Tib ta’rifida

Tib shunday bir ilmki, u bilan odam gavdasining ahvoli sog’liq va kasallik jihatidan o’rganilib, uning mavjud sog’lig’i saqlanadi va yo’qotilgani qaytariladi. Biror kishi: tib nazariy va amaliy [qism]ga bo’linar edi, siz esa uni ilm deb hammasini nazariy qilib qo’ydingiz” deyishi mumkin. Biz u kishiga javob berib aytamiz: “san’atlarning va falsafaning nazariy va amaliysi bor bo’lgani kabi tibning ham nazariy va amaliysi bor bo’lgani kabi tibning ham nazariy va maliysi bor” deyiladi. Bu qismlarning har birida “nazariy” va “amaliy” degan so’zlardan boshqa-boshqa narsa tushuniladi, hozir bu yerda u so’zlardan tibdan boshqa sohalarda anglashiladigan farqlarni bayon qilishga muhtoj emasmiz.

Tib nazariy va amaliy bo’ladi, deyilganda bundan maqsa, shu mavzuda bahs qiluvchilarning ko’plari o’ylagani singari, tibning bir qismi – ilmni o’rganishdan, ikkinchi qismi – amaliy ish bilan shug’ullanishdan iborat, deb tushunmaslik kerak, balki sen bundan boshqa bir narsani tushunishing lozim. U narsa shuki, tibning ikkala qismi ham ilmdan boshqa narsa emas. Lekin ulardan biri tib qoidalarining ilmi bo’lib, ikkinchisi esa uni amalda qanday qollashni bildiradi. Bularning birinchisi ilkm yoki nazariya atalib, ikkinchisi amaliyot deb aytiladi.

Tib nazariyasi deganda biz tibning asosiy qoidalarini o’rganishni tushunamiz va bunga biron amalniy qanday bo’lishligi kirmaydi. Masalan, tibda isitmalar uch xil bo’ladi va mijozlar to’qqiz xil bo’ladi, deyiladi. Amaliy tibdan biz [faqat] ishlatiladigan amallarni va gavdani harakatga solishni tushunmaymiz, balki bir fikr va andishani ifoda qiladigan tib ilmining bir qismini tushunamiz. Bu fikr amalning qanday bo’lishini bayon qilishga taalluqli bo’ladi.

Biror kishining “odam gavdasining holi uch xil bo’ladi: sog’liq, kasallik, uchinchisi sog’liqqa ham, kasallikka ham qo’shilmaydigan bir holat; holbuki, sen ikki xilgina qilib qo’ya qoldin” deyishi to’g’ri emas, chunki shunday bahsni qiluvchi kishi yaxshi o’ylasa, ikki narsadan tashqari, uchinchi bir holatning bo’lmasligini va bizning uchinchi holat bayoniga muhtoj emasligimizni tushunadi. Agar uchinchi holat lozim bo’lsa, albatta, bizning “gavdaning nosog’ligi” degan so’zimiz kasallikni hamda sog’liq ta’rifiga sig’maydigan uchinchi bir holatni o’z ichiga olgan bo’ladi. Sog’liq shunday malaka yoki hodirki, u sababli a’zolarda sog’lom ishlar vujudga chiqadi. Sog’liq uchun bu ta’rifga muqobil kela oladigan biron o’zga ta’rif yo’q. Lekin bahs qiluvchilar sog’liqni o’zlaricha ta’rif qilib, o’zlariga ham kerak bo’lmaydigan shartlarni sog’liq ta’rifiga kiritib yuboradilar. Bu to’g’rida tabiblar bilan bahslashib o’tirishga o’rin yo’q. Tabiblar ham bu kabi narsalar haqida munozara qiladigan kishilardan emaslar. Tabiblar bilan yoki ularinng fikriga qo’shilmovchi kishilar bilan munozara qilish tibda biror foyda yetkazmaydi ham. Ammo bu masalada haqiqatni bilish boshqa fan, ya’ni mantiq fanining qoidalariga tegishlidir. Haqiqat mantiq fanidan talab qilinsin!