zbek adabiyotida kuchli oqimni tashkil etgan lirik-falsafiy, isyonkorlik ruhidagi asarlar sirasiga kiradi.

Shavkat Rahmon o‘zbek she’riyatini 20-asr ispan shoirlarining badiiy tajribasi bilan boyitgan. F. G. Lorka («Saylanma», 1979), X. R. Ximenas, R. Alberti she’rlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

U uzoq davom etgan og‘ir xastalik tufayli 1996 yil 2 oktyabrda Toshkent shahrida vafot etgan.