Tbilisi universiteti

Tbilisi universiteti, E Javaxishvili nomidagi Tbilisi universiteti — Gruziyadagi yirik oliy o’quv yurtlaridan biri. 1918 yil tarixchi olim, akademik I. A. Javaxishvili boshchiligidagi gruzin olimlari tashabbusi bilan tashkil etilgan. 1930-yillarda Tbilisi universiteti negizida qishloq xo’jaligi, politexnika, pedagogika, tibbiyot institutlari, shuningdek bir qancha ilmiy tadqiqot muassasalari tashkil topgan. 1990 yil mustaqil ilmiy-o’quv muassasasi sifatida qayta tashkil etilgan. Fizika, matematika, kimyo, biologiya, psixologiya, geologiya, falsafa, geografiya, tarix, Filologiya, iqtisodiyot, huquq va boshqa ixtisosliklar bo’yicha mutaxassislar tayyorlaydi. Kutubxonasida 3 millionga yaqin asar bor. 12 mingdan ortiq talaba ta’lim oladi.