Shpalerlar qay tariqa tayyorlanadi?

Shpalerlar deb (Olmoncha Spalier va italyancha spallieradan), syujetli va naqshli kompozisiyalari bo’lgan qo’lda to’qilgan devorbop tuksiz-taqir gilamlarga aytiladi. Suvrat jun, ipak, oltin va kumushdan tayyorlangan bo’yalmagan taglikni-pishnakni zich qoplab oladigan va shpalerga xos bo’lgan yo’l-yo’l yuzani shakllantiradigan rangli iplar-qatimlar vositasida yaratiladi. Har bir qatim faqat o’zining rangin xoli doirasidagina chatishtirib to’qiladi. Bunday texnikadan eng qadim zamonlarda ham foydalanishgan. Dastgoh turiga bog’liq ravishda shpalerning ikki xili farqlanadi: gotlis — taglik dastgohda tik-vertikal o’rnatilib to’qilgani va baslis — sathiy-gorizontal dastgohlarda to’qilgani. Karton — bo’lg’usi gilam o’lchamida ishlangan manzarali rasm shpaler tayyorlash uchun asos bo’lib xizmat qiladi. Shpaler ishlab chiqarish XII—XIII asrlarda G’arbiy Yevropada paydo bo’ladi. Maishiy va tantanavor xonalarning bezatilishida keng qo’llanilgan o’rta asrlar shpaleri monumental-dekorativ san’at namunasini o’zida mujassam etadi. Masalan, «Anjer qiyomati» — Parijdagi Nikola Batayl ustaxonasida bryuggelik Jakning kartonlari asosida tayyorlangan 105 syujetni qamragan 7 dona ulkan gilamlardan iborat edi. XV—XVI asr oxirlari — XVII asr boshlarida shpalerning boshqacha bir xili — sidirg’asiga naqsh yoxud gullar tasviri bilan to’qilgan matodan iborat bo’lgan «milflyor» vujudga keladi. Shpaler san’atining asosiy markazlari — Parij, Arras, turne, Bryussel bo’lib, Bryusselda XVI asr boshlarida Vatikan uchun Rafael kartinalari asosida «Havoriylar a’moli» turkumi, XVII asrda esa Rubens kartinalariga binoan shpalerlar to’qilgan. XVII asr o’rtalaridan e’tiboran Fransiyada yirik musavvirlar sarkorlik qilgan kattagina shpaler manufakturalari tashkil etilgan, biroq ularning mahsulotlari gobelenlar deb nom olgan edi. Rossiyada shpaler ishlab chiqarish Petr I zamonasida boshlanadi. 1717 yilda Peterburgda shpaler manufakturasiga asos solingan (1859 yilga qadar ishlab turgan), uning ilk asarlaridan bir — L. Karavak kartoni asosidagi «Poltava jangi» bo’lgan. Endilikda uni Davlat Ermitajida ko’rish mumkin. Klassisizm davri rus shpalerlarida dekorativ jihatdan yorqin ifodalangan, ulardan aksariyati imoratlar ichkarisida o’rnatish uchun mo’ljallangandi (Pavlovsk va Gatchina saroylari uchun 1805-1806 yillarda tayyorlagan «Diana» va «Saturn»).