TANLOV

TANLOV (mehnat huquqida) — xodimlarni muayyan lavozimlarga tanlab olishning maxsus tartibi. Bunda xodim ish beruvchi tomonidan tanlab olinmaydi, balki kollegial organ (masalan, oliy o’quv yurtining ilmiy kengashi, ilmiy tadqiqot instituti ilmiy kengashi, teatrtomosha muassasalari badiiy kengashi)ning qarori asosida tanlab olinadi. Ushbu Kengashlarning Tanlovda g’olib chiqqan shaxsni tegishli lavozimga saylash to’g’risidagi qarori ish beruvchi uchun majburiydir. Tanlov, asosan, vakant lavozimlarni: oliy o’quv yurtlarida kafedra mudiri, professor o’qituvchi; ilmiy tadqiqot muassasalarida — laboratoriya, bo’lim, sektor mudiri, katta va kichik ilmiy xodim lavozimlarini; teatr, ansambl, filarmoniya va boshqa kontsert tashkilotlarida — artist, rejissyor, dirijyor, baletmeyster, xormeyster va rassom lavozimlarini egallash uchun o’tkaziladi. Odatda, oliy o’quv yurtlarining assistent, o’qituvchi lavozimlariga Tanlov e’lon qilinmaydi, bu vakant lavozimlarga aspirantura va magistraturani tamomlagan shaxslar qabul qilinadi. 2 yillik muddat o’tgach, bu lavozimlar Tanlov orqali egallanadi (O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligining 1998 yil 30 oktabrdagi buyrug’i bilan tasdiqlangan «Oliy o’quv yurtlariga pedagogik xodimlarni ishga qabul qilish tartibi haqidagi Nizom»). Anvar Inoyatov.