TAYYOR MAHSULOT

TAYYOR MAHSULOT – korxonada ishlab chiqarishi tugatilgan, belgilangan standartlarga yoki texnik shartlarga to’g’ri keladigan mahsulot. Tayyor mahsulot texnik nazoratchi tomonidan qabul qilinib, belgilangan hujjatlar bilan rasmiylashtiriladi va omborga topshiriladi. Ayrim hollarda tayyor mahsulotlar omborga topshirilmasdan, mol oluvchilarga jo’natiladi. Tayyor mahsulotning har bir turiga kartochkalar ochiladi yoki daftarlarda bir necha betlar ajratiladi. Kartochka yoki daftarda mahsulot nomi, uning nomenklatura nomeri, razmeri, markasi, o’lchov birligi, har birining bahosi ko’rsatiladi. Tayyor mahsulotlarning buxgalteriya hisobi, odatda, saldo usulida yuritiladi. Tayyor mahsulotlar joriy hisobda reja tannarxida yoki korxonaning ulgurji bahosida baholanadi. Oy oxirida tayyor mahsulotlarning haqiqiy tannarxi aniqlanib, shu bahoda buxgalteriya balansida ko’rsatiladi. Ayrim tarmoqlarda mahsulotlarning haqiqiy tannarxi har oyda emas, yil oxirida aniqlanadi.