TABRIZ

TABRIZ, Tavriz — Eronning shimoliy g’arbiy qismidagi shahar. Ajichay daryosi vodiysida, 1364 metr balandlikda joylashgan. Sharqiy Ozarbayjon ostonining ma’muriy markazi. Aholisi 1,2 million kishi (1997). Transport yo’llari tuguni. Mamlakatning muhim savdo va sanoat markazlaridan. Mashinasozlik, neftni qayta ishlash, oziq-ovqat, ko’npoyabzal sanoati korxonalari bor. To’qimachilik rivojlangan, ip va shoyi gazlamalar, gilam to’qiladi. Universitet bor. Shaharga 3-4-asrlarda Sosoniylar tomonidan asos solingan. 13-asr oxiri — 16-asr boshlarida Eron hududidagi turli davlatlarning poytaxti bo’lgan. 18-19-asr boshlarida Tabriz xonligining poytaxti. 19-20-asr boshlarida Qojar shoxlari valiahdlari qarorgohi. Me’moriy yodgorliklardan Alishoh jome masjidi (1310-20), ko’k masjid (1465) qoldiqlari saqlangan. O’rta asrlarda Tabriz badiiy hunarmandchilik va tasviriy san’atning yirik markazi bo’lgan.