TEXNOKRATIYA

TEXNOKRATIYA (yun. techne san‘at, hunar, mahorat va …kratiya) — 1) ijtimoiy tafakkurdagi oqim, unga ko’ra, jamiyat butunlay ilmiy-texnika tafakkuri prinsiplari bilan boshqarilishi mumkin; texniklar, muhandislar va olimlar (texnokratlar) ilmiy-texnika tafakkurining namoyandalari bo’lib, korxonalar va umuman jamiyatdagi barcha hokimiyat tadbirkorlar va siyosatchilardan ularga o’tishi kerak. Texnokratik konsepsiyalar hozirda ijtimoiy ishlab chiqarishda fan va mutaxassislar mavqeining oshib borayotganligini aks ettiradi. Texnokratiyaning barcha ko’rinishlariga xos bo’lgan belgi ijtimoiy jarayonlarni texnika va boshqa tor ixtisoslashgan mezonlar asosida boshqarishga e‘tiborni kuchaytirib, siyosatning qadriyatli – axloqiy o’lchovlariga kam ahamiyat berishdir; 2) monopoliyalashtirilgan ishlab chiqarish va davlat apparatining yuqori mulozimlari – mutaxassislar qatlamini bildiradi; 3) XX asrning 30-yillarida AQSHda vujudga kelgan ijtimoiy harakat. U milliy miqyosda ishlab chiqarishni ilmiy rejalashtirish natijasida sanoat to’ntarishi yordami bilan umumiy farovonlikka erishishni maqsad qilib qo’ygan (rahbarlari G. Loeb, G. Skot). Harakat XX asrning 40-yillar boshida barbod bo’lgan.