Tish uchun foydali 5 mahsulot

Odamning salomatligi va umumiy ahvolini tishlarining holatiga qarab aniqlash mumkin. Bu bejizga emas. Turmush tarzimiz, parhez – bularning hammasi tish emalida o‘z aksini topadi. Tishlar uchun, ayniqsa, kashandalik, ichkilikbozlik, yog‘li va qovurilgan taomlar, qahvaga ruju qo‘yish zararlidir. Quyida tishlarni yaxshi holatda saqlashga yordam beradigan mahsulotlar bilan tanishasiz.

Qulupnay. Qulupnay mevasi tarkibida olma kislotasi va ko‘pgina mikroelementlar bo‘lib, ular tishlarni oqartirish xususiyatiga ega. Qadimgi zamonlardan buyon bu reza meva tishlarni turli kasalliklardan himoya qiluvchi ajoyib vosita hisoblangan. Shu maqsadda qulupnaydan Sharq va G‘arb tabobati keng qo‘llanadi.

Sut mahsulotlari. Tish emalining yaxshi holatda saqlashning asosiy omillaridan biri sut mahsulotlarini muntazam iste’mol qilish hisoblanadi. Hammaga ma’lumki, sut tarkibida kalsiy bo‘lib, u suyak va tishlarning asosiy qurilish materiali sanaladi. Shuningdek, bu mahsulotda gidroksiapatit, kozein, mineral va oqsil mavjud bo‘lib, ular tishlarimizni har xil xastalik va buzilishlardan asraydi.

Shakarsiz saqich. Buni qarangki, tishlarning sog‘lom bo‘lishida shakarsiz oddiy saqichning ham o‘rni katta ekan. Negaki, u so‘lak ajralishini rag‘batlantirib, tish emalini tabiiy ravishda tozalaydi. Saqichlarning ko‘pgina turlarida ksilit bor. Mazkur qorishma og‘iz bo‘shlig‘idagi zararli bakteriyalarga qiron keltiradi.

Suv. Tishlarning salomatligida suv eng muhim elementlardan biri sanaladi. Biroq bunda suvning toza va shaffof bo‘lishi talab etiladi. Qahva, choy va boshqa bo‘yoq qo‘shilgan ichimliklar bundan mustasno. Tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, organizm suvsizlanganda tishlarning kariyesga duchor bo‘lish ehtimoli ikki baravar oshar ekan.

Bargli sabzavotlar. Chaynaganda tishlarda sabzavotlarning mikroskopik zarralari qoladi. Ular bakteriyalarni nobud qiladi. Shuningdek, sabzavotlar organizmga kalsiyning singishiga yordam beradi. Bundan chiqdi, suyak va tishlarning salomatligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.